date

Quyoshning gigant magnit halqalari Yerni xavf ostiga qo'yishi mumkin

Quyoshning gigant magnit halqalari Yerni xavf ostiga qo'yishi mumkin
Quyoshda ikki haftalik nisbiy tinchlik davridan so'ng kuchli portlash faolligi qayta kuzatildi. Bu haqda Rossiya Fanlar akademiyasi Kosmik tadqiqotlar instituti Quyosh astronomiyasi laboratoriyasi xabar berdi.

Avvalgi faollikning avj olishi oktyabr oyi o'rtalarida kuzatilgan bo'lib, undan so'ng Quyosh qisqa muddatli sokinlik fazasiga kirgandi. Moskva vaqti bilan soat to'rtlarda astronomlar Quyoshning sharqiy chetida M1.0 darajali kuchli portlashni qayd etishdi.

Bu quyosh faolligining besh ballik o'lchov tizimida to'rtinchi daraja bo'lib, kuchliligi bo'yicha faqat X sinf portlashlariga yutqazadi. Mutaxassislarning fikriga ko'ra, bu hodisa uzoq davom etadigan quyosh faolligi siklining boshlanishidan darak beradi.

Uning avj nuqtasi 3-9 noyabr kunlari orasida kutilmoqda. Hozirda Quyoshning chap qismida Yerdan ko'rinadigan ikki yirik va kuchli faollik markazi kuzatilmoqda.

Ularni 200-300 ming kilometr balandlikdagi gigant magnit halqalar orqali farqlash mumkin, bu esa Yer diametridan 16-24 barobar katta. Bu faol hududlardan biri allaqachon 4272 katalog raqamini olgan.

Qiziq jihati shundaki, yaqinda bo'lib o'tgan portlash hali ro'yxatga kiritilmagan, lekin kattaroq va hozirgina Quyoshning chetidan chiqayotgan boshqa bir hududda sodir bo'lgan. Rossiya Fanlar akademiyasi mutaxassislari ta'kidlashicha, agar bu darajadagi kuchli jarayonlar faol hudud to'liq ko'rinishga chiqmasdan oldin boshlansa, bu uning ulkan portlash potensialiga ega ekanligini ko'rsatadi.

Keyingi ikki-uch kun davomida bu jarayonlar kuzatuvchilar uchun ta'sirchan manzara bo'lib xizmat qilishi mumkin. Ammo kelgusi hafta o'rtalaridan boshlab ular Yerning magnitosferasiga to'g'ridan-to'g'ri ta'sir ko'rsatishi kutilmoqda, bu esa magnit bo'ronlariga olib kelishi xavfi bor.

Quyoshdagi portlashlar magnit bo'ronlarini keltirib chiqarishi mumkin, bu esa energiya tizimlari, radioaloqa va navigatsiya asboblarining ishlashiga xalaqit berishi, shuningdek, hayvonlar va qushlarning xatti-harakatlariga ta'sir qilishi mumkin. Shu bilan birga, quyosh faolligining ortishi qutbiy yog'dularni kuzatish zonasini kengaytirishi ehtimoli mavjud.

Biroq, magnit bo'ronlarining inson salomatligiga ta'siri haqida aniq ilmiy dalillar hozircha yo'q.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Quyoshning gigant magnit halqalari Yerni xavf ostiga qo'yishi mumkin