18:14 / 15.04.2023
242

Rossiyalik deputatlar yana o‘lim jazosini eslab qolishdi: moratoriy bekor qilinadimi?

Rossiyalik deputatlar yana o‘lim jazosini eslab qolishdi: moratoriy bekor qilinadimi?

Foto: RIA Novosti
Urush targ‘ibotchisi Vladlen Tatarskiyning portlatib o‘ldirilishi fonida RF Davlat dumasi deputatlari yana o‘lim jazosini qaytarishni kun tartibiga chiqarishmoqda.

Aslida bunday gap-so‘zlarda biror yangilik yo‘q — o‘lim jazosiga moratoriyni bekor qilish avvalgi shov-shuvli qotilliklardan so‘ng ham tilga olingan, biroq, odatda, Rossiyada bundan nariga o‘tilmaydi.

2021 yilning sentyabrida Kuzbassning Kisilyovsk shaharchasida mahalliy turg‘un ikki nafar 10 yoshli qizaloqlarni bulg‘ab, bo‘g‘ib o‘ldirgach, «Spravedlivaya Rossiya» deputati Mixail Yemelyanov pedofillar uchun o‘lim jazosini tiklashga chaqirgan edi. 2022 yilning yanvarida uning partiyadoshi Sulton Hamzayev Kostromada 5 yoshli qizaloq o‘ldirilgach, xuddi shu taklif bilan chiqdi. Hamzayev nafaqat pedofillarni, shuningdek, reditsivistlar va qotillarni ham qatl qilish kerakligini ta’kidlagan edi.

Bunday balandparvoz bayonotlar muayyan qonun loyihasi ko‘rinishida davom etmaydi, biroq ommaviy axborot vositalarida keng tarqaladi va shafqatsiz va rezonansli qotilliklar fonida o‘lim jazosini qaytarishni talab qila boshlagan jamoatchilik ko‘z o‘ngida deputatlarning nufuzini ko‘tarib beradi. Chunki Kislyovskda qizaloqlar o‘ldirilgach, pedofillarga o‘lim jazosi berish to‘g‘risidagi petitsiyani aynan mahalliy aholining o‘zi joylashtirgan.

Bu marta o‘lim jazosini qaytarish talabi bilan kimlar chiqish qildi? Moratoriyni bekor qilishning azaliy tarafdori, RLDP rahbari Leonid Slutskiy. U Tatarskiy bilan vidolashish marosimining o‘zidayoq Rossiya «Inson huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiya protokollariga ortiq bog‘lanmagani»ni aytib, moratoriyni bekor qilishga chorladi. Bir yil avval u Ukrainaning «Azov» bo‘linmasidan asirga tushgan jangchilar uchun o‘lim jazosi belgilanishini talab qilgan edi.

Tatarskiy o‘ldirilgach, Rossiyaga o‘lim jazosini qaytarishni «Spravedlivaya Rossiya — Za pravdu» partiyasi rahbari Sergey Mironov ham talab qilib qoldi. U shunday taklif bilan RF Konstitutsiyaviy sudi raisi Valeriy Zorkinga murojaat qilib, taklifini, jumladan, «geosiyosiy vaziyat», «kollektiv g‘arb xatti-harakatlari» hamda aftidan, Sankt-Peterburgda sodir etilgan va Tatarksiy o‘ldirilgan portlashni nazarda tutib, Rossiyada sodir etilayotgan terrorchilik aktlari bilan ham dalillantirdi.

Mironov shu yilning martida «urush targ‘ibotchisi» o‘ldirilishidan ikki hafta avval ham o‘lim jazosini tiklashga chaqirgan, o‘shanda deputat pedofillar, terrorchilar va ularga yordam beruvchi shaxslarga nisbatan moratoriyni bekor qilishni taklif qilgan edi.

Rossiya Yevropa inson huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi konvensiyasining o‘lim jazosini bekor qilish haqidagi protokolini 1997 yilda imzolagan. Ikki yil o‘tgach, Rossiya Konstitutsiyaviy sudi o‘lim hukmlarini ijro etishga moratoriy joriy qilgan. O‘shanda Federatsiya Kengashi spikeri bo‘lgan Mironov o‘zini «o‘lim jazosiga prinsipial qarshi odam» deb atagandi.

O‘tgan yili Rossiya Yevropa Kengashini tark etgach, qonun chiqaruvchilar yana o‘lim jazosini qaytarish ehtimolini muhokama qila boshlashdi. Biroq alaloqibat Konstitutsiyaviy sud raisi Zorkin buni 1999 va 2009 yilgi sud qarorlariga ko‘ra imkonsiz, deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, moratoriy faqat yangi konstitutsiya qabul qilingandagina bekor qilinishi mumkin. Kreml esa Tatarskiy o‘ldirilganidan keyin o‘lim jazosini bekor qilish «muhokama qilinmasligi»ni ma’lum qilgan.

Rossiyada kuni kecha ko‘plab OAVlar RF Davlat dumasi deputatlari o‘lim jazosini Jinoyat kodeksidan chiqarib tashlash to‘g‘risidagi qonun loyihasi mualliflariga qaytarilganini yozib chiqishdi. Bu juda eski qonun loyihasi — uni «nolinchi» yillar boshida Yegor Gaydar, Boris Nemsov (hozir ularning ikkisi ham hayot emas) va Irina Xakamada kiritgan. Oliy jazo Jinoyat kodeksida shu paytgacha jazolarning bir turi sifatida sanab kelinadi, biroq moratoriy tufayli u qo‘llanmaydi. Qonun loyihasi mualliflari uni kodeksdan butunlay chiqarib tashlashni taklif qilishgan. Lekin hujjatning mualliflariga qaytarilishi hech narsani o‘zgartira olmaydi — Rossiyada o‘lim jazosiga moratoriy o‘z kuchida qolishda davom etaveradi.

Hozir Rossiyada belgilanishi mumkin bo‘lgan maksimal jazo — ozodlikdan umrbod mahrum qilish. To‘g‘ri, bu jazoga faqat erkaklar loyiq ko‘riladi, uni ayollarga nisbatan qo‘llash taqiqlangan. Biroq, hozir umrbod qamoq jazosi qo‘llanishi mumkin bo‘lgan moddalar soni ham, Jinoyat kodeksining qalinligi ham oshib bormoqda.

Masalan, shu kunlarda Davlat dumasining profil qo‘mitasi davlatga xiyonat uchun ham umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilanishini ma’qulladi. Endi bu tuzatmani deputatlar ko‘rib chiqishlari kerak. O‘tgan yilning oxirlarida diversiyalarga yordam berganlik uchun umrbod ozodlikdan mahrum qilishgacha bo‘lgan jazo qo‘llash to‘g‘risidagi qonun imzolandi, bungacha esa Jinoyat kodeksida katta aksilterrorchilik paketi tarkibida paydo bo‘lgan moddalar uchun ham shunday jazoni qo‘llash joriy etilgan edi.

Yangi moddalar bo‘yicha hozircha hech kim umrbod qamog‘ga hukm qilinganicha yo‘q, hozircha faqat o‘lim holatlari yuz bergan ishlar bo‘yicha ayblanuvchilarga shunday hukm o‘qilgan. Kuzbassdagi sud fojiadan bir yil o‘tib, Kisilyovskdagi qizaloqlarning qotiliga ham Rossiyada mavjud jazolarning eng maksimali bo‘lgan aynan umrbod ozodlikdan mahrum etish jazosini belgiladi.


arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo