Bitcoin bozorida may oyi xavfi: tahlilchilar nima kutmoqda?

Kripto-tahlilchilar Bitcoin bozorida may oyida yuz berishi mumkin bo‘lgan keskin pasayish ehtimoli borasida turlicha fikrda. AQSHdagi oraliq saylov yillariga to‘g‘ri kelgan oldingi ikki «ayiq» bozorida kuzatilgan «may oyida sot» strategiyasi investorlarni xavotirga solmoqda. Xususan, 2018 va 2022-yillarda Bitcoin narxi may oyida sezilarli darajada pasaygan edi. Bu haqda Cointelegraph.com xabar beradi.
Tahlilchi Merlijn Enkelaar 2026-yil ham oraliq saylov yili bo‘lgani uchun tarixiy naqsh takrorlanishi mumkinligidan ogohlantirdi. Uning fikricha, ijobiy qonunchilik tashabbuslari va siyosiy o‘zgarishlarga qaramay, Bitcoin narxi 33 000 USD darajasigacha tushib ketishi xavfi mavjud.
Alphractal asoschisi Joao Wedson Bitcoin 78 000 USD darajasidan pastda qolsa, yangi kapitulyatsiya bosqichi boshlanishi ehtimoli yuqori ekanligini ta’kidladi. Ayni vaqtda Bitcoin 76 900 USD atrofida sotilmoqda va so‘nggi yetti kun ichida 5,6 foizga arzonlashdi.
CoinEx bosh tahlilchisi Jeff Ko esa bozor tuzilmasi tubdan o‘zgarganini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, spot ETF fondlari, korporativ investitsiyalar va yangi qonunchilik bazasi Bitcoin’ni o‘tmishdagi kabi 70-80 foizlik keskin qulashlardan himoya qilishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!