Bir necha kun avval Turkiya aholisiga kelgan SMS-xabarda ular kelgusi oydan isitish tizimi uchun toʻlovlardan ozod boʻlishi ma'lum qilindi. Shu yoʻl bilan hukmron Adolat va taraqqiyot partiyasi (Adalet ve Kalkınma Partisi, AKP — ATP) saylov arafasida saylovchilar moyilligini qoʻlga kiritishga harakat qilmoqda, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari esa may oyida isitish tizimidan foydalanmasliklarini pisanda qilishgan, deb yozadi jurnalist Marina Ushakova.
14 may kuni Turkiyaning amaldagi rahbari Rajab Toyyib Erdoʻgʻan aholining qoʻllovini saqlab qololgani yoki qololmagani ma'lum boʻladi. Oʻtgan saylovda u 52,5 foiz ovoz toʻplagandi. Soʻnggi soʻrovnomalar natijalari manbasiga koʻra farq qilib turibdi.
Turkiyadagi eng yirik, bir paytlar muxolif sanalgan, biroq soʻnggi yillarda ATP tarafdorlari nazoratiga oʻtgan Hürriyet onlayn nashri ma'lumotlariga koʻra, 2 may holatiga nomzodlarning birortasi birinchi turdayoq gʻolib boʻlish uchun etarli 50 foiz ovozni qoʻlga kirita olmaydi. Erdoʻgʻanning imkoniyati biroz yuqori baholangan — 48,6 foiz. Asosiy muxolif nomzod, Jumhuriyat Xalq partiyasi etakchisi Kamol Qilichdoroʻgʻlining imkoniyatlari 44,1 foizga, «Vatan» partiyasi etakchisi Muharram Injaniki — 4,3 foizga, toʻrtinchi nomzod — ATA ittifakı oʻng milliyatchi blok etakchisi Sinan Oʻgʻanning imkoniyatlari esa bor-yoʻgʻi 3 foizga baholanmoqda.
Siyosiy tadqiqotlar bilan shugʻullanuvchi mustaqil SER-AR kompaniyasi tomonidan 3 may kuni oʻtkazilgan boshqa soʻrovnomalarga koʻra, muxolifat mashhurroq: Qilichdoroʻgʻlida — 52,7 foiz, Erdoʻgʻanda — 44,3 foiz, Oʻgʻanda — 1,6 foiz, Injada — 1,4 foiz.
Zilziladan keyingi saylovlar
Saylov arafasida hukmron partiya va uning etakchisi pozitsiyasiga ikki omil qattiq zarba berdi. Birinchisi — 6 fevral kuni mamlakat janubidagi 11 ta viloyatni qamrab olgan kuchli zilzilalar. Soʻnggi ma'lumotlarga koʻra, fojia qurbonlari soni 50 mingdan oshgan, jabr koʻrganlar 15,7 million kishiga etgan. Ularning bir qismi falokat zonasini tark etib, qarindoshlarining uylariga joylashishgan.
Mamlakat hukumati qutqaruv operatsiyasini yaxshi tashkil etolmaslik va yaxshi oʻtkaza olmaganlikda ayblandi. Ayrim guvohlarga koʻra, qutqaruv operatsiyasi ayrim joylarda uch kunga kechikib boshlangan, odamlar vayronalar ostida sutkalab va soatlab qolib ketishgan, umuman yordam etib bormagan joylar ham boʻlgan. Tanqidlar yopirilgach hokimiyat avval Twitter’ni oʻchirib qoʻygan — aynan shu platformada fojia joylaridan videolar tarqatila boshlangan, yaqinlari vayronalar ostida qolib ketganlar texnika va qutqaruvchilar joʻnatilishini talab qilishgan. Keyin esa Erdoʻgʻan omma oldida bayonot berib, operatsiya koʻngildagidek boʻlmaganini tan olgan.
Olti barobarga qimmatlagan piyoz
Saylovchilar kayfiyatiga ta'sir koʻrsatuvchi ikkinchi omil — mamlakat iqtisodiyoti ahvoli. Turkiya statistika instituti rasmiy ma'lumotlariga koʻra, bir yil ichida narxlar ikki barobar — 105 foizga oshgan. Biroq, Turkiya aholisi vaziyat undanda yomonroq ekanini aytgan.
Shu yil bahorda piyoz narxi keskin koʻtarilgani alohida e'tirozga sabab boʻldi. Usiz turk oshxonasini tasavvur etib boʻlmaydi. Turkiya qishloq xoʻjaligi palatalari hisob-kitoblariga koʻra, jon boshiga yiliga 21 kg piyoz talab etiladi. Palata yil davomida piyoz narxi 600 foizga oʻsganini aniqlagan — oʻtgan yil bahorida piyozning kilosi 4-5 lira boʻlgan, hozirda uning narxi 30 liraga etgan. Tanqidlarga javoban Rajab Toyyib Erdoʻgʻan uning saylovchilari oʻz etakchilarini «kartoshkaga ham, piyozga ham alishmasligi»ni aytgan (Oʻshanda ijtimoiy tarmoqlarda muxolif kayfiyatdagi foydalanuvchilar qaysi oziq-ovqat mahsulotlari evaziga amaldagi rahbardan voz kechgan boʻlar edingiz, deb soʻrovlar oʻtkazgan, variantlar ichida «bir burda nonga» varianti ham boʻlgan).
Oziq-ovqat narxlari bilan birga turar joy narxlari ham shiddat bilan oʻsib bormoqda. Rasmiy ma'lumotlar narxlar «bor-yoʻgʻi» ikki yarim barobarga oshganidan gapirmoqda — fevral oyida turar joy indeksi 140 foizga oʻsgan. Ijara haqi ham deyarli shunchaga oshgan: masalan, Istanbulda bu koʻrsatkich 140 foizga oʻsgan. Bu ijarachilar yashash narxini oshirishiga belgilangan qonuniy cheklovlarga qaramay roʻy bergan — u 2023 yil iyunigacha 25 foizdan oshmasligi kerak edi.

Muxolifat va uning tarafdorlari Turkiya iqtisodiyoti tanazzuli va oʻrtacha statistik turkiyalikning choʻntagi quriyotganida ATP va Erdoʻgʻanni ayblashadi. Turkiya etakchisi raqiblari qayd etishicha, u inflyatsiyani iqtisodiy choralarni qoʻllab emas, Markaziy bank rahbarini ishdan boʻshatib jilovlamoqchi boʻlgan, ikki yil ichida uch kishini iste'foga chiqargan. Soʻnggisi 2022 yil yanvarida Said Erdol Dinchar boʻldi: OAV ma'lumotiga koʻra, u 2021 yil dekabrida e'lon qilgan narx oʻsishi bilan bogʻliq ma'lumotlar — 36 foiz — Erdoʻgʻanga yoqmagan, bu soʻnggi 20 yil ichidagi rekord edi.
Hukmron partiya va Erdoʻgʻanning oʻzi Turkiya iqtisodiyoti ahvolini sharhlashni yoqtirishmaydi. Buning oʻrniga hokimiyat «toʻntarish qartasi»ni oʻyinga qoʻshmoqchi boʻlishadi: uning asosiy mazmuniga koʻra, muxolifat gʻalabasi — 2016 yil iyulida oldi olingan davlat toʻntarishi amalga oshganini bildirardi. Erdoʻgʻanga koʻra, qamoqxonalardagi terrorchilar va xorijga qochib ketganlar ham hokimiyat almashinuvini kutishmoqda. Bundan tashqari, Erdoʻgʻan muxolifat mamlakat 20 yilda erishgan barcha natijalarni yoʻqqa chiqaradi, deb ishonchi komil.
Amaldagi etakchi bunga nisbatan aholiga «ishonch va barqarorlik muhiti»ni saqlashni taklif qilmoqda. Bu sharoitda, xususan, yoshlarning oʻz shaxsiy turar joyi ham boʻladi: Erdoʻgʻan ijtimoiy tarmoqlar orqali «Birinchi uyim, birinchi erim» dasturi yordamida bu yoʻlda barcha imkoniyatni ishga solishini va'da qildi.
Chunki saylovchilarning yangi avlodini aynan shu masala oʻylantirmoqda: 30 yoshgacha boʻlgan yoshlar mavjud sharoitlarda ularning kelajagi qanday boʻlishi noma'lumligini yozishmoqda. «Agar 5 yil avval 300 ming liraga kvartira sotib olish mumkin boʻlsa, hozir shu maydonga teng kvartira 3 million lira turadi. Oʻgʻlim 23 yoshda, u oʻqib, ta'lim olishidan nima naf?» — degan Istanbuldagi fabrikada ishlovchi Oysha.
Muxolifat nima va'da qilmoqda va Erdoʻgʻanning javobi
Muxolifat va hukmron partiya oʻrtasidagi muloqotlar ommaviy chiqishlar vositasida boʻlib oʻtmoqda. Kamol Qilichdoroʻgʻlining jonli efirda yuzma-yuz debatlar oʻtkazishga chaqiriqlariga qaramay, turk etakchisi bunga javob bermayapti, lekin uni tanqid qilishni bas qilmayapti. Masalan, u Qilichdoroʻgʻlini «bay-bay Kamol» deydi. «Bay» — turkchada «boy» degani, «bay-bay» esa inglizchadagi «xayr» degani.

Debatlar yoʻqligi sharoitida mitinglarda ochiqdan ochiq targʻib bormoqda. Har ikki nomzod eng muxolif kayfiyatdagi shahar Izmirda miting oʻtkazdi. Hukmron ATPning mitingi 29 aprel kuni sohilda boʻlib oʻtdi. Tarmoqda Erdoʻgʻanning koʻp sonli tarafdorlaridan iborat rasmiy suratlar fotomontaj ekani aytilgan xabarlar tarqala boshladi. Bundan tashqari, yigʻilganlar orasida davlat tashkilotlarining koʻplab xodimlari boʻlgani, ular mitingga ishdan haydalish tahdidi ostida chiqarilgani xabar qilindi. Shundan soʻng Erdoʻgʻan Anqaradagi saylovchilar oldida chiqish qildi va «Allohning nusrati bilan muxolifatni yoʻq qilishi»ni va'da qildi.

Kamol Qilichdoroʻgʻli Izmirdagi javob mitingida «Turkiyani yana yorugʻlikka olib chiqishi»ni hamda «Turkiya demokratiyasini tiklashi»ni va'da qildi. Ikki kilometrlik sohilning odamlar bilan liq toʻlgani suratlari va tasvirlari turk va jahon nashrlarida tarqaldi, Qilichdoroʻgʻlini qoʻllash uchun Tarkanning kontsertidagidan ham koʻproq odam yigʻilgani xabar qilindi (2022 yil sentyabrida taniqli qoʻshiqchi Izmirning yunon okkupatsiyasidan ozod qilinganining 100 yilligiga bagʻishlangan bayramda chiqish qilganida maydonda millionga yaqin odam yigʻilgan edi).

Istanbulda tugʻilib katta boʻlgan Kamol ilk marta atrofidagi odamlar ham muxolifat gʻalaba qozonishiga jiddiy ishonishayotganini aytmoqda. Koʻcha-koʻyda va transportda faol tashviqot — bannerlar, reklamalar koʻzga tashlanmoqda. Kamol Qilichdoroʻgʻli muxolifat dasturining Turkiyadagi qochqinlar masalasiga bagʻishlangan punktiga e'tibor qaratmoqda: gap, jumladan, Suriyadan qochib kirganlar haqida ham bormoqda. «Soʻnggi yillarda fuqarolikni qoʻlga kiritib, Turkiyaga koʻchib oʻtgan suriyaliklar odamlarning gʻashiga tegmoqda, — degan Kamol. — Hamma biladiki, turk pasportlarini tarqatib, Erdoʻgʻan oʻziga yangi saylovchilar ovozini ta'minlashga uringan. Chunki aholining 30–40 foizini tashkil etuvchi eski turk saylovchilarining ovozlarini u yoʻqotishga ulgurgan».
Saylovoldi dasturida Qilichdoroʻgʻli, xususan, xorijlik xaridorlarga turar joylar xaridini kamida 5 yilga — narxlar tushmaguncha taqiqlashni va'da qilmoqda. U shuningdek, «fuqarolar uchun haqoratli boʻlgan» Turkiyada turar joy sotib olgan xorijlik fuqarolarga soliq imtiyozlari berishni bekor qilmoqchi.

Umuman olganda, muxolifat koalitsiyasi bu safar oltita partiyasini, jumladan, milliyatchilar («Yaxshi partiya») va konservatorlar («Baxt partiyasi»), demokratik partiya, Demokratiya va taraqqiyot partiyasi, Kelajak partiyasi va Jumhuriyat xalq partiyasini birlashtira olishga muvaffaq boʻlishgan.
Muxolifat bilan muzokaralar stoliga oʻtirishni rad etganlardan biri — saylovda oʻz nomzodini ilgari surgan Muharram Inja. Endi 2018 yilda Erdoʻgʻanga saylovni yutqazgan siyosatchini ATPning Qilichdoroʻgʻlidan ovozlarni tortib olish maqsadida qoʻyilgan «oʻyinchogʻi» deb ayblashmoqda. Turk ijtimoiy tarmoqlari foydalanuvchilari va tahlilchilar Inja hukmron partiya va uning etakchisini tanqid qilish oʻrniga bosh muxolifat nomzodiga bor diqqatini jamlaganiga e'tibor qaratgan. Masalan, u hukmron partiya yoʻlini qoʻllab-quvvatlab, Qilichdoroʻgʻlini FETÖ (Fethullahçı Terör Örgütü) bilan aloqalarda ayblagan. «Qilichdoroʻgʻli FETÖning yangi hamkori», — degan Inja.
Turli tahlillarga koʻra 1,5 foizdan 3 foizgacha ovoz toʻplashi mumkin boʻlgan toʻrtinchi nomzod — Sinan Oʻgʻan kelib chiqishi ozarboyjon boʻlgan siyosatchi, u rus tilini ham biladi. U AQSh va Evropa bilan puxta oʻylangan aloqalar, shuningdek, Suriyaning hududiy yaxlitligi tarafdori.
Mavjud qonunchilikka koʻra, gʻalaba uchun nomzodlardan biri 50 foizdan koʻproq ovoz toʻplashi kerak. Agar saylovda bunga erishilmasa, ovoz berish natijalari etakchilari oʻrtasida 28 may kuni ikkinchi tur oʻtkaziladi. Prezident saylovidan tashqari Turkiya fuqarolari mamlakat parlamentiga nomzodlar uchun ham ovoz berishadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!