O‘zbekistonda ta’lim sohasidagi islohotlar va yoshlarga berilayotgan imkoniyatlar samarasi o‘z natijasini ko‘rsatmoqda. Prezident so‘zlariga ko‘ra, har yili minglab maktab o‘quvchilari va yoshlar xorijiy tillar hamda turli fanlar bo‘yicha xalqaro sertifikatlarga ega bo‘lmoqda.
Masalan, 2016 yilgacha butun mamlakat miqyosida jami 2 ming nafargina maktab o‘quvchisi sertifikat olgan bo‘lsa, o‘tgan yilning o‘zida faqat xorijiy tillardan 150 ming nafar yoshlar xalqaro sertifikatga ega bo‘ldi. Bu ko‘rsatkich nafaqat mamlakatdagi ta’lim tizimining o‘sishi, balki yosh avlodning mehnatsevarligi va izlanishlari samarasi ekanini ko‘rsatadi.
Prezident ta’kidlaganidek, endi xalqaro sertifikatlar maktabdagi yakuniy imtihonlarda ham hisobga olinadi. Bu esa yoshlar uchun qo‘shimcha imkoniyat yaratadi, ularning mehnati va intilishlariga munosib bahoni ta’minlaydi.
Yig‘ilishda ta’lim sohasida alohida yutuqlarga erishgan yoshlar ham misol sifatida tilga olindi. Xususan, Kogonlik iqtidorli qizaloq Billura Ikramova top-200 talik oliygohlar qatoridagi Buyuk Britaniyaning Reding universitetini muvaffaqiyatli tugatganiga qaramasdan, yirik kompaniyalardan kelgan takliflarni rad etgan holda, o‘zining Vatanini tanladi. U hozir Romitan tumanidagi chekka qishloq maktablaridan birida ingliz tilidan dars bermoqda.
Shuningdek, Oxford universiteti doktoranti Nodira Nabiyeva eshitish qobiliyati cheklangan o‘quvchilar uchun ingliz tilini o‘rgatishning innovatsion metodikasini ishlab chiqqan. Hatto Germaniya va AQSHdagi nufuzli oliygohlar professor-o‘qituvchilari ham mazkur metodikadan foydalanmoqda. Prezident buni milliy ta’lim tizimi uchun katta yutuq sifatida baholadi.
“Eng katta niyatim — ta’lim va yana ta’lim. Chunki kelajagimiz bilimli, fidoyi, mehnatsevar yoshlarga bog‘liq. Shu bois iste’dodli va sadoqatli o‘qituvchilar safini kengaytirish, ular uchun barcha sharoitlarni yaratib berishga tayyorman”, — dedi davlat rahbari.
Bir yilda 150 ming yosh xalqaro sertifikat oldi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar