Rossiya osmonida noyob astronomik hodisa – "qonli oy" tutilishi kuzatiladi. Uning eng yuqori nuqtasi Moskva vaqti bilan 21:12 da sodir bo‘ladi va aynan shu paytda Oy butunlay qorong‘ulikka burkanadi. Mutaxassislarning aytishicha, keyingi shunday to‘liq tutilishni yana etti yildan keyin ko‘rish mumkin bo‘ladi.
Moskva Planetariysi ma’lumotiga ko‘ra, ushbu hodisa "qonli oy" deb atalishining sababi shundaki, Oy Yer soyasidan o‘tib, asta-sekin yorqinligini yo‘qotadi va qizg‘ish tus oladi.
Bu manzarani nafaqat Rossiya aholisi, balki Avstraliya, Hindiston va Markaziy Osiyo mamlakatlarida ham kuzatish mumkin bo‘ladi. Umumiy bosqichning ayrim qismi esa Yevropa, Sharqiy Osiyo, Afrika va Yangi Zelandiyada ko‘rinadi. Shu bilan birga, Janubiy va Shimoliy Amerika aholisi bu tutilishni tomosha qila olmaydi.
Astronomlarning tushuntirishicha, Oy to‘liq tutilgan paytda Yer Quyosh bilan Oy o‘rtasida joylashadi. Shu jarayonda Yer atmosferasi xuddi ulkan linza vazifasini bajaradi: u orqali o‘tgan yorug‘lik qisqa to‘lqinlarni – ko‘k va yashil ranglarni yutib yuboradi, asosan qizil nurlar esa Oyni o‘ziga xos qonga o‘xshash rang bilan yoritadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!