Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Ebolaning xavfli shtammi bo‘yicha favqulodda holat e’lon qildi

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Afrikada Ebola virusi tarqalishi munosabati bilan favqulodda holat e’lon qildi. Ma’lum qilinishicha, bu aholi salomatligiga tahdid darajasi bo‘yicha ikkinchi eng yuqori bosqich hisoblanadi.
DW nashriga ko‘ra, vaziyat hozircha pandemiya darajasiga yetmagan. Biroq tashkilot virus tarqalishi jiddiy xavf tug‘dirayotganini ta’kidlamoqda.
Ebolaning Bundibugyo shtammi Kongo Demokratik Respublikasi va Ugandada tarqalgan. Hozirgacha ushbu virus sabab 88 kishi vafot etgan, 330 dan ortiq kasallanish holati qayd etilgan.
JSST haqiqiy kasallanganlar soni rasmiy raqamlardan ko‘proq bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirmoqda. Ayniqsa, harbiy mojarolar kuzatiladigan Ituri viloyatida vaziyat murakkabligi aytilmoqda.
KDR sog‘liqni saqlash vaziri Samuel Rojer Kambaning bildirishicha, bu shtammga qarshi vaksina yoki maxsus davolash usuli hozircha mavjud emas. Uning aytishicha, kasallikda o‘lim darajasi 50 foizgacha yetishi mumkin.
Bu Kongoda Ebola epidemiyasining 17-to‘lqini sifatida qayd etilmoqda. Avvalgi avj olish 2025-yil avgust oyida kuzatilgan va o‘shanda 34 kishi vafot etgan edi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!