
10-noyabr kuni Quyosh yuzasida bu yilgi eng kuchli va energiyasi juda yuqori bo‘lgan chaqnash sodir bo‘ldi. Bu haqda Rossiya Fanlar akademiyasi qoshidagi Koinot tadqiqotlari institutining Quyosh astronomiyasi laboratoriyasi ma’lum qildi.
Olimlar ta’kidlashicha, ushbu portlash X5.1 darajadagi energiya kuchiga ega bo‘lgan bo‘lib, keyinchalik u X5.15 ko‘rsatkichga yetgan. Bu 2024-yil oktyabridan buyon kuzatilgan eng katta faollik holati hisoblanadi.
Mutaxassislar ma’lumotlariga ko‘ra, portlash 4274-raqamli faol hududda qayd etilgan. Bu mintaqa ayni paytda Yerga ta’sir o‘tkazishi mumkin bo‘lgan joyda joylashgan. Shu sababli, bu chaqnash natijasida radioto‘lqinlarda shovqinlar, sun’iy yo‘ldosh aloqasida uzilishlar yoki magnit bo‘ronlar faollashishi ehtimol qilinyapti.
Quyoshdan tarqalayotgan rentgen nurlanishining onlayn grafiklari bu jarayonni doimiy ravishda qayd etmoqda. Olimlar hodisa hali to‘liq yakunlanmaganini, faol jarayon asta-sekin sustlashayotganini ta’kidlashdi.
Eslatish joiz, joriy yilning oktyabr oyida ham Quyosh faolligi keskin oshgan, o‘sha paytda ham bir nechta yuqori darajadagi chaqnashlar ro‘y bergan edi. Mutaxassislar bu jarayonlar 2025-yilda kutilgan “Quyosh siklining avj nuqtasi”ga yaqinlashayotganidan dalolat berishi mumkinligini qayd etmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!