date

Oydan olingan tuproqda noyob meteorit izlari topildi

Oydan olingan tuproqda noyob meteorit izlari topildi

Oydan olingan namunalarda kutilmagan moddalar qayd etildi. Xitoylik olimlar Oyning Yerga qarama-qarshi qismida joylashgan hududdan olingan tuproq tarkibini o‘rganar ekan, u yerda noyob meteorit zarralari — karbon xondrit elementlarini aniqladi, deb xabar berdi PNAS jurnalida chop etilgan ilmiy maqolada.

Bu natija Guanchjoudagi Geokimyo instituti mutaxassislari tomonidan olib borilgan tadqiqotlar asosida e’lon qilingan. Olimlar ta’kidlashicha, karbon xondritlar suv va organik birikmalarga boy bo‘lgan kosmik jismlarda uchraydi va ular asosan Quyosh tizimi tashqarisidan kelib tushadi. Yerda esa bu moddalar juda kam hollarda topiladi.

Mutaxassislar fikriga ko‘ra, bu kashfiyot Oyning tarixi haqidagi ilmiy qarashlarga yangi yo‘nalish ochishi mumkin. Ya’ni, Oy va Yer ilgari o‘ylanganidan ko‘ra ko‘proq meteoritlar bilan to‘qnashgan bo‘lishi ehtimoldan holi emas. Bu esa Oy yuzasida suvning qanday paydo bo‘lgani va uning kelib chiqish manbasi haqida aniqroq xulosa chiqarish imkonini beradi.

Shuningdek, aniqlangan karbon xondrit elementlari Oyda suv izlari tarqalishi, uning evolyutsiyasi va geologik jarayonlarini chuqurroq anglashga turtki bo‘lishi kutilmoqda. Ilmiy jamoa bu topilma Oydagi suv resurslarini izlashda muhim qadam bo‘lishi mumkinligini ta’kidlamoqda.

Ma’lumot uchun, mazkur namunalar Xitoyning Chang’e-6 missiyasi doirasida jamlandi. 2024-yil 3-may kuni Oyga uchirilgan zond 2-iyun kuni janubiy qutbdagi Apollon krateriga muvaffaqiyatli qo‘ngan va u yerdan tuproq hamda tosh namunalarini olgan. 25-iyun kuni esa u Yerga qayta qo‘ngan.

Shu bilan Xitoy insoniyat tarixida birinchi bo‘lib Oyning narigi, ya’ni Yerdan ko‘rinmaydigan tomonidan namunalar olib kelgan davlatga aylandi. Bu missiya nafaqat ilmiy jihatdan, balki geosiyosiy nufuz nuqtayi nazaridan ham katta ahamiyat kasb etmoqda.

Kuzatuvchilar fikricha, bu kashfiyot kelgusidagi Oy tadqiqotlariga yangi bosqich olib kiradi va insoniyatning kosmosni anglash sari yo‘lida muhim qadam bo‘lib qoladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Oydan olingan tuproqda noyob meteorit izlari topildi