15:23 / 16.10.2022
1 998

Rossiya hukumati Ukraina bilan muzokaralar haqida tez-tez gapira boshladi, bundan asl maqsad nima?

Rossiya hukumati Ukraina bilan muzokaralar haqida tez-tez gapira boshladi, bundan asl maqsad nima?
Rossiyaliklar Ukrainada qoldirgan texnika. Dimitar Dilkoff / AFP / Scanpix
So‘nggi haftalarda Rossiya hukumati Ukraina yoki G‘arb davlatlari bilan boshlanishi mumkin bo‘lgan muzokaralar haqida tez-tez gapirmoqda. Masalan, 14 oktabr kuni Rossiya tashqi razvedka xizmati rahbari Sergey Narishkin muzokaralar o‘tkazilishi mumkinligini, biroq bu faqat «muayyan shartlar asosida» bo‘lishini aytdi. 6 oktabr kuni esa Federatsiya Kengashi raisi Valentina Matviyenko Ukraina hukumatiga Rossiya «taklif qilgan shartlar» asosida «tinchlik shartnomasi» bo‘yicha muzokaralarni «hoziroq» boshlashni taklif qilgandi.

Vladimir Putin ham sentyabr oyi o‘rtalarida muzokaralar haqida to‘xtalgandi: «Biz buni (urushni) imkon qadar tezroq to‘xtatish uchun barcha choralarni ko‘ramiz. Afsuski, faqat qarama-qarshi tomon — Ukraina rahbariyati muzokaralar jarayonidan voz kechishini va o‘z maqsadlariga jang maydonida harbiy yo‘l bilan erishmoqchi ekanini e’lon qildi».

Xo‘sh, Rossiya oliy martabali vakillari tinchlik kelishuvlari haqida tez-tez gapirishidan asl maqsad nima?

Ukraina tomoni so‘nggi paytlarda Putin bilan muzokaralar o‘tkazish imkoniyatini bir necha bor rad etdi. Oktabr oyi boshida prezident Volodimir Zelenskiy «Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan muzokara o‘tkazish mumkin emasligi» haqidagi farmonni imzoladi. Bu hujjat Ukraina hududlarini qo‘shib olish bo‘yicha Rossiya tomonidan o‘tkazilgan «referendumlar»ga javoban qabul qilindi.

Putin haqiqatan ham 2022 yil bahorida to‘xtab qolgan tinchlik kelishuvlarini qayta boshlash haqida o‘ylamoqda. Shu bilan birga, u Rossiya Donbassdagi hududlar ustidan nazoratni saqlab qolishini xohlaydi va «Qrimni muhokama qilishni umuman istamaydi».

«Meduza» nashrining Kremlga yaqin ikki manbasi va Rossiya hukumatiga yaqin boshqa bir manbasiga ko‘ra, bu pozitsiya hali ham o‘zgarmagan. Biroq nashr suhbatdoshlarining ma’lum qilishicha, Rossiya hukumati yangi «taktik variant»ni ishlab chiqqan. Bu to‘laqonli tinchlik shartnomasi tuzishni emas, balki vaqtinchalik o‘t ochishni to‘xtatish rejimini joriy etishni nazarda tutadi. Kremlning fikricha, Rossiya va Ukraina harbiylari bu borada ikki davlatning birinchi rahbarlarini jalb etmasdan turib ham kelishib olishi mumkin.

Nashrning Kremldagi suhbatdoshi, katta ehtimol bilan Rossiya hukumati ushbu kelishuvga erishish uchun Xerson oblastidagi bosib olingan hududlarning bir qismini tark etishga ham tayyor ekanini aytgan.

Xerson oblastidagi front chizig‘ida nimalar yuz bermoqda?

Xerson oblastining rossiyaparast ma’muriyati rahbari o‘rinbosari Kirill Stremousov aholiga «harbiylarning manyovr qobiliyatiga xalaqit bermaslik uchun jangovar harakatlardan uzoq bo‘lgan Rossiyaning boshqa xavfsiz hududlariga borishi kerakligi»ni aytdi. Rossiya bosh vaziri qurilish ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Marat Xusnullin esa Xerson oblastining Rossiya nazorati ostidagi hududi aholisiga hukumat ularga ko‘chish va yangi bepul uy-joy bilan ta’minlashda yordam berishini e’lon qildi.

«Endi Xersonni saqlab qolish juda qiyin va qo‘shinlarning mintaqadan olib chiqilishi Ukraina bilan xayrixohlik ishorasi hamda Ukraina tomon qadam tashlash sifatida amalga oshirilishi mumkin», degan «Meduza» nashrining Kremldagi suhbatdoshi.

Hozirda Kreml G‘arb yetakchilari va Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anni Ukrainani Rossiya bilan muzokara stoliga qaytishga «ko‘ndirish»ga undamoqda. «Meduza» suhbatdoshlarining ta’kidlashicha, boshqa mamlakatlar rahbarlari bilan muloqotlarda Rossiya vakillari o‘z harakatlariga oddiy sababni keltiryapti: «fuqarolarning qurbon bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik».

Qizig‘i esa bu sabab va jarayon Ukraina qo‘shinlarining muvaffaqiyatli qarshi hujumi va Qrim ko‘prigi portlatib yuborilganidan so‘ng Ukraina shaharlariga keng miqyosda uyushtirilgan yirik raketa hujumlari fonida ro‘y bermoqda.

Shu bilan birga, Kremldagi manbalar Vladimir Putin urushni davom ettirishdan voz kechmoqchi emasligi va ehtimoliy o‘t ochishni to‘xtatish rejimidan yangi hujumga tayyorgarlik ko‘rish uchun foydalanmoqchi ekanini qayd etgan. Putinning fikricha, bu vaqt ichida rus armiyasi safarbar qilinganlarni jangga tayyorlay oladi va jangovar texnikalardagi yo‘qotishlar o‘rnini qandaydir yo‘l bilan to‘ldiradi.

Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov «Meduza» nashri savollariga javob bermagan.

Kreml rejasiga ko‘ra, «yangi keng ko‘lamli hujum» taxminan 2023 yilning fevral-mart oylarida boshlanishi mumkin.

Oldinroq Ukraina armiyasi xuddi shunday taktikadan foydalangandi: avvaliga safarbar qilinganlarni bir necha oy davomida tayyorladi, keyin esa ularning yordami bilan Xarkiv va Xerson oblastlarida muvaffaqiyatli qarshi hujumni amalga oshirdi.

«Meduza» nashri xabar berishicha, rasmiy Kiyevning Moskva bilan har qanday muzokaralar bo‘yicha pozitsiyasi o‘zgarishsiz qolmoqda.

«Biz Rossiya bilan muzokaralarga tayyormiz, lekin Putin bilan emas, balki uning o‘rnini egallagan shaxs bilan», — degan Zelenskiy ofisidagi manba. U, shuningdek, ruslarga bunday muzokaralarni o‘tkazish imkoniyatini reallashtirish uchun o‘z kuchlarini ishga solishni taklif qilgan: «O‘zingizning noadekvat prezidentingiz — Putinni taxtdan tushiring».

Manbaning qo‘shimcha qilishicha, Ukraina anchadan beri Rossiyaning har qanday bayonotiga va «yaxshi niyatdagi harakatlari»ga ishonmaydi.

«Putin hali ham yolg‘on gapiryapti. U muzokaralarga tayyor ekanini aytdi va bu bilan bir vaqtda tinch aholiga raketa hujumlarini uyushtirdi. O‘ylashimcha, bosib olingan hududlarimiz qaytarilgunga qadar hech qanday o‘t ochishni to‘xtatish rejimi bo‘lmaydi», — degan Zelenskiy ofisi vakili.

Zelenskiyning ofisi rahbari maslahatchisi Mixaylo Podolyak bu pozitsiyaga qo‘shildi:

«Rossiya ssenariysidagi o‘t ochishni to‘xtatish rejimi Ukrainaga nima beradi? Yangi bo‘linish chizig‘ini amalda mustahkamlash va ruslarning vaqtinchalik bosib olingan yerlarimizga shoshilinch joylashib olishinimi? Rostdan bizni bunga rozi bo‘ladi deb o‘ylashdimi? Ayniqsa, qarshi hujum fonida...

Bu safarbar qilinganlarni tayyorlash va jang maydoniga yangi qurbonlarni yuborib katta yo‘qotishga uchragan rus bo‘linmalarni hech bo‘lmaganda biroz mustahkamlash uchun yaqqol operativ pauzami? Bu bizga nimaga kerak?
»

U «bu ssenariy Ukraina manfaatlariga mutlaqo to‘g‘ri kelmasligi, shuning uchun bunday takliflar umuman ko‘rib chiqilmasligi»ni qo‘shimcha qilgan.

«Ukraina Rossiyaning harbiy mag‘lubiyatidan «juda manfaatdor». Chunki faqat shu yo‘lgina urushni haqiqatan ham tugatadi, harbiy jinoyatchilarni qonuniy yo‘l bilan qattiq jazolash imkoniyatini yaratadi va Rossiyadagi siyosiy tuzum o‘zgarishiga bevosita hissa qo‘shadi», — deydi Podolyak.

Rossiya hukumati1, Ukraina1, Muzokara1, Tinchlik shartnomasi1

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Rossiya hukumati Ukraina bilan muzokaralar haqida tez-tez gapira boshladi, bundan asl maqsad nima?