
Foto: Reuters
AQSH prezidenti Jo Baydenning «u nimani o‘ylayotganini bilish uchun Vladimir Putin bilan muzokaralar stoliga o‘tirish»ga tayyorligi haqidagi so‘zlari yoki Germaniya kansleri Olaf Shols sentyabr oyidan buyon ilk bor rossiyaliklar rahbari bilan bir soat davom etgan telefon muloqoti o‘tkazishi nimani anglatadi?
Albatta, bular oliy darajadagi tinchlik muzokaralari boshlanishiga yaqin qoldi degani emas.
«Agar Putin urushga nuqta qo‘yish usulini topishga haqiqatan ham qiziqayotgan bo‘lsa, u bilan gaplashishga tayyorman. Hozircha men buni ko‘rmayapman», — dedi Bayden Fransiya prezidenti Emmanuel Makron bilan uchrashuvdan keyingi matbuot anjumanida.
AQSH prezidenti o‘zi aytganidek bunday muloqot faqat Rossiya rahbari Ukrainadagi urushni to‘xtatish istagini bildirgandagina o‘tkazilishi mumkin. Bu esa hozircha ro‘y beradiganga o‘xshamayapti.
Kremlning Vashington Rossiyaning Ukrainaning sentyabr oyi oxirida anneksiya qilingan hududlari ustidan suverenitetini tan olmasligi va G‘arb Ukrainani qurollantirishda davom etib, Kiyevning murosasizligi uchun javobgarligi haqidagi shikoyatlari esa dunyo bu borada jiddiy o‘zgarish yoqasida turmaganini ko‘rsatadi.
«U (Bayden) birinchi navbatda Rossiya Ukrainani tark etishi kerakligini aytdi. Uning fikricha, bu Putinning muzokaralarga tayyorligini namoyish qiladi. Ammo bu masala mohiyatini o‘zgartiradi. AQSH Rossiya Federatsiyasi tarkibidagi yangi hududlarni haligacha tan olmaydi. Bu esa albatta, o‘zaro munozara uchun asoslar izlashni sezilarli darajada murakkablashtiradi», — dedi RF prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov.
Ammo urush cho‘zilib, Ukrainada esa qahraton qish boshlanar ekan, yangi o‘limlar, vayrongarchiliklar va azob-uqubatlar tahdidi ortib, tinchlik muzokaralari qachon boshlanishi masalasi tez-tez ko‘tarila boshlaydi.
O‘tgan oyda AQSH armiyasi shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasi raisi, general Mark Millining muzokaralar o‘tkazish imkoniyatidan foydalanish zarurligi haqidagi so‘zlari esa AQSH ma’muriyatida bu borada turlicha qarashlar yuzaga kelgani haqidagi spekulyatsiyalarni urchitdi.
Shundan keyin rasmiy shaxslar va G‘arb yetakchilari asosan Ukraina muzokaralarni qachon va qanday o‘tkazishni o‘zi belgilashi kerakligi haqida gapira boshlashdi.
Makron ham ittifoqchilar ukrainaliklarni Rossiya bilan o‘zlari uchun nomaqbul bo‘lgan murosaga borishga undamasligi kerakligini ta’kidladi.
«Biz ukrainlar fikrini hurmat qilishimiz va ular o‘z hududi bo‘yicha qaysi paytda va qanday sharoitlarda muzokaralar o‘tkazishni o‘zlari hal qilishi kerak», dedi Fransiya prezidenti Oq uyda Jo Baydenning yonida turib.

Foto: EPA
O‘zaro suhbatlarda g‘arblik amaldorlar muzokaralar vaqti kelmaganini ta’kidlashmoqda. Ular Moskva tomonidan mazmunli muloqot o‘tkazishga jiddiy intilish alomatlarini ko‘rishmayapti.
Ukraina harbiy jihatdan ildamlayotgani, rossiyalik harbiylar esa ko‘p sonli muammolar bilan to‘qnashayotgani bois, G‘arbda keyingi oylarda Rossiya hozirgidan ham zaifroq pozitsiyaga o‘tishi haqida qarashlar bor.
«Vaqti keladi, ammo hozir payti emasdek», deya buni ifodalagandi yaqinda G‘arbdagi yuqori martabali diplomatlardan biri.
Ayni vaqtda, uning aytishicha, G‘arbning vazifasi - Ukrainani «har qachongidan yaxshiroq pozitsiyaga chiqarish» uchun harbiy qo‘llab-quvvatlovni davom ettirish hisoblanadi.
Rasmiy shaxslar bunday palla qachon kelishini aytishdan qochishadi.

So‘nggi oylardagi muvaffaqiyatsizliklarini xaspo‘shlash uchun rossiyalik harbiylar asosiy e’tiborni Baxmutni egallashga qaratgan.
Foto: Getty Images
Ammo agar Ukraina yaqin oylarda hududlarini jang qilib qaytarishda davom etsa, munozaralar yanada qizg‘inlashadi: Ukrainaning G‘arbdagi ittifoqchilari Kiyevning harbiy maqsadlarini qo‘llab-quvvatlash uchun qanchalik uzoqqa borishga tayyor?
To‘g‘ridan to‘g‘ri aytganda, 24 fevralgacha, Rossiya o‘zining keng ko‘lamli bosqinini boshlagunga qadar mavjud bo‘lgan front chizig‘iga qaytishi - bir masala.
Ukrainani Rossiya 2014 yilda bosib olgan hududlarni (Qrim va Donbassning katta qismi) ham qaytarishga rag‘batlantirish - butunlay boshqa masala.
Norasmiy kanallar orqali muzokaralar davom ettirilmoqda, ularda Pentagon va Rossiya mudofaa vazirligi vakillari, shuningdek, Markaziy razvedka boshqarmasi rahbari Uilyam Byorns hamda uning rossiyalik hamkasbi Sergey Narishkin ishtirok etmoqda.
Ammo, tinchlik muzokaralari qachon va qanday boshlanishi kerakligi haqida gaplar ko‘payganiga qaramay, aftidan, Ukrainadagi urushga diplomatik yechim topilishiga hali ko‘p vaqt bor.
Manba: Kun.uz “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar