364
Delta raqamli tizimi. Ukraina qurolli kuchlarga kiritgan bu tizim o‘zi nima va qanday maqsadlar uchun kerak?
Qo‘shinlarni boshqarish tobora ko‘proq raqamli tarmoqlarga bog‘liq bo‘lib bormoqda
Foto: GETTY CREATIVE STOCK
4 fevral kuni Ukraina mudofaa vazirligi Delta jang maydonini boshqarish tizimini qurolli kuchlarga rasman qabul qildi.
Delta tizimi oktabr oyida NATOning Tide Sprint yopiq tadbirida taqdim etilgandi. Delta.mil.gov.ua saytida tizimni ishlab chiqish va qo‘llab-quvvatlash bilan Ukraina mudofaa vazirligining Mudofaa texnologiyalarini rivojlantirish va innovatsiya markazi shug‘ullanayotgani haqida xabar berilgan.
Biroq, New York Times nashri noyabr oyida ushbu tizim NATO bilan hamkorlikda ishlab chiqilgani va Ukrainadagi urush uni sinovdan o‘tkazish hamda tuzatish uchun tajriba poligoniga aylanganini yozdi.
Tizimga kirish joyi internetdagi Delta.mil.gov.ua manzilida joylashgan, deyiladi press-relizda.
Delta tizimining tuzilishi uning tavsifida aytilishicha, uchta asosiy komponentdan iborat:
- Delta monitor — bu dushman kuchlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yig‘ish, qayta ishlash va namoyish qilish, mudofaa kuchlarini muvofiqlashtirish, shuningdek, NATO standartlari bo‘yicha vaziyatdan xabardorlikni ta’minlash uchun vositadir.
- Element — bu bo‘linmalarning o‘zaro hamkorligi va muvofiqlashtirilishi uchun xavfsiz messenjer.
- Delta tube — videolarni jo‘natish uchun himoyalangan kanal.
Shuningdek, press-relizda aytilishicha, tizimga sun’iy yo‘ldosh tasvirlari, radarlar, detektorlar, GPS-trekerlar va qurollardan olingan ma’lumotlarni yetkazib beruvchilar, shuningdek, ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari integratsiyalangan.
Tizim hakerlar hujumidan himoyalangan. Ukraina mudofaa vazirligi saytida yozilishicha, hukumat Delta'ni raketa hujumlari va kiberhujumlardan himoya qilish uchun uning bazasini mamlakat tashqarisidagi «bulut»ga joylashtirishga ruxsat bergan.
Bu qanday tizim?
Bunday tizimlarning umumiy prinsiplarini ta’riflash qiyin emas — o‘yinchi jang maydonini ko‘ruvchi va sichqoncha yordamida o‘z qo‘shinlariga buyruq beruvchi taktik kompyuter o‘yinini tasavvur qiling: tank qismlari jangga kiradi, raketalar nishonga qarab uchadi, zaxira kuchlari kerakli vaqtda kerakli nuqtaga qarab harakatlanadi (masalan Command & Conquer: Generals).
delta.mil.gov.ua saytiga kirish sahifasi. Foto: DELTA.MIL.GOV.UA
Albatta, bunday tizimlarning interfeysi boshqacha ko‘rinadi, lekin umumiy g‘oya aynan shunday: hamma narsani ko‘rish, hamma narsani bilish, tezda harakat qilish.
AQSHda bu konsepsiya C4ISR (Command, Control, Communications, Computers, Intelligence, Surveillance and Reconnaissance – buyruq, nazorat, aloqa, kompyuterlar, intellekt, kuzatuv va razvedka) deb nomlangan.
Ushbu konsepsiya doirasida yaratilgan raqamli qo‘mondonlik va boshqaruv tizimlari qo‘mondonlikni vaziyatdan xabardor qilish, ya’ni real vaqtda o‘z kuchlari va dushman qo‘shinlari joylashgan pozitsiyani to‘liq tushunishni ta’minlash uchun mo‘ljallangan.
Bunday tizimlar, shuningdek, jangovar topshiriqning eng to‘g‘ri yechimini tanlashda va uni kerakli bo‘linmaga yuborishda ham yordam berishi mumkin.
Delta kabi tizimlar armiyaga muvaffaqiyatning asosiy omillaridan birini — qo‘mondonga qaror qabul qilish va buyruqni jang maydoniga yetkazish uchun kerak bo‘ladigan vaqtni taqdim etadi.
Ilon Maskning SpaceX kompaniyasi Starlink sun’iy yo‘ldosh interneti uchun yuzlab terminallarni Ukrainaga berganidan so‘ng, Ukrainada jangovar boshqaruv tizimini qurishda ushbu konsepsiyani qo‘llash imkoni paydo bo‘ldi.
Ushbu terminallar sun’iy yo‘ldosh orqali internetga ulangan yerdagi stansiyalari bilan bog‘lanadi.
Avvalroq Ukrainada artilleriya tizimlarini boshqaruvchi mahalliy «Krapiva» va GIS Arta raqamli boshqaruv tizimlari ishlab chiqilgan bo‘lib, ular 2022 yil fevral oyidan, Rossiya bosqinining boshidan beri qo‘llanmoqda.
Bu tizimlar ma’lum ma’lumot nuqtalariga bog‘langan elektron onlayn xaritalarga o‘xshash geografik axborot tizimlaridir.
Ular ma’lumotlarni ko‘plab manbalardan, xususan, dronlar, yer usti bo‘linmalari, radarlar va hokazolardan to‘playdi. Keyin esa ma’lumotlarni qayta ishlaydi hamda eng qulay joylashgan nishonni tanlab, artilleriya batareyalariga ushbu nishon ma’lumotlarini beradi.
Delta tavsifiga ko‘ra, nafaqat artilleriya, balki boshqa urush vositalarini ham o‘z ichiga olgan murakkabroq tizim.
U ham turli manbalardan ma’lumotlarni to‘playdi. Ma’lumotlar nafaqat jangovar guruhlar, zirhli transport vositalari, dronlar, razvedka samolyotlari, sun’iy yo‘ldoshlardan, balki hatto ishonchli oddiy fuqarolardan ham olinadi.
Bunday tizimda ishonchli va xavfsiz aloqa kanallariga ega bo‘lish juda muhim, shuning uchun G‘arb harbiy texnikasini yetkazib berishda raqamli aloqa juda muhim o‘rinni egallaydi — C4ISR konsepsiyasidagi to‘rtta «C»dan biri «communication», ya’ni «aloqa».
Qo‘shinlarni raqamli avtomatik boshqarish tizimlari qaror qabul qilish va buyruqlarni uzatishda vaqtni qisqartirish uchun mo‘ljallangan
Foto: GETTY IMAGES
Ochiq manbalarda Delta'ning Ukraina armiyasida qo‘llanishi haqida ma’lumot juda kam, u qanchalik keng tarqalgani, uning sinovlari natijalari qanday ekani ham noma’lum (uning mavjudligi haqidagi xabar va qurolli kuchlarga qabul qilingan vaqti oralig‘ida sinovlardan o‘tkazilgani aniq). Shuningdek, tizimning qanchalik samaradorligi, zaif tomonlari va boshqalar ham noaniq.
Eng anig‘i, faqatgina tizimning mavjudligi. To‘g‘ri, New York Times gazetasi yozishicha, Ukraina qo‘shinlari Xerson yaqinidagi qarshi hujum operatsiyasi paytida Delta'dan foydalangan. Bu operatsiya natijasida rus qo‘shinlari Dniproning narigi tomoniga chekingan edi. Biroq, ushbu qo‘llanishning batafsil tafsilotlari oshkor etilmagan.
Rossiya armiyasidagi raqamli boshqaruv
Delta'ga o‘xshash tizimlar ko‘plab mamlakatlarda ishlab chiqilgan va ishlab chiqilmoqda. Sovet ittifoqida ham 1980-yillarda qo‘shinlarga shunday tizimlarni kiritishga harakat qilingan.
«Manyovr» avtomatlashtirilgan qo‘mondonlik va boshqaruv tizimining taktik boshqaruv kompleksi SSSR mudofaa vaziri buyrug‘i bilan 1983 yilda qurolli kuchlarga qabul qilingan, ammo rossiyalik harbiy ekspert Viktor Muraxovskiy yozganidek, bu tajriba muvaffaqiyatsiz tugagan.
2000 yilda Rossiyada «Sozvezdiye» tizimini ishlab chiqish boshlandi va 2015 yilda Sozvezdiye-M2 nomi bilan qurolli kuchlarga qabul qilindi. Bu juda qimmat ishlanma edi, rus matbuoti uning tayyorlanishi haqida bir necha marta yozdi.
Rossiyaning yana bir shunday tizimi «Akatsiya M» deb ataladi.
«2019 yil oxiriga kelib, «Akatsiya»lar har bir umumqo‘shin armiyalari tarkibida paydo bo‘ladi. Mudofaa vazirligi ularni sotib olish uchun allaqachon 21 milliard rubldan ortiq mablag‘ ajratgan», deb yozgan «Izvestiya» nashri 2018 yilda.
Biroq, bu tizimlarning samaradorligi va tarqalishi borasida turli manbalardan turli ma’lumotlar keladi.
«Barcha avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimi amalda qanday ishlashiga nafaqat Suriyadagi jangovar harakatlar paytida, balki «Vostok-2018» va «Sentr-2019» mashg‘ulotlarida ham guvoh bo‘ldi. Armiyamiz bo‘linmalarining mashg‘ulotlar davomida va jangovar harakatlar vaqtida yaxshi muvofiqlashtirilgan ishi aynan ularning xizmatidir», deb yozgan «Zvezda» gazetasi 2020 yilda.
Biroq, «Roskosmos»ning sobiq rahbari Dmitriy Rogozinning o‘g‘li, o‘zi ham Birlashgan aviatsiya korporatsiyasida yuqori lavozimni egallagan va hozirda dronlarni boshqarish tizimlarini ishlab chiquvchi kompaniya konsultanti Aleksey Rogozin noyabr oyida o‘z telegram-kanalida Rossiya qo‘shinlaridagi raqamli tizimlar aslida ishlamasligini yozdi: «Shtab harbiy xodimlariga ham AQBT (avtomatlashtirilgan qo‘mondonlik va boshqaruv tizimlari) yaxshi tanish, masalan, «Akatsiya-M», «Sozvezdiye-M2», «Andromeda-D» (Havo-desant kuchlari uchun maxsus raqamli tizim). Yagona savol shundaki, joylarda deyarli hech qanday foydalanuvchi terminallar mavjud emas va xodimlar ushbu qurilmalar bilan ishlashga o‘rgatilmagan».
Rossiya qo‘shinlaridagi raqamli aloqa bilan bog‘liq muammolar haqida telegramdagi «Boysoviy kot Murz» kanali juda ko‘p yozadi. Ushbu kanal muallifi «DXR» harbiy qismlarning birida aloqa vositalari bilan shug‘ullanadi.
«Yagona taktik boshqaruv tizimlari»ning barchasi, xususan, «Sozvezdiya» taktik darajadagi yagona boshqaruv tizimi va boshqa «betakror dasturiy ta’minot tizimlari» mamlakatimizda o‘nlab yillar davomida ularning asosiy tarkibiy qismi — ushbu tizimlarga radiokanallar orqali ma’lumot uzatuvchi to‘laqonli harbiy radiokomplekslardan to‘liq ajratilgan holda ajoyib ravishda ishlab chiqilishi mumkin», deb yozadi kanal muallifi.
«Mashg‘ulotlar va poligonda chiroyli otgan narsalar jangdagi qo‘shinlargacha yetib bormadi», deb yozadi telegramdagi «Starshe Eddi» kanali «Sozvezdiye M2» tizimi haqida.
Delta1, Raqamli tizim1, Ukraina1, Mudofaa vazirligi1 Rossiya va Ukraina urushi “Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Xalqaro jinoyat sudi Isroil bosh vaziri Netanyaxuni hibsga olishga order berdi
Qozog‘iston Ukraina atrofidagi vaziyat tufayli harbiy va fuqarolik obyektlari xavfsizligini kuchaytirdi
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
Xonanda Ruxshona uylanmagan yigitga turmushga chiqqani haqida so‘zlab berdi
22 noyabr kuni Cobalt avtomobiliga shartnoma ochilishi e’lon qilindi
Ramzan Qodirov G‘arb davlatlariga hujum qilishga chaqirdi: “Haqiqiy urush qandayligini his qilishsin”
Diniy qo‘mita Umra ziyoratini tashkil qilish uchun 12 ta turfirmaga litsenziya berdi
Shavkat Mirziyoyev Suma Chakrabarti bilan uchrashdi