18:50 / 19.12.2022
1 809

«Saudiya-AQSH munosabatlari musulmoncha nikohga o‘xshaydi...» yoxud Xitoyning Yaqin Sharqdagi «o‘yin»lari

«Saudiya-AQSH munosabatlari musulmoncha nikohga o‘xshaydi...» yoxud Xitoyning Yaqin Sharqdagi «o‘yin»lari
Riyoz ma’muriyati AQSHning amalda zaiflashib borayotgan xavfsizlik kafolatlari fonida yangi xavfsizlik tuzilmasi izlamoqda.

Xitoy rahbari Si Szinpinning uch kunlik amaliy tashrif bilan Riyozga borgani Fors ko‘rfazi mintaqasini global siyosatning kun tartibiga olib chiqdi. Tashrif AQSH va Saudiya Arabistoni munosabatlari sovuqlashgan bir paytda o‘tgani bilan ham diqqatga sazovor. Bundan tashqari Jo Baydenning iyul oyidagi zerikarli “sayohat”iga qaraganda Szinpinning tantanali kutib olinishi ham ziyrak siyosatchilarning nigohidan chetda qolmadi.

Vashingtonning Yaqin Sharq mintaqasidagi eng muhim ittifoqchisi bo‘lgan Saudiya Arabistoni AQSHning ashaddiy raqibi va kerak bo‘lsa dushmani sanalgan Xitoy bilan yaqinlashishi mintaqa va dunyo miqyosida muvozanatlar o‘zgarayotganini anglatadi. Chunki 2000-yillarning boshlariga qadar AQSH bilan yaqinligi Saudiyaning Rossiya va Xitoy kabi AQSHga raqib va dushman davlatlar bilan aloqalari uchun monelik qilib kelgan. Si Szinpinning tashrifi bu chegaraning yo‘qolganini, Riyoz tashqi siyosatda nisbiy muxtoriyatga erishganini va o‘z manfaatlari uchun endi AQSHga quloq solmasligini ko‘rsatmoqda.

Riyozga tashrifi oldidan Washington Post gazetasiga bergan intervyusida Bayden Xitoy bilan raqobatlashish uchun Saudiya munosabatlarni rivojlantirish zarurligini e’tirof etgan va tashrifi chog‘ida “Yaqin Sharqda bo‘shliq qoldirmaymiz. Aks holda bu bo‘shliqni Rossiya yoki Xitoy to‘ldirishi mumkin".

Ammo...

AQSH va Saudiya Arabistoni munosabatlaridagi keskinlik

Ikkinchi jahon urushidan keyin AQSH Saudiya Arabistonining hududiy yaxlitligi va rejim xavfsizligining asosiy kafolatiga aylandi. Biroq 11 sentyabr voqealaridan keyin o‘zaro munosabatlar juda keskin davrga kirdi. Saudiya Arabistonining o‘sha paytdagi tashqi ishlar vaziri Saud al-Faysal 2004 yili Washington Postga bergan intervyusida:

"AQSH va Saudiya Arabistoni munosabatlari faqat bitta turmush o‘rtoq bilan yashaladigan "katolik nikohi" emas, balki to‘rtta xotinga ruxsat berilgan musulmon nikohidir”, degani ham diqqatga sazovor.

AQSH va Saudiya Arabistoni munosabatlaridagi keskinlikning asosiy sababini AQSHning Ikkinchi Jahon urushidan beri taqdim etishni va’da qilgan “de-fakto xavfsizlik kafolatlari”dan xalos bo‘lishga ongli ravishda harakat qilishi bilan izohlash mumkin.

Riyozning keskin qarshiliklariga qaramay, AQSHning Iroqqa bostirib kirishi va keyin Iroqni Eron ta’siri ostida qoldirishi arablarning yangi “xotinlar” izlashiga turtki bo‘ldi. Arab bahori ham ikki “do‘st” munosabatlaridagi yarani chuqurlashtirdi. Bu jarayonda AQSH “ko‘cha harakatlari” bilan Saudiyaning mintaqadagi ittifoqchi rejimlarini ag‘darib tashladi. AQSH ma’muriyatining Muborakka "vazifasini tark etish" haqidagi yuborgan ishorasi Riyoz ma’muriyatiga jiddiy ogohlik qo‘ng‘irog‘i edi. Ular vaqti kelganda AQSH Saudiya Arabistoniga ham xuddi shunday munosabatda bo‘lishidan xavotirga tusha boshladi.

2019 yili ARAMCO obyektlariga Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlangan muxoliflarning hujumi ko‘p yillar davomida qurol sanoatida AQSHning eng yirik mijozi va xavfsizlik haqida hech qanday tashvishda bo‘lmagan Saudiya Arabistoniga dahshatli ta’sir ko‘rsatdi. Hujumning 2 million dollarlik asbob-uskunalar bilan amalga oshirilgani, 17 daqiqa davom etgani, bu obyektlar Saudiya neft sanoatining yuragi sanalishi bilan birga poytaxtga juda yaqin bo‘lgani AQSH xavfsizlik kafolatlarining qanday ahvolda ekanini ko‘rsatib qo‘ydi.

“Arab bahori” davrida Saudiya Arabistoniga Yamandan kelib chiqqan tahdidlarga AQSHning e’tibor bermagani va Yaman urushini qo‘llab-quvvatlamagani, Jamol Qoshiqchining o‘ldirilishi ortidan Saudlarga qilingan bosim va asosiysi inson huquqlarining buzilishi tufayli Muhammad bin Salmonning qattiq tanqidga uchrashi ham “sovuqchilik”ni battar kuchaytirdi.

Nihoyat, har ikki davlatning energiya bozorida qabul qilingan turli qarashlari jiddiy muammo tug‘dirayotganini ko‘rish mumkin. Aniqrog‘i, AQSH yaqinda energiya bilan o‘zini-o‘zi ta’minlaydi va hatto muhim energiya eksportchisi sifatida ham birinchi o‘ringa chiqadi. Umuman olganda, AQSHning tashqi siyosatda o‘z manfaatlarini himoya qilish uchun neftdan qurol sifatida foydalanish va Saudiyani bu siyosatga muvofiq yo‘naltirish harakatlari Riyozda noqulaylik tug‘dirmoqda. Chunki 2000-yillardan buyon Saudiya Arabistonining asosiy maqsadi neftga bo‘lgan talabni pasaytirmaslik va asosiy daromadi manbasini xavf ostiga qo‘ymaslik orqali energiya bozorlarini barqarorlashtirish edi.

Pekinning umidlari

O‘z oldiga qo‘ygan iqtisodiy yutuqlarga erishish uchun Xitoy Yaqin Sharq mintaqasining geosiyosiy, mafkuraviy va geoiqtisodiy afzalliklaridan foydalanish niyatida.

2005-2020 yillar oralig‘ida mintaqaga 170 milliard dollar sarmoya kiritgan Xitoy hozirda Yaqin Sharq mintaqasining eng yirik sarmoyadori bo‘lib turibdi. Bundan tashqari, Xitoy Ko‘rfaz neftining eng yirik mijozi va umumiy neft importining 50 foizdan ortig‘ini ushbu mintaqa “qora oltin”i orqali ta’minlaydi. O‘sib borayotgan iqtisodiy ko‘rsatgichlar bilan bir qatorda, Pekinning neftga bo‘lgan ehtiyoji kelgusi yillarda asta-sekin ko‘payib borishi ham e’tiborga molik.

Yaqin Sharq mintaqasi va xususan Fors ko‘rfazi 2012 yili Xitoy tomonidan yuzlab milliard dollarga ishlab chiqilgan “Bir kamar va yo‘l” tashabbusi nuqtai nazaridan ham muhim geosiyosiy chorrahada joylashgan. Rasmiy Pekin bu tashabbusining muvaffaqiyati uchun ham mintaqa bilan yaqin munosabatlariga katta ahamiyat berishi tushunarli, albatta.

Riyozning umidlari

Riyoz ma’muriyati AQSHning amalda zaiflashib borayotgan xavfsizlik kafolatlari fonida yangi xavfsizlik tuzilmasi izlamoqda. Bu jarayonda Xitoy Riyoz uchun muhim muqobil variantdir. Iqtisodiy manfaatlarga e’tibor qaratishi, inson huquqlari deb “xit” qilmasligi va Riyozning taraqqiyot loyihalariga sarmoya kiritishga ishtiyoqmand ekani Xitoyni yana ham jozibador qiladi.

Arab bahori jarayoni sababli Yaqin Sharq mintaqasining og‘irligi Qohiradan Riyod-Dubay tomonga bosdi. Saudiya Pekin bilan arab va Fors ko‘rfazi davlatlari o‘rtasida vositachi bo‘lib, mintaqadagi ta’sirini oshirish niyatida.

Si Szinpinning bu ziyorat chog‘ida Tehron bilan emas, faqat arab yetakchilari bilan uchrashishi Xitoydan Eronga qarshi muvozanat vositasi sifatida foydalanmoqchi bo‘lgan Riyozning qo‘lini kuchaytirdi.

Sammit natijalari bayonoti

Sammit yakuniy deklaratsiyasidagi eng diqqatni tortadigan masala, shubhasiz, dollar o‘rniga yuan bilan neft savdosini ko‘zda tutuvchi maqola bo‘ldi. Ci Szinpin Shanxay fond bozoridan Fors ko‘rfazi mamlakatlari bilan energiya bitimlarida yuandan foydalanishini e’lon qildi.

Sammitlarning yakuniy deklaratsiyasini diqqat bilan ko‘rib chiqsak, har ikki tomonning tahdid tushunchalari va manfaat kutishlari bir-biriga mos kelishini osongina tushunish mumkin.

So‘nggi so‘z o‘rnida...

Xulosa o‘rnida aytadigan bo‘lsak, bu tashrif saudiyaliklarning Vashingtonga “ishora”si yoki arab ishlariga aralashgan “G‘arb uchun jazo” deyish mumkin. Oq uy Milliy xavfsizlik kengashi matbuot kotibi Jon Kirbi jurnalistlarga Xitoy xalqaro qoidalarni buzadigan tarzda Yaqin Sharqdagi ta’sirini chuqurlashtirishga harakat qilayotganini aytdi, bu esa Qo‘shma Shtatlar arablardan shapaloq yeganini ko‘rsatadi.

Xitoy uchun bu tashrif AQSH mintaqadan chiqib keta boshlagan jarayonda yuzaga kelgan kuch bo‘shliqlarini to‘ldirish uchun yaxshi imkoniyat bo‘ldi.

Xitoyliklarning Sharqiy Turkistonda musulmonlarga zulm o‘tkazayotgani esa arablarni pashsha chaqqanchalik ham bezovta qilmasligi qancha achchiq bo‘lmasin, ayni haqiqat. Quchog‘idagi falastinlik qondosh va dindoshlarining dushmanlari bilan “osh-qatiq” bo‘lib yurishdan uyalmaydiganlar kimsalardan yana nima kutish mumkin?! Manfaat e’tiqoddan ham muhim. To‘plagan boyliklariga tug‘ilajak tahdidlarning oldini olish va uzoq yashash uchun hamma narsaga tayyor bo‘lsa ham ajablanmaymiz. Nima ham derdik, hamma qilmishiga yarasha oqibat olaveradi.

Ahmad Ali tayyorladi

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo