Foto: dunyo.info
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining Abu Ali Ibn Sino ilmiy merosini o‘rganish bo‘yicha ishchi guruhi Eronga bordi.
Ilmiy safar davomida ekspeditsiya a’zolari Eron milliy kutubxonasi va davlat arxivida bo‘ldi, shuningdek, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti Madaniyat institutida «O‘zbekiston–Eron» I xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkazildi.
Xususan, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Shoazim Minovarov Eron milliy kutubxonasi va davlat arxivi raisi Alirizo Muxtorpur, Eron milliy kutubxonasi va davlat arxivi raisi o‘rinbosari Esmat Mumini va professor Najafquli Habibi bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
Muloqot chog‘ida Eron milliy kutubxonasi va davlat arxivi raisi Alirizo Muxtorpur O‘zbekistonda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan ijobiy islohotlar, jumladan madaniy-gumanitar, ilm-fan va innovatsiyalar sohasidagi o‘zgarishlarni olqishladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston va Eron Prezidentlari o‘rtasida amalga oshirilgan o‘zaro tashriflar va ular doirasida imzolangan hamkorlik hujjatlari, xususan, ikki mamlakat Ibn Sino jamg‘armalari o‘rtasidagi hamkorlik memorandumi hamda Buxoro va Hamadon viloyatlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarning o‘rnatilishi o‘zaro aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish uchun xizmat qilmoqda.
«Markaziy Osiyo va ayniqsa O‘zbekistondan bo‘lgan olimu ulamolarning dunyo tamadduniga qo‘shgan hissasini alohida qayd etish kerak. O‘zbekiston va Eron xalqlarining tarixi va dini birdir. Ikki mamlakat tarixida Ibn Sino, Al-Xorazmiy, Boysunqur mirzo kabi buyuk shaxslarning o‘rni juda katta», - dedi u.
Mamlakatimiz delegatsiyasi a’zolarining Eron milliy kutubxonasi va davlat arxivi bo‘ylab ekskursiyasi uyushtirildi. Delegatsiya a’zolari kutubxonada saqlanayotgan barcha kitob va qo‘lyozmalar, jumladan, Ibn Sino, Xorazmiy va Temuriylarga oid manbalar bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Uchrashuv yakunida Eron tomoni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi kutubxonasi va Ibn Sino jamoat fondi uchun 2 nusxada Abu Ali Ibn Sinoga oid 45 jilddan iborat Eronda saqlanayotgan va 20 jilddan iborat Iroqda saqlanayotgan kitoblar to‘plamini taqdim qildi.
Safar davomida O‘zbekiston delegatsiyaning Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti Madaniyat instituti prezidenti Murodjon Bo‘riboyev bilan uchrashuvi tashkil etildi.
Muloqot chog‘ida Murodjon Bo‘riboyev 2023 yil 9 iyul kuni O‘zbekistonda o‘tkazilgan Prezident saylovida xalqaro kuzatuvchi maqomida ishtirok etgani va ushbu saylov demokratik tamoyillarga mos tarzda o‘tganini ma’lum qildi. «Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida so‘nggi yillarda O‘zbekistonda juda katta ijobiy o‘zgarish va islohotlar amalga oshirilmoqda. Buning natijasida Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida yaqin qo‘shnichilik aloqalari yanada rivojlanib bormoqda», dedi u.
Shundan so‘ng, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti Madaniyat institutida «O‘zbekiston-Eron» I xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Abu Ali Ibn Sino hayoti va uning jahon fani taraqqiyotiga qo‘shgan ulkan hissasi borasida o‘zaro fikr almashildi.
Buyuk qomusiy olim Abu Ali Ibn Sino hayoti va faoliyatini o‘rganishda o‘z hissasini qo‘shib kelayotgan olimlarga O‘zbekiston Ibn Sino jamoat fondi tomonidan esdalik sovg‘alar va IHT Madaniyat instituti tomonidan maxsus tashakkurnomalari topshirildi.
O‘zbekiston Ibn Sino jamoat fondi direktori Nozimjon Maxmudov o‘z chiqishida Eron tomonini joriy yil oktyabr oyida Buxoroda o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan XII xalqaro Ibn Sino o‘qishlari ilmiy-amaliy anjumaniga taklif qildi.
Abu Ali Ibn Sino ilmiy merosini o‘rganish bo‘yicha ishchi guruhning Eronga tashrifi davom etmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!