date

Bolalar bog‘chalarida minglab tonna yaroqsiz ovqat fosh etildi

Bolalar bog‘chalarida minglab tonna yaroqsiz ovqat fosh etildi

Oʻzbekiston boʻylab bolalar bogʻchalarida oʻtkazilgan keng ko‘lamli tekshiruvlar juda tashvishli manzarani ochib berdi. Sog‘liqni saqlash va huquq-tartibot idoralari hamkorligida amalga oshirilgan reydlar chog‘ida bolalarga berilayotgan ovqat sifati, sanitariya qoidalariga amal qilinishi va umumiy shart-sharoitlar sinchkovlik bilan oʻrganildi.

SES matbuot xizmati xabariga koʻra, yil boshidan beri 3554 ta bolalar bog‘chasida tekshiruvlar oʻtkazilgan. Mazkur jarayonda taomlarning tuzilishi, mahsulotlarning tarkibi hamda sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya etilishi oʻrganildi. Natijada qariyb 9 ming 500 kilogrammdan ziyod buzilgan yoki isteʼmolga yaroqsiz mahsulot mutaxassislar tomonidan chiqitga ajratildi.

Shuningdek, 8122 ta tayyor ovqatdan olingan namunadan 323 tasi mikrobiologik talablarga mos kelmasligi aniqlandi. Bu esa bolalar sog‘ligi uchun katta xavf tug‘diradi. Tekshiruv davomida 4461 ta ichimlik suvi namunalaridan 237 tasida ham talab darajasi pastligi qayd etildi.

Ekspertlar qator yo‘nalishlarda jiddiy kamchiliklarni qayd etishdi:

  • 4986 ta oziq-ovqat namunalaridan 878 tasining oziqaviy qiymati meʼyordan past boʻlgan;

  • 12301 ta sabzavot tekshirilganda, 257 tasida nitrat izlari aniqlangan;

  • 2321 ta tuz namunalaridan qariyb 718 tasida yod miqdori yetarli boʻlmagan;

  • 83 mingdan ziyod mahsulot kimyoviy tahlildan oʻtkazilganda, 4110 tasi standartlarga javob bermagan.

Bundan tashqari, bakteriologik tahlillar ham xavotirli holatlarni koʻrsatdi: 88 mingdan ziyod namunadan 9 mingdan ortigʻi sanitariya talablariga mos kelmagan. Shu bilan birga, guruh xonalaridagi harorat ham doimiy nazoratga olindi. 23 mingdan ortiq holatdan 1658 tasida havo harorati meʼyordan past boʻlgan. Yorug‘lik darajasini oʻlchashda esa 43 mingdan ortiq nuqtadan 2559 tasida yetarli yoritish taʼminlanmagani maʼlum boʻldi.

Mutaxassislar taʼkidlashicha, bunday holatlar bolalar salomatligi uchun jiddiy xavf soladi. Shu bois davlat idoralari qatʼiy chora koʻrishga majbur boʻldi. Natijada 3705 holat boʻyicha masʼul shaxslarga jarima qoʻllandi. Shuningdek, 110 ta bog‘cha vaqtincha faoliyatini toʻxtatdi, tibbiy ko‘rikdan oʻtmagan 446 nafar xodim esa ishidan chetlatildi.

Bu koʻrsatkichlar, avvalo, masʼullar masʼuliyati va nazoratning kuchaytirilishi zarurligini yana bir bor isbotlaydi. Bolalar uchun moʻljallangan muassasalarda sanitariya va gigiyena talablariga qatʼiy amal qilish nafaqat qonun talabi, balki jamiyatning kelajagi — sog‘lom avlod uchun muhim shartdir.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Bolalar bog‘chalarida minglab tonna yaroqsiz ovqat fosh etildi