date

Abituriyentlar uchun bakalavriatga kirish qoidalari qayta belgilandi

Abituriyentlar uchun bakalavriatga kirish qoidalari qayta belgilandi

Hukumat qarori bilan “Oliy ta’lim tashkilotlarining bakalavriatiga o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risida”gi nizom rasman tasdiqlandi. Yangi hujjat abituriyentlar uchun qabul jarayoni qanday kechishi va imtihonlar qanday shaklda o‘tkazilishi aniq belgilab berdi.

Nizomga muvofiq, oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul quyidagi asoslarda amalga oshiriladi. Birinchi navbatda, Prezident hujjatlari bilan belgilangan bakalavriat yo‘nalishlari bo‘yicha davlat granti hamda ta’lim granti asosida. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi ta’lim tashkilotlariga qabul bo‘yicha davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadigan umumiy qabul parametrlari asosida.

Kirish imtihonlari ikki asosiy bo‘limdan iborat bo‘ladi. Birinchi bo‘limda barcha yo‘nalishlar uchun majburiy fanlardan test sinovlari o‘tkaziladi. Ular — ona tili, matematika va O‘zbekiston tarixidir. Ikkinchi bo‘limda esa abituriyent tanlagan yo‘nalishga bog‘liq fanlardan testlar yoki o‘sha sohalarga xos kasbiy, shu jumladan ijodiy imtihonlar tashkil etiladi. Bu orqali talabgorning bilim darajasi va tanlagan yo‘nalishga qay darajada tayyorligi baholanadi.

Qabul jarayoni ikki bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqich 5-iyundan 25-iyungacha davom etadi. Shu vaqt mobaynida abituriyentlar qaysi fanlardan test topshiradi, ta’lim tili va test o‘tkaziladigan hududni belgilaydi. Ikkinchi bosqich esa test yakunlanganidan keyin 15 kun davom etadi. Bu jarayonda ular oliy ta’lim muassasasini, bakalavriat yo‘nalishini, ta’lim shaklini va tanlov ustuvorligini tanlaydi.

Imtihon natijalari ham bosqichma-bosqich e’lon qilinadi. Abituriyent to‘plagan ballar test sinovi o‘tkazilgan kunning ertasiga ma’lum qilinadi. Uning talabalikka tavsiya etilgani yoki yo‘qligi esa ikkinchi bosqich yakunlangach, bir hafta ichida Bilim va malakalarni baholash agentligining rasmiy veb-sayti orqali jamoatchilikka e’lon qilinadi.

Yangi qabul nizomi abituriyentlar uchun aniq va shaffof qoidalarni belgilab, har bir yoshning o‘z qobiliyati va tayyorgarligiga qarab imkoniyat olishini ta’minlashga qaratilgan. Bu esa oliy ta’lim tizimidagi islohotlarning navbatdagi qadami sifatida baholanmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Abituriyentlar uchun bakalavriatga kirish qoidalari qayta belgilandi