19:06 / 15.12.2022
2 005

Rossiya Ukrainani 10 kunda bosib olishni rejalashtirgandi. Bu nega amalga oshmagan?

Rossiya Ukrainani 10 kunda bosib olishni rejalashtirgandi. Bu nega amalga oshmagan?
Foto: Maksim Levin / Reuters / Scanpix / LETA
Britaniyaning RUSI instituti Ukraina qurolli kuchlari bilan birgalikda urushning ilk oylari haqida hisobot chiqardi. Ma’lum bo‘lishicha, Rossiya Kiyev atrofida Ukrainanikidan 12 barobar katta qo‘shin to‘plagandi, ammo o‘z rejalari haddan tashqari maxfiyligi tufayli yutqazgan.

Britaniyaning Birlashgan kuchlar qirollik instituti (RUSI) Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi keng ko‘lamli urushning 2022 yil fevral-iyul oylariga to‘g‘ri keladigan dastlabki bosqichlari, ya’ni Ukraina qurolli kuchlari hali frontda yurish amaliyotlarini boshlamagan davrga oid tahlillarga bag‘ishlangan hisobotni e’lon qildi.

Hisobot mualliflari RUSI tadqiqotchilari Jek Uotling, Nik Reynolds va Aleksandr Danilyuk (o‘tmishda Ukraina mudofaa vazirligi rahbariyati va Tashqi razvedka xizmati maslahatchisi bo‘lgan), shuningdek Ukraina desant-shturm qo‘shinlari sobiq qo‘mondoni Mixaylo Zabrodskiy hisoblanadi.

Hisobot urush boshlangach bir necha oy mobaynida Ukrainada ishlab, mahalliy harbiylar bilan muloqotda bo‘lgan Uotling va Reynoldsning ma’lumotlariga asoslangan. Ammo ular uchun asosiy manbalar Ukraina qurolli kuchlari Bosh shtabi ma’lumotlari bo‘lib, ularning katta qismi hozirgacha jamoatchilik uchun yopiq edi. Barcha manbalar mojaroning bir tomonini ifodalagani tufayli, hisobot mualliflari o‘z ishlarini «metodologik jihatdan mukammal emas» deb atashgan.

Tadqiqotchilarning tushuntirishicha, ular metodologiyadagi nuqsonlarga qaramay, hisobotni chop etishga qaror qilishgan, chunki ularning fikricha, Ukrainaning hamkorlari bu xulosalarni hisobga olgan holda Rossiya-Ukraina mojarosining borishini belgilaydigan yurish qilish uchun o‘z harbiy salohiyatlarini rivojlantirish bo‘yicha tezkor qabul qilishlari kerak.

Hisobot besh bobdan iborat. Dastlabki ikkisida Rossiyaning bosqinchilik rejasi (RF qurolli kuchlarining bir qator bo‘linmalariga berilgan buyruqlar va instruksiyalarda ko‘rsatilgan va keyinroq Ukraina qurolli kuchlari tomonidan qo‘lga kiritilgan shaklda) va Ukrainaning boshlang‘ich pozitsiyalari tasvirlangan. Uchinchi bobda 2022 yil fevralidan iyuliga qadar davom etgan urushning uch bosqichi haqida gap boradi. To‘rtinchi va beshinchi boblar Rossiya armiyasi harakatlari tahlillari va Buyuk Britaniya armiyasi uchun tavsiyalarga bag‘ishlangan. Quyidagi matnda «Meduza» tadqiqotning asosiy mazmunini keltiradi.

Rossiya urushga qanday tayyorgarlik ko‘rgan?

RFning Ukrainaga bostirib kirishi konsepsiyasi xalqaro hamjamiyat agressiyaga reaksiya qilishga ulgurmasligi uchun tezkorlik bilan harakat qilish zaruratini ko‘zda tutgan. Rossiya tomonining muhim harbiy-strategik vazifalari quyidagilar bo‘lgan:
  • Ukrainaning mudofaa qobiliyatini buzish uchun uning aviatsiyasi, floti va havo hujumidan mudofaa kuchlarini yo‘q qilish;
  • Ukrainaning Donbassdagi quruqlik qo‘shinlarini blokirovka qilish va yakson etish;
  • Ukrainaning harbiy va siyosiy rahbariyatini yo‘q qilib, muhim siyosiy va iqtisodiy hokimiyat markazlarini egallash;
  • Ukraina rasmiylarini Rossiya bosqini boshlanish vaqti, joyi va ko‘lami borasida chalg‘itish.

Rossiya armiyasi zarbalarining asosiy yo‘nalishi Kiyev bo‘lishi kerak edi. Shu bilan bir vaqtda Rossiya qo‘shinlari janubdan yurish qilib, Zaporijjya va Janubiy-Ukraina AESni egallashi, shuningdek sharqda Ukraina qurolli kuchlarining qariyb yarmini tashkil etuvchi guruhni Donbassdagi janglar bilan band etishi kerak edi.

Smolensk oblastining Yelnya shahrida Ukrainaga bosqindan oldin to‘plangan Rossiya harbiy texnikalarining sun’iy yo‘ldoshdan olingan tasvirlari. 2022 yil 19 yanvar.
Maxar Technologies / Reuters / Scanpix / LETA

Rossiya qo‘mondonligi «maxsus amaliyot» 10 kundan ortiq bo‘lmagan muddatda yakunlanishidan kelib chiqib harakatlangan. Mart oyida Kiyev atrofida qo‘lga kiritilgan RF G‘arbiy harbiy okrugining 1-gvardiya tank armiyasi hujjatlarida 10 kundan keyin guruh «Ukraina qurolli kuchlarining alohida tarqoq bo‘linmalari va milliy qarshilik otryadlarining qoldiqlarini blokirovka qilish va yo‘q qilishga o‘tishi» aytilgan. Hisobot mualliflari Rossiya Ukrainani 10 kun ichida bosib olishni rejalashtirganiga oid boshqa dalillar keltirishmagan.

Rossiya kontrrazvedkasi oldindan bosib olinajak hududlardagi ukrainlarni to‘rt toifaga ajratgan — yo‘q qilinishi kerak bo‘lganlar, qo‘rqitib, harakatlarining oldini olish kerak bo‘lganlar, hamkorlikka ko‘ndirish mumkin bo‘lganlar va hamkorlik qilishga tayyor bo‘lganlar.

Ukraina bosqinga qanchalik tayyor edi?

Ukraina 2014 yildan beri o‘z artilleriya salohiyatini rivojlantirib kelgandi, ammo baribir artilleriya tizimlari uchun o‘q-dori yetishmaydi — buning sabablaridan biri diversiya harakatlaridir, Rossiya tomoni 2014-2018 yillarda Ukraina omborlarida kamida olti bor portlash sodir etgani aytiladi.

Bundan tashqari, Ukraina qo‘mondonligi urushdan oldin katta miqdorda jangovar tuzilmalarga ega emasdi. Kiyev oldindan to‘liq safarbarlik joriy etishidan ma’no yo‘q edi: bu Ukraina iqtisodiyotiga katta zarar yetkazgan bo‘lardi va Rossiya bosqini qachon ro‘y berishi aniq bo‘lmagan holatda foydasiz bo‘lib chiqishi ham mumkin edi.

Keng ko‘lamli urush boshlanishiga bir necha kun qolganida Ukraina razvedkasi Rossiya fevral oyi oxirida Donbassda yurish boshlashini taxmin qilayotgandi. Kiyev shimolidagi hududlar ochiq tekisliklardan iborat ekani yirik yurish boshlash uchun noqulaylik tug‘dirardi, qolaversa, Rossiyaning bu yo‘nalishda jamlangan qo‘shinlari shaharni egallash uchun yetarli emasdek ko‘rinardi. Bundan tashqari, rossiyalik harbiylarning o‘zaro so‘zlashuvlarini tinglash orqali ular harbiy harakatlarga tayyor emasligi haqida xulosaga kelinadi. Shu tufayli Kiyevdagilar G‘arb mamlakatlarining Rossiya poytaxtga hujum qilishi haqidagi ogohlantirishlarini — chalg‘ituvchi manyovr deb hisoblashgan.

Shuni hisobga olgan holda Ukraina qo‘mondonligi Kiyev mudofaasi uchun yirik kuchlarni joylashtirmagan. Ukraina qurolli kuchlarining qariyb yarmi Donbassda edi; bundan tashqari, Xarkiv, Dnepr, Sumi va Odessada ham yirik guruhlar turardi. Shu bilan birga, milliy mudofaa rejasida ko‘zda tutilganiga qaramay, Qrimdan bostirib kiradigan dushmanni qarshi olish uchun yirik qismlar qoldirilmagandi. Hozirda Ukrainada nega bunday bo‘lganini tekshirishmoqda.

Bosqin qanday boshlangandi?

Rossiya armiyasi asosiy kuchlarni Kiyev va Chernihivga tashlamoqchi ekanini Ukraina qurolli kuchlari tom ma’noda so‘nggi lahzalarda anglab qoldi. Bosqin boshlanishiga yetti soat qolganida Ukraina qo‘mondonligi qo‘shinlarni ko‘chirishga buyruq beradi. Natijada bosqinning ilk soatlarida ukrain qismlarining ko‘pchiligi mamlakat shimolida o‘zlari himoyalanishi kerak bo‘lgan pozitsiyalarga yetib bora olmagandi.

Rossiya Bosh shtabi Kiyevga yurish qilish niyatini (o‘z qo‘shinlaridan ham) oxiriga qadar sir tutadi. Rossiya bo‘linmalarining aksariga hujum qilish haqida buyruqlar bosqin boshlanishi arafasida beriladi. Shu tufayli ularga o‘q-dori, yonilg‘i, oziq-ovqat yetishmadi va eng asosiysi, ularning harakatlari umumiy rejaga qanchalik mos kelishi haqida aniq tushuncha yo‘q edi.

Shu tariqa, RF qurolli kuchlari maxfiylik saqlanishi evaziga operativ darajada kutilmaganlik ustunligiga ega bo‘ldi, ammo taktik darajada Ukraina qurolli kuchlari nima qilish kerakligini yaxshiroq tushunishardi, chunki ular sakkiz yil mobaynida Rossiya armiyasi hujumini qaytarishga tayyorlanib kelayotgandi. «Bu o‘zgarishlar o‘rtasidagi harakatlar dastlabki 72 soatdagi janglar natijasini belgilardi», — deyiladi hisobotda.

Rossiyaning Ukraina harbiy tizimini izdan chiqarish bo‘yicha rejasidagi muhim element – Ukraina qurolli kuchlari rahbariyatini zararsizlantirish edi. Bosqin boshlangach ko‘plab ukrain generallari rossiyalik hamkasblaridan taslim bo‘lishga chaqiruvchi shaxsiy xabarlar oldilar va ularda Rossiya Ukrainaga zarar yetkazmasligiga kafolat berilgandi. Ukraina qurolli kuchlarining deyarli barcha polkovniklariga anonim raqamlardan xuddi shu mazmundagi xabarlar jo‘natiladi. Bundan tashqari, bosqinning ikkinchi kunida shaxsan Rossiya prezidenti Vladimir Putin ham Ukraina qo‘mondonligiga murojaat qilib, Kiyevdagi hukumatni ag‘darishga chaqiradi. Hisobotda bu urinishlar muvaffaqiyatsizlikka uchragani Rossiya razvedka xizmatlari ukrain harbiylari ruhiyatini noto‘g‘ri baholaganidan dalolat berishi aytiladi.

Kiyev uchun jang

Keng ko‘lamli urush boshlanganidan ikki kun o‘tib Ukrainaning statsionar havo hujumidan mudofaa tizimi obyektlarining taxminan 75 foizi zarbaga uchragandi. Bu esa Belarus hududidan Kiyev yaqinidagi Gostomel aerodromiga havo-desant qo‘shinlari tushirish imkonini beradi.

Desant har biri 10 vertolyotdan iborat bo‘lgan ikki eshelon bo‘lib qo‘nadi. Qo‘nish chog‘ida rossiyalik desantchilar artilleriyadan kuchli darajada o‘qqa tutiladi. Ukraina janubida ham shu kabi amaliyotlar o‘tkazishga urinish va Ukraina g‘arbiga maxsus topshiriqli bo‘linmalarni kiritishga bo‘lgan harakatlar ham muvaffaqiyatsizlikka uchraydi.

Shu bilan birga Belarus sharqidan Ukraina hududiga kirgan RF quruqlik qo‘shinlari Gomeldan Gostomel sari tezlik bilan harakat qiladi. Ukraina qurolli kuchlari mudofaa kuchlari yetarli bo‘lmagan poytaxt atrofida yangi guruhlar shakllantiradi (jumladan harbiy akademiyalar o‘qituvchilari va kursantlaridan), ammo shunga qaramay bu yo‘nalishda Rossiya va Ukraina kuchlari nisbati 12:1 ko‘rinishida edi.

Urushning ikkinchi kunida Ukraina qurolli kuchlari rahbariyatida Kiyevga yurishni to‘xtatish borasida jiddiy xavotir paydo bo‘lgandi. Ammo shu vaqtda Rossiya qo‘shinlari ham joyidan jilmay qoladi: ular qayerda turgani va qanday vazifalarni bajarishi kerakligini yaxshi anglamasdi, shuningdek ukrain kuchlari bilan keskin to‘qnashuvlarga tayyor bo‘lmagan, chunki ularga Ukraina qurolli kuchlarining qarshilik markazlarini aylanib o‘tish buyurilgandi.

Rossiya qo‘shinlaridagi parokandalik va sarosima mart oyi oxiriga kelib tarqaladi. Ammo bu vaqtga kelib G‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlaridan tuzilgan va Chernihiv orqali Kiyevga harakatlangan guruh o‘rmonzorlar oralab 200 kilometrdan ortiq masofani bosib o‘tishga harakat qilib, kuchlarini sarflab bo‘lgandi. Ukraina poytaxtiga Gomel yo‘nalishida yurish qilgan Sharqiy harbiy okrug qo‘shinlari guruhi esa Kiyev ostonasida tor yo‘lda tiqilib qoldi. Ukraina kuchlarining qanotlardan bosimi tufayli front chizig‘iga artilleriyani olib kelish imkonini topa olmagan guruh qurshovga tushib qolmaslik uchun chekinishiga to‘g‘ri keldi.

Bosqinni qaytarishda avval aytilganidek G‘arb yetkazib bergan tankka qarshi zenit raketa qurilmalari emas, balki bu vaqtda Rossiya artilleriyasiga qarshi turish uchun yetarlicha o‘q-doriga ega bo‘lgan ukrainlarning ikki artilleriya brigadasi muhim rol o‘ynagan (Rossiya artilleriyasida esa bu vaqtda ta’minotdagi muammolar tufayli o‘q-dori yetarli emasdi).

Donbass uchun jang

Kiyev atrofidan chekinilgach, Rossiya asosiy e’tiborni Donbassni egallash uchun yo‘naltiradi. Bu vaqtda Rossiya qo‘shinlarida resurslar tugab bitgani va aksar jabhalarda muvaffaqiyatsizlikka uchralgani tufayli jangovar ruh tushib ketgandi. Butun aprel mobaynida Kremlda harbiy safarbarlik zarurati bo‘yicha munozaralar kechadi va yakunda uni o‘tkazmaslikka qaror qilinadi.

Ukraina armiyasida esa jangovar ruh yuqoriligicha qolgan, ammo ularda boshqa muammolar yuzaga kelgandi. Ulardan biri — yaradorlar soni juda ko‘pligida edi. Ular Ukraina tomoni yo‘qotishlarining 80 foizga yaqin qismini tashkil etardi, shu bilan birga, yaradorlarning 40 foizga yaqini kelgusida harbiy xizmatga yaroqsiz holatga keltirgan darajada jarohatlar olishgandi.

Yana bir muammo — texnikalar yo‘qotilishi va o‘q-dorilar sarfi bilan bog‘liq edi (bu esa sovetlar davriga mansub artilleriya tizimlari uchun snaryadlar taqchilligiga olib kelgan). Donbassdagi janglar boshlangan mahalda Ukraina qo‘shinlarida NATO texnikalaridan foydalanish imkoni paydo bo‘ladi, ammo ilk bosqichda G‘arb qurollarining soni ko‘p emasdi va ukrainalik harbiylar ular bilan muomala qilishni o‘rganmagandi. Masalan, AQSH va Kanada tomonidan yetkazib berilgan M777 gaubitsalarining katta qismi noto‘g‘ri foydalanishdan keyingi texnik xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq muammolar tufayli safdan chiqadi.

Rossiya esa Donbassda o‘z artilleriyasining barcha imkoniyatlaridan to‘liq foydalana boshlaydi. Rossiya artilleriyasi kuniga 20 mingga yaqin snaryad uchirardi, ukrainlarda esa stvollar va o‘q-dorilar yetishmovchiligi tufayli bu miqdor 6 mingdan ortmasdi. May-iyun oylari davomida Rossiyaning Donbassda artilleriya bobidagi ustunligi 12:1 nisbatiga yetadi.

Donbassdagi janglar artilleriya duellariga aylanganida nishonlarni tezda aniqlash va ularga aniq zarba berishning ahamiyati ortdi. Ikki tomon ham buning uchun uchuvchisiz uchish qurilmalarini keng qo‘llay boshladi. Lekin dronlarning eskirish darajasi haddan tashqari yuqori edi. Ukraina qurolli kuchlari fevral-iyul oylarida foydalangan barcha dronlarning 90 foizi safdan chiqqan. Bir dronning o‘rtacha «hayoti» uchtadan oltita parvozgacha bo‘lgan.

Ukraina dronlari Rossiya radioelektron kurash vositalari tig‘iz jamlangani tufayli ham to‘laqonli ishlay olmasdi. Bunday komplekslar frontdagi navigatsiyani samarali ravishda buza oldi, ukrain dronlari boshqariladigan pozitsiyalarga artilleriya zarbalari berilishi uchun pelengatsiya (pelengator yordamida nishon qaysi nuqtada turganini aniqlash) amalga oshirdi. Natijada ukrain armiyasi aniq zarba berish bo‘yicha ustunligidan foydalana olmadi, chunki son jihatdan ustunlikka tayangan RF qurolli kuchlari havo razvedkasidan foydalanishda kamroq muammoga duch kelardi.

Ammo, artilleriya va o‘q-dorilar bo‘yicha katta ustunlikka erishganiga qaramay, Rossiya armiyasi Donbassda juda sekinlik bilan ilgariladi. Bahordagi janglar vaqtida katta miqdordagi texnikalar boy berilgani tufayli yozda RF qurolli kuchlari mexanizatsiyalashgan guruhlar orqali zarba berish taktikasidan voz kechib, asosiy e’tiborni Ukrain qurolli kuchlari pozitsiyalarini artilleriyadan o‘qqa tutishga qaratdi. Ukraina pozitsiyalariga dastlab Donbass «respublikalari»dan safarbar qilingan ortyadlar jo‘natilar, aniqlangan pozitsiyalarga artilleriyadan o‘t ochilar, keyin yakson etilgan pozitsiyalar maxsus topshiriqli bo‘linmalar va desantchilar orqali «tozalanardi». Bunday takrorlanuvchi sikllar kuniga faqat bir necha yuz metr oldinga siljish imkonini berardi.

Shu bilan birga, Rossiya harbiylari Ukraina qurolli kuchlari mudofaa pozitsiyalarini rejali ravishda yo‘q qilishdi, natijada iyunda ukrain qo‘shinlari Luhansk oblastidagi Severodonetsk shahrini tashlab chiqishga majbur bo‘ldi.

Ammo bu vaqtga kelib Ukraina qurolli kuchlari Rossiya armiyasining zaif nuqtalaridan foydalanishga muvaffaq bo‘ldi. Temiryo‘l orqali tashishga bog‘liqlik, temiryo‘l stansiyalaridan dala omborlarigacha bo‘lgan katta masofalar — bularning bari ta’minot tizimini RF qurolli kuchlarining zaif tomoniga aylantirardi. G‘arbdan uzoq masofaga zarba beruvchi HIMARS va M270 tizimlarini qabul qilib olgan ukrain harbiylari shunday zaif nuqtalarga zarba bera boshladi. Hisobotda bu pallani Rossiyaning Donbassdagi yurishlari yakunlanib, urushning yangi bosqichi boshlangan lahza sifatida ko‘rish mumkinligi qayd etiladi.

Hisobot mualliflari kelgan xulosaga ko‘ra, rossiyalik harbiylar:
  • Aldovga moyil: yuqori instansiyadagilar qo‘l ostidagilar tomonidan frontda to‘plangan dastlabki ma’lumotlarga haddan tashqari ko‘p ishonadi va bu ma’lumotlar ishonchliligini tahlil qilishmaydi. Shu bilan birga, qo‘mondonlik muvaffaqiyatsizliklar haqidagi haqqoniy hisobotlarni rag‘batlantirmaydi, bu esa tahlilni qiyinlashtiradi.
  • Hamisha buyruqni bajarishga harakat qilishadi, hatto vaziyat o‘zgargani tufayli bu buyruq ma’nosini yo‘qotgan bo‘lsa ham: masalan, hozirda Rossiya kuchlari Baxmutga hujum qilishda davom etmoqda (holbuki Izyumdagi guruh chekinganidan keyin bu shaharni olishdan operativ ma’no qolmagan).
  • Rossiyaning faqat shartnoma asosida xizmat qiluvchi askarlardan tuzilgan batalon-taktik guruhlari (BTG) bilan harbiy harakatlar olib borish tizimi samarasiz bo‘lib chiqdi (sovetlar armiyasida armiyaga birlashgan to‘laqonli polklar, brigadalar va diviziyalar bilan jang qilish ko‘zda tutilgandi). BTG yetarli barqarorlikka ega emasligi, armiya darajasidagi kuchaytirilgan texnikalardan (havo hujumidan mudofaa tizimlari va boshqalar) to‘liq foydalana olmasligi ma’lum bo‘ldi, qolaversa, muddatli harbiy xizmatchilar yo‘qligi tufayli bo‘linmalar tarkibi to‘liq emasdi. Bundan tashqari, oldingi chiziqdagi janglarga tashlangan bunday guruhlar uchun eng yaxshi mutaxassislarning ajratilishi bunday mutaxassislar bo‘yicha yo‘qotishlar miqdori ulkan bo‘lishi va guruhlarning jangovar qobiliyati ham yo‘qolishiga olib keldi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo