
Malidan kelgan erkak va uning o‘n yoshli o‘g‘li to‘rt oydan beri Janubiy Koreyaning Inchxon xalqaro aeroportidagi izolyatsiyalangan hududda yashashga majbur bo‘lmoqda. Bu haqda The Korea Herald nashri xabar berdi.
Duroo yuridik tashkiloti va Koreya qochqinlar huquqlari tarmog‘i ma’lumotlariga ko‘ra, ularning boshpana so‘rab bergan arizasi mamlakat immigratsiya xizmati tomonidan rad etilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, bola va uning otasi iyun oyida Malida kuchaygan tazyiqlardan qochib Janubiy Koreyaga kelgan. Biroq rasmiylar ularning ishini “ko‘rib chiqishga arzimaydigan” deb topib, boshpana so‘rovini qabul qilmagan. Bu qaror immigratsiya qonunchiligidagi maxsus huquqiy mexanizm orqali chiqarilgan bo‘lib, u arizani to‘liq ko‘rib chiqishsiz rad etish imkonini beradi.
Rad javobidan so‘ng oila vatanga qaytishni rad etgan va apellyatsiya berish niyatida aeroportda qolgan. Huquq himoyachilari ma’lum qilishicha, ular quyosh nuridan, normal tibbiy yordamdan hamda oddiy turmush sharoitlaridan mahrum holda yashashga majbur. Nodavlat tashkilotlar ularni kiyim-kechak va gigiyena vositalari bilan ta’minlamoqda, tibbiy yordam esa faqat aeroport klinikasida ko‘rsatiladi.
Oktyabr oyida oilaning huquqiy vakillari Janubiy Koreya Inson huquqlari bo‘yicha milliy komissiyasiga murojaat qilib, voyaga yetmagan bola uzoq muddat davomida noqonuniy hibsda saqlanayotgani, ta’lim va normal hayot sharoitlaridan mahrum ekanini ta’kidlab chiqishdi.
