20:03 / 10.07.2023
322

Oxirgi 8-9 yillik tarixdagi eng issiq harorat yuz berishi kutilmoqda

Oxirgi 8-9 yillik tarixdagi eng issiq harorat yuz berishi kutilmoqda

Iyul oyi boshida BMTning Jahon meteorologiya tashkiloti (JMT) Tinch okeanining tropik qismida yetti yil ichida birinchi marta “El-Ninyo” sharoiti yuzaga kelganini e’lon qilgandi. Bu hodisa global haroratning keskin oshishi va haddan ortiq issiq ob-havo ehtimolini oshiradi. Iqlimshunos Erkin Abdulahatovning ma’lum qilishicha, shu kunlarda “El-Ninyo” dunyo iqlimiga o‘z ta’sirini ko‘rsata boshladi.

“El-Ninyo” — Tinch okeani markaziy va sharqiy tropiklarida suv yuzasidagi haroratning ko‘tarilishi bilan bog‘liq iqlim rejimi hisoblanib, o‘rtacha 2-7 yilda bir marta sodir bo‘ladi va odatda 9 oydan 12 oygacha davom etadi. JMT hisobotiga ko‘ra, 2016 yil “El-Ninyo” yuz berishi tufayli rekord darajadagi issiq yil bo‘lgan.

"Dunyodagi eng katta fenomen “El-Ninyo” dunyo iqlimiga o‘z ta’sirini ko‘rsata boshladi. Tinch okeani markaziy va sharqiy mintaqalarida suv haroratining me’yordan 3 darajagacha yuqori ko‘tarilib ketishi allaqachon dunyoda kunlik harorat rekordlari yangilanishiga olib keldi. Hozirda Antarktida uchun qish chillasi hukmron bo‘layotgan bir paytda qit’a markazida g‘ayritabiiy yuqori harorat kuzatilmoqda.

Avvaliga 3—4 iyul kunlari sayyorada o‘rtacha sutkalik havo harorati orqama-ketin +17 darajadan yuqorilab ketib, o‘tmish “El-Ninyo” ya’ni 2016 yil avgustdagi +16,92 daraja kuzatilgan eng issiq kun rekordini yangiladi. Keyinroq, 6 iyul kuni sayyorada sutkalik o‘tacha havo harorati +17,23 darajaga yetdi.

“El-Ninyo” ta’sirida dunyo atmosferasida havo oqimlarida keskinlik ortmoqda. O‘zbekistonda ham bahor va yoz oyi boshlaridagi sel-suv toshqinlari bilan bog‘liq “sokinlikdan” so‘ng respublikaning tog‘li hududlarida sel hodisalari faollashib qoldi.

7 iyulning o‘zida Qamchiq dovonida sel hodisasi ikki kishi o‘limi bilan yakunlandi. Shu kuni Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumani tog‘ yo‘llarida ham sel oqimi va yo‘lga tushgan xarsang tosh yo‘l qatnovini vaqtincha to‘xtatib qo‘yibdi", — deb yozadi Erkin Abdulahatov.

O‘tmishda sodir bo‘lgan “El-Ninyo”lar butun dunyo qishloq xo‘jaligi va iqtisodiyotiga muammolar tug‘dirgan. Shuning uchun ekspertlar barcha mamlakatlar uning salbiy oqibatlarini kamaytirish uchun choralar ishlab chiqishi zarurligini takrorlamoqda.

"O‘zbekistonliklar “El-Ninyo” hodisasi ta’siri ostida 2016 yil O‘zbekistonda qanday mavsumlar kuzatilganini yaxshi eslashsa kerak. Iliq qish, issiq bahor va jazirama yoz ketidan kuzning oktyabri sovuq, noyabrda esa qor yog‘ib yuborgandi. Ammo tog‘larda yilning sovuq davrida me’yordan ko‘p yog‘in yog‘ishi daryolarda suv ta’minotining bir oz yaxshi bo‘lishini ta’minlagan. Juda iliq qish ortidan bahor va yozda birinchi marta mintaqa “qurt-qumursqalar hujumiga” guvoh bo‘lganini ham esdan chiqarmaslik lozim. Agar 2016-anolog yilga ishonilsa, kelayotgan qishimiz ham iliq bo‘lishi mumkin. Albatta, bu uzoq muddatli prognozlar. Uning o‘zini oqlash darajasi juda past. Lekin yo‘qdan ko‘ra bor maqoliga amal qilinsa, kelgusi qadamlar shu asnoda tashlansa, yomon bo‘lmaydi", — deya “AzonTV” loyihasidagi chiqishida fikr bildirgan Erkin Abdulahatov.

Prognozlarga ko‘ra, 2024 yil dunyoda oxirgi 8-9 yillik va kuzatuvlar tarixidagi eng issiq yil bo‘lishi mumkin.

Ma’lumot uchun, Toshkent shahrida 1997 yil 18 iyulda termometr ustuni +44,6 daraja issiqni qayd etgandi. Bu o‘sha davr uchun so‘nggi 160 yillik kuzatuvlar tarixidagi eng yuqori, rekord darajadagi issiq haroratdir. Mazkur rekord darajadagi eng issiq harorat aynan o‘tmish “El-Ninyo” davrida kuzatilgan.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Oxirgi 8-9 yillik tarixdagi eng issiq harorat yuz berishi kutilmoqda
ePN