22:03 / 18.05.2023
652

AQSH Ukrainadagi mojaroni muzlatishga tayyorgarlik ko‘rmoqda

AQSH Ukrainadagi mojaroni muzlatishga tayyorgarlik ko‘rmoqda
Foto: REUTERS/Oleksandr Klymenko
Qo‘shma Shtatlar Ukrainadagi mojaroni muzlatib qo‘yish mumkin bo‘lgan ssenariyga hozirlik ko‘rmoqda, u ko‘p yillar va hatto o‘nlab yillarga cho‘zilishi mumkin va Koreya yarim orolidagi vaziyatga o‘xshaydi. Bu haqda o‘z manbalariga tayanib Politico yozdi. Avvalroq Yevropa Ittifoqi va Ukraina bunday imkoniyatni rad etgan edi.
 
Nashrning yozishicha, bunda chegaraning demarkatsiya liniyalari kelishib olinadi, Ukraina va Rossiya uni kesib o‘tmaslikka rozi bo‘ladi. Bu chiziqlar rasmiy chegara bo‘lishi shart emas.
 
«Koreya uslubida urushni to‘xtatish hukumat ichidagi va tashqarisidagi ekspertlar va tahlilchilar tomonidan muhokama qilindi», dedi manbalardan biri.
 
Koreya yarimorolidagi 38-parallel bo‘ylab demilitarizatsiya qilingan hudud (demarkatsiya chizig‘i) o‘tadi, u KXDR va Janubiy Koreyani ajratib turadi. Ular o‘rtasidagi davlat chegarasi 1950-1953 yillardagi urushdan keyingi sulh bitimi bilan o‘rnatilgan. Bu ikki davlat o‘rtasida tinchlik shartnomasi hamon imzolanmagan.
 
Politico bunday ssenariyni eng real va ehtimoliy deb ataydi, chunki tomonlar mag‘lubiyatni tan olmoqchi emas va Oq uyning fikricha, Kiyevning yaqinlashib kelayotgan qarshi hujumi «Rossiyaga halokatli zarba» berolmaydi.
 
«Biz mojaro muzlab qolgan yoki erigan ko‘rinishda bo‘lishidan qat’i nazar, uzoq muddatga rejalashtirmoqdamiz», dedi munozaralardan xabardor bo‘lgan AQSH rasmiysi. Uning so‘zlariga ko‘ra, uzoq muddatli rejalashtirish ma’muriyat uchun ko‘proq ustuvor vazifaga aylanib bormoqda. Garchi, oldingi oylarda gap ko‘proq «shoshilinch va qisqa muddatli» rejalar haqida edi.
 
Harbiy harakatlarni uzoq muddat muzlatib qo‘yish AQSH tayyorlayotgan imkoniyatlardan biri ekanini yana uchta manba tasdiqlagan. Vashington, shuningdek, Kiyev bilan uzoq muddatli xavfsizlik bo‘yicha hamkorlik aloqalarini, jumladan, Ukrainaning NATO bloki bilan munosabatlarini ham ko‘rib chiqmoqda, dedi ular.
 
Pentagondagi manbaning ta’kidlashicha, Ukrainaga so‘nggi harbiy yordam paketlari tarkibi Bayden ma’muriyatining uzoq muddatli strategiyaga o‘tishini aks ettiradi. Uning tushuntirishicha, so‘nggi bir necha oy ichida Kiyevga uzatiladigan texnikalar miqdori doimiy ravishda kamayib bormoqda, sanoatdan yangi qurollar sotib olish uchun ishlatiladigan yordam paketlari esa, aksincha, ko‘paygan.
 
Rossiya va Ukraina urush boshlanganidan ko‘p o‘tmay muzokaralar stoliga o‘tirdi. 2022 yil mart oyida Istanbulda bo‘lib o‘tgan delegatsiyalar uchrashuvidan so‘ng, Moskvaga Kiyevdan takliflar kelib tushdi. Biroq, keyin muzokaralar to‘xtatildi. Rossiya TIV ma’lumotlariga ko‘ra, bu Ukraina tashabbusi bilan sodir bo‘lgan. Rossiya prezidenti Vladimir Putin Kiyevning Istanbul kelishuvlarini amalga oshirishdan uzoqlashganini aytdi.
 
Noyabr oyida Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy o‘zining «tinchlik formulasi»ni taqdim etdi, bu boshqa narsalar qatori mamlakat hududiy yaxlitligini tiklashni ham nazarda tutadi. Rossiya rasmiylari bu formulani real emas va hozirgi vaziyatga noadekvat deb atadi. Kremlda ta’kidlanganidek, Kiyev LXR, DXR, Zaporojye va Xerson viloyatlarining Rossiyaga qo‘shib olinishini tan olmasa, hech qanday kelishuv imzolanmaydi.
 
Zelenskiy dekabr oyida Ukrainadagi mojaroni muzlatish mumkin emasligini aytgan edi. Yevropa Ittifoqi ham bunday ssenariydan manfaatdor emasligini e’lon qildi.
 
AQSH prezidenti Jo Bayden Ukrainani «qancha kerak bo‘lsa, shuncha vaqt» qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.
 
Rossiya Xavfsizlik Kengashi raisi o‘rinbosari, sobiq prezident Dmitriy Medvedev Kiyevning Donbassni yo‘qotganini tan olish yo‘lidagi qadamini «koreyscha tinchlik» deb atadi.
Rossiya va Ukraina urushi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » AQSH Ukrainadagi mojaroni muzlatishga tayyorgarlik ko‘rmoqda