O‘zbekiston Osiyo kubogida "B" guruhidan joy oldi

2027 yil Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tadigan Osiyo kubogi uchun qur’a tashlash marosimi Ar-Riyod shahrida o‘tkazildi. Qit’aning eng nufuzli futbol musobaqasi oldidan barcha terma jamoalar o‘z raqiblarini bilib oldi.
Qur’a natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston milliy terma jamoasi B guruhidan joy oldi. “Oq bo‘rilar” guruh bosqichida Bahrayn, Shimoliy Koreya va Iordaniya terma jamoalariga qarshi maydonga tushadi.
Bu guruh bir qarashda muvozanatli ko‘rinsa-da, unda oson raqib yo‘q. Bahrayn har doim jismonan tayyor va tartibli o‘yini bilan ajralib turadi. Shimoliy Koreya terma jamoasi kutilmagan uslubi va qattiq intizomi bilan xavfli raqib hisoblanadi. Iordaniya esa so‘nggi yillarda Osiyo futbolida ancha o‘sgan, xarakterli va tezkor jamoalardan biriga aylangan.
O‘zbekiston uchun bu qur’a jiddiy sinov, shu bilan birga yaxshi imkoniyat hamdir. Terma jamoamiz 1-savatchadan joy olgani bejiz emas. So‘nggi yillarda milliy jamoa tarkibi kuchayib, xalqaro maydonda barqaror natijalar ko‘rsatmoqda. Endi bu mavqeni Osiyo kubogida maydonda isbotlash kerak bo‘ladi.
Turnir 2027 yilning 7 yanvaridan 5 fevraliga qadar bo‘lib o‘tadi. Musobaqada jami 24 ta terma jamoa ishtirok etadi. Ular 6 ta guruhga bo‘lingan holda qit’a chempionligi uchun kurash olib boradi.
O‘zbekiston terma jamoasi uchun asosiy vazifa — guruh bosqichidan ishonchli o‘tish va keyingi bosqichlarda yanada dadil harakat qilish. Muxlislar bu safar jamoadan faqat ishtirok emas, balki katta natija kutayotgani sir emas. Terma jamoada tajriba ham bor, yoshlik shijoati ham bor, endi faqat hammasini bir tizimga solish kerak.
Osiyo kubogi 2027 guruhlari:
A guruhi
Saudiya Arabistoni
Quvayt
Ummon
Falastin
B guruhi
O‘zbekiston
Bahrayn
Shimoliy Koreya
Iordaniya
C guruhi
Eron
Suriya
Qirg‘iziston Respublikasi
Xitoy
D guruhi
Avstraliya
Tojikiston
Iroq
Singapur
E guruhi
Janubiy Koreya
BAA
Vetnam
Livan/Yaman
F guruhi
Yaponiya
Qatar
Tailand
Indoneziya
Qur’a tashlandi, raqiblar ma’lum bo‘ldi. Endi navbat tayyorgarlikka, to‘g‘ri rejaga va maydondagi xarakterga keldi. O‘zbekiston uchun bu turnir katta imkoniyat: “oq bo‘rilar” Osiyo maydonida o‘z so‘zini aytishga tayyor bo‘lishi kerak.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!