
Xitoy janubidagi Guandun provinsiyasida 2022 yilda YAHM hajmi qariyb 2 trln dollarni tashkil qildi. Guandun bu jihatdan Janubiy Koreya, Kanada, Avstraliya, Braziliya va boshqa qator rivojlangan mamlakatlar bilan bir safda yoki yuqoriroqda turadi. Taajjublanarlisi, mazkur provinsiya bu darajaga qisqa muddatda erishgan.
Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti mutaxassislari kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishda Xitoyning Guandun provinsiyasi tajribasini o‘rgandi.
Guandun provinsiyasi iqtisodiy jihatdan qisqa muddatda aql bovar qilmas darajada rivojlangan. 2022 yilda provinsiyada YAHM hajmi 12,8 trillion yuanni (1,9 trln AQSH dollari) tashkil qilgan. Bu raqam bir qator rivojlangan mamlakatlarnikidan yuqoriroq. Xo‘sh, Guandun muvaffaqiyatining siri nimada?
Chuqur o‘rganish natijalari shuni ko‘rsatdiki, buning siri hududga infratuzilmalar, tadbirkorlar, ishchi kuchi, bilim, institutsional muhit va moliyaviy resurslarni yig‘ish bilan bog‘liq bo‘lgan.
Jumladan, tadbirkorlar uchun kommunal xizmatlar bilan to‘liq ta’minlangan maxsus hudud yoki qishloqlar barpo etilgan (davlat hamma joyda kam-kam emas, bir joyda mukammal infratuzilma yaratgan). Shuningdek, “Uchtasi bittada” loyihasi ishlab chiqilgan. Bunda ishchilar qo‘shni qishloqlardan kelib ishlashi inobatga olinib, 3 qavatli binolar barpo etilgan. Ularning 1-qavatida do‘kon yoki ombor, 2-qavatida ishlab chiqarish, 3-qavatda ishchilar yashashi uchun joy hozirlangan.
Bundan tashqari, provinsiyasida faqat maxsus hududlardan o‘tuvchi yo‘llar kengaytirilib, temiryo‘l stansiyalari barpo etilgan, korxonalarga qo‘shimcha yotoqxonalar qurish uchun davlat tomonidan subsidiyalar ajratilgan hamda pulli yo‘llar qurilib, tezyurar poyezdlar qatnovi yo‘lga qo‘yilgan.
Mazkur islohotlar maxsus shaharlarni yuzaga keltirdi. Kirib kelgan investitsiyalar, yangi texnologiyalar natijasida Guandun butun mamlakatga kiyim-kechak, kulolchilik mahsulotlari, elektr texnika tovarlari, mebel, oziq-ovqat, vino, og‘ir texnika, avtomobillar, kichik yuk avtomobillarini yetkazib bera boshladi. Davlat tomonidan infratuzilmalarni yaratishga katta e’tibor berilishi xorijiy kompaniyalar uchun Guandunni Xitoyning kirish darvozasiga aylantirdi.
Guandunning o‘zi biznes uchun hamma sharoitlarni mujassam etgan maxsus iqtisodiy zona maqomiga ega. Bu maqom xorijdagi xitoyliklar hududga sarmoya kiritishiga sabab bo‘ldi. Ular sarmoya kiritish, kapital, asbob-uskunalar, yangi texnologiyalar va boshqalarni olib kelish uchun sa’y-harakatini ayamadi.
Xitoy va uning provinsiyalari muvaffaqiyatining asosida avvalo inson kapitalining infratuzilmalar tomon, rivojlanishning yuqori bosqichida esa infratuzilmalarning inson kapitali tomon yo‘naltirilishi yotadi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar