
Rossiyaning «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi ayni vaqtda Sudanda oʻzining yollanma jangchilari yoʻqligiga ishontirmoqda. Ammo koʻplab manbalar tasdiqlashicha, «Vagner» u erda manfaatlar va aloqalarga ega – urushayotgan tomonlarning ikkisi bilan ham.
«Vagner» XHK asoschisi Evgeniy Prigojin ikki yildan buyon Sudanda kompaniyaning birorta jangchisi yoʻqligini ma'lum qilgan.
Ammo ular bu erda boʻlishgan, Evroittifoq va AQSh Sudanda ishlagan va ularning ma'lumotlariga koʻra, Prigojin hamda «Vagner» XHK bilan aloqador boʻlgan firmalarga qarshi sanktsiyalar qoʻllagan.
Oltin orqali kelishuv
2017 yilda Sudanning oʻsha vaqtdagi prezidenti, Xalqaro jinoiy sud tomonidan Darfurdagi aholi genotsidida aybangan Umar Bashir Moskvaga kelgan va bu erda Rossiya hukumati bilan bir qancha kelishuvlar imzolagandi.
Bu kelishuvlar qatorida Qizil dengiz sohilidagi Port-Sudan shahrida Rossiyaning harbiy-dengiz bazasini qurish, shuningdek Rossiyaning «M Invest» firmasi va Sudan minerallar vazirligi oʻrtasida oltin qazib olish kontsessiyalari boʻyicha kelishuvlar ham bor edi.
Sudan oltin qazib olish boʻyicha Afrikada uchinchi oʻrinda turadigan mamlakat hisoblanadi.
AQSh moliya vazirligi «M Invest» firmasi va uning shu'ba korxonasi boʻlgan Meroe Gold firmasidan «Vagner» XHKning Sudandagi faoliyatini niqoblashda foydalanilishini aytadi.

«Evgeniy Prigojin va uning tarmogʻi Sudanning tabiiy resurslaridan shaxsiy manfaatlari yoʻlida foydalanadi va oʻzining zararli ta'sirini butun sayyoraga tarqatadi», degandi 2020 yilda AQShning oʻsha vaqtdagi moliya vaziri Stiven Mnuchin.
AQSh «M Invest»ga ham, Meroe Gold’ga ham sanktsiyalar kiritgan.
CNN telekompaniyasi oʻtkazgan surishtiruvda Sudan oltinlari «Vagner» XHK faoliyat yuritadigan Markaziy Afrika Respublikasi hududiga olib oʻtilishi va bu eksport Sudan rasmiy statistikasida aks etmasligi aniqlangan.
Bundan tashqari, Britaniyadagi Daily Telegraph nashrining 2022 yilda chiqqan maqolasida aytilishicha, oltinlarning katta qismi harbiy aerodromlar orqali yashirincha olib chiqiladi.
«Vagner» XHK Sudanda yana nimalar bilan mashgʻul?
2017 yildan boshlab Rossiya va xorijdagi manbalar bir necha bor «Vagner» yollanma jangchilari Sudandaligi aks etgan foto va videolarni namoyish etgan. Bu manbalarga koʻra, ushbu jangchilar bu erda sudanlik harbiylarni oʻqitish va ommaviy namoyishlarni bostirishda yordam berish bilan shugʻullanishadi.

2021 yilda «Vagner» XHK bilan aloqador hisoblangan Grey Zone telegram-kanali kompaniyaning «asosiy jangovar tuzilmalaridan birining» shaxsi ochiqlanmagan komandiri ikki yil oldin sudanlik harbiylarga esdalik nishonlari taqdim etishi aks etgan fotosuratni e'lon qilgandi.
Iyul oyida esa shu kanalda sudanlik askarlar vagnerchi harbiy rahbarligida vertolyotdan parashyut orqali sakrashi aks etgan videoni namoyish etgandi.
«Vagner» Sudanda qanchalik kuchli ta'sirga ega?
AQSh moliya vazirligi hisoblashicha, «Vagner» XHK Sudanda «harbiylashgan amaliyotlar oʻtkazish, avtoritar rejimni saqlab qolishga yordam berish va tabiiy resurslarni ekspluatatsiya qilish» bilan band boʻladi.
«Avvaliga, 2018 yilda ularning bu erda 100 nafar atrofida odami boʻlgan, bu odamlar sudanlik harbiylarni oʻqitishgan va shundan aloqalar rivojlana boshlagan», degan Mudofaa tadqiqotlari boʻyicha birlashgan qirollik instituti (RUSI) vakili, doktor Joana de Deush Pereyra.
Sudan matbuoti ma'lumotiga koʻra, keyinroq vagnerchilar soni 500 nafargacha etgan. Ularning aksari mamlakat janubi-gʻarbida, Markaziy Afrika Respublikasi bilan chegaradagi Um Dafuk qishlogʻida joylashgan.
2019 yilda, Sudanda prezident Umar Bashirga qarshi ommaviy norozilik namoyishlari avj olganida, Sudan Tribune gazetasi «rus jangchilari» Sudan maxsus xizmatlari bilan bu namoyishlarni chetdan kuzatib turgani haqida yozgan. Sudan hukumati buni rad etgan.
Rossiyaliklarning Afrikadagi faoliyatiga bagʻishlangan kitoblar muallifi Samuel Ramanining ma'lumotiga koʻra, «Vagner» XHK prezident Bashirni qoʻllagan holda tashviqot kampaniyasi olib borgan.
«Prigojin namoyishchilarni Isroil tarafdori va islom diniga qarshi kuchlar sifatida ayblashni taklif qilgandi», deydi doktor Ramani.
Uning soʻzlariga koʻra, bu Bashirning maxsus xizmatlari bilan kelishmovchilik keltirib chiqargan va «Vagner» XHK keyinroq Bashirni agʻdargan general Abdulfattoh al-Burxonni qoʻllashga qaror qilgan.
«Rossiya TIV davlat toʻntarishiga qarshi edi, Prigojin va «Vagner» XHK esa al-Burxon hokimiyatga kelishini olqishladi», degan doktor Ramani.
Keyin, 2021-2022 yillarda «Vagner», Ramanining soʻzlariga koʻra, ayni vaqtda muntazam armiya va general al-Burxonga qarshi kurash olib borayotgan Tezkor reaktsiya kuchlari bilan aloqalarni mustahkamlagan. Gap shundaki, Prigojin Tezkor reaktsiya kuchlari qoʻmondoni, general Muhammad Hamdon Dagalo (Xemeti nomi bilan ham mashhur) egalik qiladigan oltin konlariga qiziqib qolgan.
Oʻtgan yili Dagalo Moskvaga tashrif buyurgan - oʻzining aytishicha, bu tashrifdan maqsad Sudan-Rossiya munosabatlarini mustahkamlashdan iborat boʻlgan.
Biroq, hozirgi mojaroda, Sudan boʻyicha ekspert, Confluence Advisory tahlil markazi vakili Xolud Xairaning fikricha, «Vagner» tomonlarning birini boshqasiga qarshi qoʻllab-quvvatlamaydi.
«Vagner» general al-Burxonning biznesi bilan ham, janob Xemetining biznesi bilan ham tur xildagi va miqyosdagi aloqalarga ega», deydi u.

Reuters / Scanpix / LETA
«Vagner» isyonchilarga raketalar etkazib bergan
«Vagner» XHK Sudan Tezkor reaktsiya kuchlariga (RSF) mamlakat muntazam armiyasiga qarshi turishda yordam berish uchun raketalar etkazib bergan. Bu haqda CNN mintaqadagi diplomatik manbalariga asoslanib xabar tarqatdi. Bu ma'lumotni sun'iy yoʻldosh tasvirlari ham tasdiqlaydi, ularda «vagnerchilar»ning Liviyaning Sudan bilan chegarasi yaqinidagi (general Xalifa Haftar armiyasi nazorat qiladigan hudud) bazalarda kuzatilgan faollik aks etgan. RSF va armiya oʻrtasida toʻqnashuvlar 15 aprel kuni boshlangandi va hamon davom etmoqda, yuzlab kishilar halok boʻlgan.
CNN jurnalistlari All Eyes on Wagner loyihasi bilan birgalikda sun'iy yoʻldosh tasvirlarini tahlil qilishgan, ularda Rossiyaning Il-76 rusumli transport samolyoti Liviyaning Haftar tomonidan nazorat qilinadigan va «Vagner» tomonidan foydalaniladigan ikki bazasi oʻrtasida harakatlanishi aks etgan.
Sudandagi toʻqnashuvlar boshlanishidan ikki kun oldin samolyot kuniga ikki martadan parvoz qila boshlagan va bu kamida 19 aprelga qadar davom etgan. 13 aprel kuni samolyot «Hadim» aviabazasidan Suriyaning Rossiya aviabazasi joylashgan Lataqiya shahriga uchgan. Keyingi kuni u «Hadim»ga qaytgan, ammo bir kun oʻtib Haftarning Jufra shahridagi boshqa bir bazasiga uchib borgan. Bu baza Sudandagi mojaro boshlangan kuni u «ihotalangan joy»da edi.
18 aprel kuni samolyot Lataqiyaga qaytgan, shundan keyin yana Hadim va Jufraga parvozlar amalga oshirgan. «Sudandagi va mintaqadagi manbalarga koʻra, shu kuni Rossiya Sudan shimoli-gʻarbidagi ayirmachilar etakchisiga [RSF etakchisi Muhammad Hamdon Dagalo] „er-havo“ tipidagi raketalarni bergan», deyiladi CNN maqolasida.
RSF’dagilar Rossiya va Liviyadan yordam olinganini rad etgan. Haftar ham, Evgeniy Prigojin ham CNN soʻroviga javob bermagan.
«Vagner» Afrikaning boshqa mamlakatlarida
«Vagner» XHK bir necha yildan buyon Markaziy Afrika Respublikasida faoliyat yuritadi, matbuotdagi koʻplab xabarlarga koʻra, uning yollanma jangchilari ushbu mamlakatda, shuningdek, qoʻshni Liviya va Malida ham olmos konlarini qoʻriqlash bilan shugʻullanadi.
2021 yilda BBC «Vagner» jangchisi yoʻqotib qoʻygan gadjetni oʻrganib chiqqan holda, shuningdek Liviyadagi harbiylar va tinch aholi vakillari bilan gaplashib, «Vagner» XHK ushbu mamlakatdagi fuqarolik urushida ishtirok etganini aniqlagandi.
Malidagi harbiy xunta esa jangarilarga qarshi kurashish uchun norasmiy ravishda «Vagner» XHK kuchlarini yollagan.
Human Rights Watch xalqaro tashkilotining inson huquqlari boʻyicha faollari «Vagner» yollanma jangchilarini Malida ham, Markaziy Afrika Respublikasida ham qiynoqlar va qotilliklar sodir etishda ayblagan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!