22:20 / 03.06.2023
707

Armaniston Rossiyadan yuz o‘girdi. Qorabog‘ muammosi yechim topyaptimi?

Armaniston Rossiyadan yuz o‘girdi. Qorabog‘ muammosi yechim topyaptimi?

Tog‘li Qorabog‘ – xalqaro huquqqa ko‘ra Ozarboyjon hududi. Lekin uzoq yillar mobaynida Armanistonning da’vosi bilan ziddiyat va to‘qnashuvlar davom etdi. 2020 yilda 44 kunlik qonli urushdan keyin harbiy jihatdan ustunlikka erishgan Ozarboyjon amalda g‘oliblikka erishdi.

Dunyodagi geosiyosiy o‘zgarishlar Kavkaz mintaqasini ham chetlab o‘tmadi, Armaniston ham mojaroga nuqta qo‘ymoqchi va Qorabog‘ni Ozarboyjon hududi deb tan olishi mumkinligi haqida bayonot berdi. Pashinyanning bu bayonoti nimani anglatadi? Kun.uz jurnalisti mavzu yuzasidan siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov bilan suhbatlashdi.

— Ozarboyjon va Armaniston kelishuv ostonasida. Buning sababi dunyodagi geosiyosiy va geostrategik vaziyat bilan bog‘liqmi?

— Bu konfliktni faqat geosiyosat va geostrategiya bilan bog‘lash noto‘g‘ri, chunki uning turli qirralari mavjud. Bu mojaroning zamiri tarixga borib taqaladi, tarixda hech bir millat bir joyda muqim yashamagan, shuning uchun chegaradosh mamlakatlarda ko‘pincha bahsli hududlar va aholi punktlari bo‘ladi. Ozarboyjon va Armaniston o‘rtasidagi asosiy bahsli hudud – bu Tog‘li Qorabog‘. Bu hudud hatto sovet ittifoqi davrida ham Ozarboyjon hududi hisoblangan, biroq u yerda juda ko‘p sonli etnik armanlar yashab kelgan.

Hozirgi prezident Ilhom Aliyevning otasi Haydar Aliyev Tog‘li Qorabog‘da azaldan armanlar istiqomat qilganini, aholining qariyb 70 foizi armanlar ekanini tan olgan, lekin bu hudud sovet ittifoqi davrida ham Ozarboyjon hududi bo‘lgani hamda ittifoq parchalanganda ham butun dunyo u yerni Ozarboyjon hududi sifatida tan olganini aytgan. BMT – dunyodagi eng katta kadastr, unga qo‘shilayotgan mamlakatlar o‘z hudud va chegaralari to‘g‘risida ma’lumot beradi, bunda Tog‘li Qorabog‘ Ozarboyjonning rasmiy hududi sifatida tan olingan. Sovet ittifoqi parchalanganidan keyin Ozarboyjon va Armaniston mazkur hudud uchun o‘zaro kurash olib boradi va Armaniston o‘zida ikkinchi Isroilni ko‘radi. Isroil davlati 1946-47 yillarda Falastin hududida tashkil topdi, keyin esa u Falastinning hududlarini o‘zlashtirishni boshladi, natijada bugunga kelib, Falastin deyarli yo‘q bo‘lib ketdi. Aynan mana shunday siyosiy loyiha Armanistonda ham paydo bo‘ldi, lekin davlatning qudratini ichki tartib va ichki resurslar belgilaydi, Armanistonda esa ular yo‘q edi.

Shuningdek, tashqi qo‘llab-quvvatlov ham juda muhim, masalan, AQSh Isroilni tashqaridan qo‘llab-quvvatlaydi. Albatta, Fransiya yoki boshqa mamlakatlarda Armanistonni qo‘llab-quvvatlovchilar bor edi, biroq ular xalqaro huquqni o‘z manfaatidan kelib chiqib talqin qiladigan yoki to‘g‘ri kelsa, uni inkor qiladigan darajada qudratli emas edi. Ozarboyjonda esa, aksincha, u tashqi siyosatda asosan AQSh va Isroilga oriyentir oladi. Lekin Ozarboyjon NATOga qo‘shilishni rejalashtirmaydi va bu Rossiyani doim tinchlantirib turadi, shuning uchun Kreml Bokuni o‘ziga dushman deb ko‘rmaydi.

Ozarboyjonning Isroil, Turkiya yoki Yaqin Sharqning boshqa mamlakatlari bilan ham aloqalari juda yaxshi, ammo bu Rossiyaga qarshi qaratilmagan. Garchi ular Yevropa ittifoqi bilan energetika masalasida yaxshi aloqalarga ega bo‘lsa-da, hali Bokuda ittifoqqa a’zo bo‘lish maqsadi yo‘q. Chunki Ozarboyjon – avtoritar davlat, hatto Haydar Aliyevning o‘rnini uning o‘g‘li Ilhom Aliyev egallagan va bunda AQShning hissasi juda katta. Haydar Aliyev o‘limidan oldin AQShda davolangan, manbalarga ko‘ra, o‘sha paytda Ilhom Aliyev prezidentlikka asosiy nomzod sifatida ko‘rsatilgan, AQSh Haydar Aliyevning saylovdan oldin vafot etganini yashirish orqali uning hokimiyat tepasiga kelishini ta’minlagan.

Geosiyosiy tomonini gapiradigan bo‘lsak, Ozarboyjon bu tarafdan Kollektiv G‘arbga yaqinroq, jumladan, Turkiya, AQSh, Isroil va boshqalar. Armaniston esa bu nuqtayi nazardan asosan Rossiyaga oriyentir olgan. Natijada 2020 yilda yuz bergan 40 kunlik urushda Ozarboyjon bu hududni qaytarib oldi va bunga xalqaro huquq qarshilik qila olmadi, bunda Turkiya o‘zining katta hissasini qo‘shdi. Ozarboyjonda hududni qaytarib olish uchun resurslar yetarli bo‘ldi, Armanistonda esa uni ushlab qolish uchun resurslar yetarli bo‘lmadi.

Ba’zi tahlillarga ko‘ra, AQSh va Xitoy o‘rtasidagi geosiyosiy qarama-qarshilik jiddiy tus olyapti. Xitoy Yevropani iqtisodiy jihatdan o‘ziga bog‘lash uchun Yevrosiyo va Kavkaz hududlaridagi mojarolarni tezroq hal qilish va u yerda transport logistikasini rivojlantirishdan manfaatdor. Ayni paytda, Turkiya va Rossiya o‘rtasida Kollektiv G‘arbga qarshi ma’lum bir ittifoqchilik mavjud. Ozarboyjon – katta hududli, resurslar nuqtayi nazaridan esa ko‘p miqdorda neft va gaz sotuvchi mamlakat. Hatto aholi jihatidan ham Ozarboyjon ustunroq edi, demak, Tog‘li Qorabog‘ni saqlab qolish uchun Armanistonda yetarli darajada resurslar yo‘q edi. Turkiya, Rossiya va Xitoy davlatlari bu mojaroning tezroq hal bo‘lishidan manfaatdor edi, shu sababli Armanistonning yordam so‘rab qilgan murojaatlariga Vladimir Putin «agar urush sizning hududingizda bo‘lganida, biz KXShT shartnomasi doirasida yordam bergan bo‘lar edik, biroq urush sizning hududingizda bo‘layotgani yo‘q», deya javob qaytargan.

— Rossiya-Ukraina urushi mojaroga qanchalik ta’sir ko‘rsatdi?

— Menimcha, Armanistonda boshqa chora qolmagan edi, chunki bugungi kunda Tog‘li Qorabog‘ harbiy va boshqa jihatdan to‘liq Ozarboyjon tomonidan nazorat qilinyapti. Armanistonda insoniy va harbiy resurslar yo‘q, uning yaqin hamkori sifatida e’tirof etiladigan Fransiya esa harbiy va moliyaviy jihatdan milliardlab investitsiya kiritmaydi. Armaniston 30 yil ichida hududni qo‘lga kirita olmadi, ikkinchi urushni ikkala tomon ham istamaydi, qanchalik og‘ir bo‘lmasin, Tog‘li Qorabog‘ni Ozarboyjon hududi sifatida tan olishga majbur, chunki xalqaro huquq shuni talab qiladi. Ikkinchi urush boshlansa, Rossiya unga yordam bera olmaydi va Armanistonda vaziyatni rasmiylashtirishdan boshqa chora yo‘q.

Aslida bu Armaniston manfaatlariga to‘g‘ri keladi. Kavkazdagi geosiyosiy vaziyat o‘zgaryapti, ular Rossiyadan qattiq arazlagan va Rossiya ularga xiyonat qildi, degan pozitsiyada. Endi Yerevandagilar 30 yil davomida Rossiyaga oriyentir olib, katta xato qilgani va endi o‘sha hududni berib bo‘lsa ham Ozarboyjon va Turkiya bilan munosabatlarni yaxshilash hamda Kollektiv G‘arbga oriyentir olishni o‘ylayapti. Yarim oy oldin Yevropada harbiy o‘quv mashqlari boshlandi va Kavkazdan faqatgina Armaniston qatnashdi. Shuningdek, KXShTning o‘quv mashqlarida ishtirok etmadi, demak, unda geosiyosiy oriyentir shakllanib bo‘ldi.

— AQSh va Yevropa davlatlari odatiy pozitsiyasi bo‘lgani sabab Qorabog‘ masalasida Ozarboyjonga yon bosyaptimi yoki asosiy maqsad Armanistonni to‘liq Rossiya ta’siridan chiqarib olishmi?

— Kollektiv G‘arbda Ozarboyjonga nisbatan munosabat ziddiyatli. Chunki Ozarboyjon avtoritar davlat va Yevropa mamlakatlarining ba’zilarida unga Tog‘li Qorabog‘ va Armaniston prizmasi bo‘yicha qarash shakllangan. Armaniston – sivilizatsiya nuqtayi nazaridan xristian dunyosining tarkibiy qismi, Ozarboyjon esa musulmon dunyosi vakili va Turkiyaning yaqin ittifoqchisi. Albatta, Yevropa ittifoqining Ozarboyjon bilan bog‘liq manfaatlari bor, Ukraina-Rossiya urushi boshlanganidan keyin Qozog‘istonning neft-gaz resurslarini Kavkaz orqali tashish ehtiyoji oshdi.

Men Ukrainadagi urush bu mojaroga katta ta’sir ko‘rsatdi, deb o‘ylamayman, chunki vaziyatni rasmiylashtirish holati 2020 yilning kuzida yuz bergan edi. Demak, vaziyatga urushdan 1,5 yil oldin nuqta qo‘yilgan edi, dunyodagi kuch markazlari esa mazkur jarayon bo‘yicha o‘z qarorlarini qabul qilib bo‘lgan. Hech kim Ozarboyjonga jiddiy e’tiroz bildirmadi va Armanistonda vaziyatni tan olishdan boshqa chora qolmadi.

Albatta, Armanistonga Tog‘li Qorabog‘ni Ozarboyjon hududi sifatida tan olish juda og‘ir, lekin Turkiya va Ozarboyjonning maqsadi – Armanistonni tinchlantirish va Yerevan rasmiylarini vaziyatdan manfaatdor ekaniga ishontirish. Kavkazdagi savdo jarayonlarida Turkiya va Ozarboyjon katta rol o‘ynashni boshlasa, u yer turkiy dunyoga, jumladan bizga ham bog‘liq mintaqaga aylanadi. O‘zbekiston manfaatlari nuqtayi nazaridan mintaqadagi asosiy kuch Ozarboyjon bo‘lishi kerak, uning aholisi 10 milliondan oshyapti, Armaniston aholisi 3 mln, Gruziya aholisi 3 mlndan ko‘proq. Bundan tashqari, hududda Turkiyaning roli oshib boradigan bo‘lsa, u yerda Rossiyaning ta’siri ikkinchi darajaga tushadi. Natijada Kavkazda asosiy sahnaga turkiy davlatlar chiqishni boshlaydi.

— Ozarboyjon nega harbiy yo‘lni tanladi va bu masalada Turkiya ta’siri hal qiluvchi rolni o‘ynadimi?

— Tinchlik yo‘lini tanlash – bu konfliktni muzlatish degani, uning yechimi emas. Nazarimda, bu mojaroni hal qilishda eng asosiy omil – bu Turkiya. Urush taqdirini belgilab bergan narsa Turkiyaning uchuvchisiz uchuvchi qurilmalari bo‘ldi. Harbiy ekspertlarning fikricha, Turkiya va Ozarboyjon mazkur urushga uzoq va puxta tayyorgarlik ko‘rgan. Ular katta insoniy talafotlarsiz Tog‘li Qorabog‘ni qaytarib olishga erishdi va bu taqdirini uchuvchisiz samolyotlar hal qilib bergan birinchi urush edi.

Armanistonning harbiy texnikalari Rossiya, ya’ni sobiq ittifoqning eski taktika va texnikalariga asoslangan mashinalar edi va ular qaqshatqich zarba qabul qilib oldi. Urush davomida bir kun ichida o‘nlab yoki yuzlab kilometr hududlar egallanishi kamdan kam uchraydigan holat va Turkiyaning yordamisiz Ozarboyjon bunday muvaffaqiyatga erisha olmas edi.

Bu vaziyatda Eron qanday manfaatlarga ega edi? Eronda aholining uchdan bir qismi etnik ozarboyjonlar deyiladi, hatto hozirgi oliy rahbar ham etnik ozar ekani aytiladi. Shuning uchun Ozarboyjon bir muddat o‘z nomini Shimoliy Ozarboyjonga o‘zgartirmoqchi ham bo‘ldi. Bundan Janubiy Ozarboyjon mamlakati mavjud degan xulosa kelib chiqishi mumkin edi, shu sababli Eron bunga qarshi chiqdi.

Kavkazda ikkita jamoa bor. Bular – Ozarboyjon va uning ittifoqchilari (AQSh, Isroil) hamda Armaniston va uning ittifoqchilari (Rossiya, Eron). Bu ittifoqlarning tarixi uzoqroq, biroq asosan 1990 yillarda mana shunday konfiguratsiya shakllanib boshlagan.

— Turkiy davlatlar va O‘zbekiston uchun mojaro hal bo‘lishi qanday ahamiyatga ega?

— Bu biz uchun juda katta ahamiyatga ega, chunki turkiy dunyo o‘zining tarixiy hududini qaytarib olyapti. Hali mustaqil bo‘lmagan turkiy xalqlar va davlatlar boshqalar nazorati ostida qolyapti. 20-asrda turkiylarni mustamlaka qilgan 3 ta mamlakat bor, bular Rossiya, Xitoy va Eron. Bu uchta davlat turkiy davlatlarga qarshi yaxshi aloqalarga ega.

Tog‘li Qorabog‘ning qaytarib olinishi va Ozarboyjonning Kavkazdagi nufuzi ko‘tarilishi turkiy davlatlar uchun juda katta ahamiyatga ega. Ozarboyjon hududi yaxlit bo‘lishi bizga ular orqali tashqi dunyoga, jumladan Turkiya va Eronga chiqish uchun qulay sharoit yaratadi. Bundan tashqari, kelajakda Markaziy Osiyoda ham hududlar bilan bog‘liq mojarolar yuzaga kelganida, O‘zbekiston hududlarni tan olishda xalqaro huquq tamoyillariga asoslanishiga erishishi kerak.

Albatta, Kavkazdagi vaziyat hali to‘liq o‘z yakuniga yetgani yo‘q, biz ham jarayonlarni diqqat bilan kuzatib boramiz.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Armaniston Rossiyadan yuz o‘girdi. Qorabog‘ muammosi yechim topyaptimi?
ePN