07:43 / 09.02.2023
1 020

Nega Turkiyada zilzilalar ko‘p bo‘ladi?

Nega Turkiyada zilzilalar ko‘p bo‘ladi?
Turkiyada so‘nggi o‘n yillikdagi eng dahshatli zilzila ko‘plab turar-joy binolarini vayron qildi. Shuningdek, Suriyadagi fuqarolar urushi va boshqa mojarolardan qochgan millionlab odamlarga ham jiddiy zarar keltirdi.

Yer silkinishlari Kipr, Livan, Iroq va Misrda ham sezilgan.

Turkiya bo‘ylab minglab binolar qulagani, qurbonlarning aksariyati janubiy Hatay viloyatida bo‘lgani xabar qilingan.

Turkiya plitalar chorrahasida

Turkiyaning zilzilalarga yuqori moyilligi uning uch xil tektonik plitalar kesishmasida joylashgani bilan bog‘liq.

Umuman olganda, Yer qobig‘i monolit emas, balki alohida bo‘laklardan - litosfera plitalaridan (platformalardan) iborat. Bu qattiq plitalar tom ma’noda Yerning suyuq magma qismida xuddi suv ustidagi barglar kabi turadi.

Yerning eng ustki qobig‘ini tashkil etuvchi bu quruqlik massalari doimiy ravishda harakatlanadi va bir-biriga yaqinlashib-uzoqlashadi yoki ishqalanadi. Zilzilalar ko‘pincha plitalar yoriqlari chiziqlarida sodir bo‘ladi.

Turkiyaning katta qismi Anadolu tektonik plitasida joylashgan bo‘lib, u katta Yevrosiyo va Afrika plitalari va kichik Arabiston plitalari o‘rtasida joylashgan.

Plitalar bir-birini bosib turgani va bir-birining ostida joylashgani sababli, ikki plita ishqalanish tufayli «yopishib qolishi» mumkin.

Plitalarning odatdagi tezligi yiliga taxminan 1-2 santimetr. Shu bilan birga, plitalarning harakat yo‘nalishlari turlicha bo‘lgani sababli ular tutashgan jyolarda bosim va quvvat paydo bo‘ladi.

Bu plitalar bosim ko‘tarilishi natijasida ajralganida katta miqdorda energiya chiqaradi va bu zilzila yoki sunami shaklida seziladi.Bu kesk inlik Yer yuzasidagi tog‘ tizmalari yo‘nalishida aniq ko‘rinadi.

Bu safar Arabiston plitasi va Anadolu plitasidagi bosim kuchayganidan plitalar birdaniga 3 metrga siljigan. Buni xuddi stoldagi ikki plastilin bo‘lagining biri bosilsa ikkinchisining chetini siqib, burchagini ezishiga o‘xshatish mumkin.

Zilzilalar tarixi

Turkiyaning uchta tektonik plitalari birlashadigan makonda joylashuvi o‘tgan asrda kuchli zilzilalarga sabab bo‘lgan.

1939 yil dekabrda Turkiya sharqidagi Arzinjon shahri yaqinida 7,8 magnitudali zilzila sodir bo‘lib, 30 mingdan ortiq odam halok bo‘lgan edi.

Keyingi o‘n yilliklarda yana bir qancha zilzilalar sodir bo‘ldi, jumladan, 1976 yilda Sharqiy Van viloyatidagi Kaldiran-Muradiye zilzilasi oqibatida 4000 dan ortiq odam halok bo‘lgan.

1939 yildagi falokatdan beri eng halokatli – 7,4 magnitudali zilzila 1999 yil avgust oyida Marmara dengizi mintaqasi g‘arbidagi Izmit shahrida sodir bo‘ldi. O‘shanda 17000 dan ortiq odam halok bo‘lgan va 43000 dan ortiq kishi jarohat olgan edi.

Turkiyaning tabiiy ofatlar va favqulodda vaziyatlar boshqarmasi (AFAD) ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilda Turkiyada 22 mingdan ortiq zilzila qayd etilgan.

Dushanba kuni yuz bergan zilzila mamlakatda 1999 yildan beri eng kuchlisi bo‘ldi. Bu payshanba kuniga qadar davom etishi kutilayotgan qor bo‘roni vaqtida sodir bo‘ldi.

Yoqub Umar tayyorladi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo