11:30 / 26.07.2023
509

9 yil avval «urush tepkisini bosgan» Strelkov nega qamaldi?

9 yil avval «urush tepkisini bosgan» Strelkov nega qamaldi?

Foto: Reuters

«DXR» sobiq mudofaa vaziri Igor Girkin (Strelkov) ekstremizmga chorlashda ayblanib, qo‘lga olindi. Strelkov tergovdan qochmaslikka so‘z bergan bo‘lsa-da, uni ehtiyot chorasi sifatida hibsga olishdi va aybi isbotlangan taqdirda 5 yilgacha qamalishi mumkin. Dunyoda uni harbiy jinoyatchi deb bilishadi. Malayziya «Boing»ini urib tushirishda aybdor deb topilgan Strelkov Haaga sudi tomonidan sirtdan umrbod qamoqqa hukm qilingan. Rossiyada esa u urushning eng mashhur tarafdorlaridan biri va ultrapatriotlar yetakchisi sifatida Vladimir Putinning ashaddiy tanqidchisi.

Strelkov qo‘lga olingani haqida avvaliga RBK nashri o‘z manbalariga tayanib xabar berdi. Keyinroq Strelkovning 800 mingdan ortiq o‘quvchisi bo‘lgan Telegram-kanalida uning qo‘lga olingani haqida xotini Miroslava Reginskayaning bayonoti chiqdi. Ayolning so‘zlariga ko‘ra, erini noma’lum tomonga olib ketishgan, bu vaqtda u uyda bo‘lmagan.

Kechga yaqin Strelkov qo‘lga olingani va ekstremizmda ayblanayotgani rasman tasdiqlandi. Meshchanskiy sudi saytida bu borada ikki enlik xabar berildi. Strelkov Rossiya jinoyat kodeksining 280-modda 2-qismida ko‘rsatilgan internet orqali ekstremizmga chorlash jinoyatini sodir etgani isbotlansa, 5 yilgacha qamalishi mumkin.

Strelkovga nisbatan bungacha ham sud hukmi chiqqanini unutmaslik kerak. 2022 yil noyabr oyida Haaga sudi Malayziyaning «Boing» samolyotini urib tushirishda Strelkovni aybdor deb topib, uni bir umr qamoq jazosiga hukm qilgan.

«Davlat odami»

Haaga sudi bir umrlik qamoq hukmini chiqarganda Strelkovni hech kim himoya qilmagandi. Moskvadagi sudda esa uning himoyasiga advokat Aleksandr Moloxov hozir bo‘ldi. Bu advokat o‘z vaqtida «MMM» iqtisodiy piramidasi asoschisi Sergey Mavrodani, millatchi Daniil Konstantinovni, mudofaa vazirligi mansabdori Yevgeniya Vasilevani, milliarder Oleg Deripaskaning xushtori ekani aytilgan eskort xizmati vakili Nastya Ribkani, «Yabloko» partiyasi yetakchisi Sergey Mitroxin va hatto qamoqda o‘lib ketgan auditor Sergey Magnitskiyni himoya qilgan. Advokat Moloxov 2014 yilda «Yabloko» partiyasidan Moskva shahar dumasiga saylanish uchun nomzod ham bo‘lgan.

Bu gal mashhur advokatda o‘z mijozini o‘rganish uchun ko‘p vaqt bo‘lmadi va ular sud zalidagina uchrashishdi. Soat 17:00 atrofida Strelkovni sud zaliga olib borib, «qafas»ga tiqishdi. Uning yonida yuziga niqob tutgan FSB zobiti turgandi. Strelkov OAV vakillari bilan gaplashishdan bosh tortdi.

Igor Girkin (Strelkov)ga Meshchanskiy sudida qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llandi.
Foto: SERGEI BOBYLEV/TASS

«Girkin mashhur odam, huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan aloqalari bor», dedi FSB tergovchisi uni qo‘lga olish zarur bo‘lganini ta’kidlar ekan. Tergovchining so‘zlariga ko‘ra, Strelkov tezkor-qidiruv ishlari olib boradigan bo‘linmada xizmat qilgan va ozodlikka chiqsa, osongina yashirina oladi.

«Igor Ivanovich tizimga begona emasligi uning foydasiga xizmat qilishi kerak. Axir u davlat odami. Mijozim aybini tan olmaydi, yashirinish yoki tergovdan nimanidir berkitishni maqsad qilmagan», dedi advokat. U FSB keltirgan argumentlarni asossiz deb atagan.

Strelkovning o‘zi suddan uni uy qamog‘ida qoldirishni so‘radi va bunga asos qilib ikkinchi bosqichdagi stenokardiya (yurak kasalligi) bilan og‘rigani, dori ichib yurishi kerakligini keltirdi.

«Tergovchining chet elga qochishim haqida gaplari kulgili. Axir men ko‘p davlatlarda Interpol qidiruvida bo‘lsam. Haaga sudi qilmagan ishim uchun umrbod qamoqqa hukm qilgan. Davlat xavfsizlik xizmati ofitseri sifatida tergovdan qochmoqchi emasman», dedi Strelkov.

Ammo sudya Olesya Mendeleyeva bu gaplarga ishonmadi va uni qamoqqa yubordi. Darvoqe, bir yil avval Rossiya armiyasi haqida feyk tarqatishda ayblanib 7 yilga qamalgan deputatga ham aynan mana shu sudya hukm o‘qigandi.

Rossiyada yana kimlar ekstremizmga chorlovda ayblangan?

Putinning asosiy tanqidchisi Aleksey Navalniyga nisbatan juda ko‘p ish ochilgan va ulardan biri aynan ekstremizmga chorlov bo‘yicha ayblov. Urush boshlanganidan buyon Moskva sudlarining o‘zida besh kishi ekstremizmga chorlovda ayblanib qamaldi. Masalan, uglichlik Denis Popov ekstremizmga chorlov va teraktga urinish ishlari bo‘yicha aybdor deb topilib, 7 yilga qamalgan.

2022 yil dekabr oyida «Moskva ishi» figuranti Vladislav Sinitsga ham yuqoridagi ayblov qo‘yilgan. Bu vaqtda ayblanuvchi dushmanlik va nafrat uyg‘otishda ham aybdor deb topilib, 2019 yildan buyon qamoqda jazo o‘tayotgandi. 2023 yil aprel oyida permlik millatchi Artyom Shipilovskiy ham Rossiya JK 280-moddasi 2-qismi bilan aybdor deb topilgan.

Aleksey Navalniy asos solgan Korrupsiyaga qarshi kurash fondi operatori Pavel Zelenskiy 2021 yil jurnalist Irina Slavina o‘z joniga qasd qilgani haqida qoldirgan ikkita tviti uchun xuddi shu ayblov bilan ikki yillik kalonnaga hukm qilingan, keyinchalik esa jazo yumshatilgandi. 2019 yil moskvalik talaba Yegor Jukov YouTube'dagi videosi uchun shu ayblov bilan 3 yilga qamalgan.

«G‘azablangan ahmoqlar klubi»

Sudda ma’lum bo‘lishicha, FSB Strelkovga qarshi 18 iyulda ish ochgan. Sabab sifatida uning kanalida 25 may kuni e’lon qilingan postlari keltirilgan. Advokat Moloxov aytganidek, mijozi Qrim haqida, 105 va 107-desant polklariga pul to‘lab berilmayotgani haqida o‘sha postlarda aytgan gaplarini rad etmaydi.

Advokat jinoiy ish ochishga FSB kriminalistika instituti mutaxassisi tomonidan keltirilgan yagona dalil g‘alati ekanini aytgan. «Unda 25 maydagi ikkita post tahlil qilingan: Qrim masalasi va pul bermaslik oqibatida yuzaga kelajak tartibsizlik haqida», deydi advokat. Uning so‘zlariga ko‘ra, qandaydir qrimlik odam Strelkovning postlarini o‘qib g‘azablangani jinoiy ish ochishga asos qilib keltirilgan.

Bundan avvalroq RBK nashri Strelkov o‘z vaqtida «Vagner» XHKda jarroh sifatida ishlagan Dmitriy Petrovskiy yozgan arizaga ko‘ra qo‘lga olingani haqida yozgandi. Bu shifokorning o‘zi ham urush vaqtida hukumatni tanqid qilib keladi. Petrovskiy Yaroslavlda plastik jarroh bo‘lib ishlagan mahalliy aktivistlardan biri. 2016 yil mart oyida u «Alternativ Maslennitsa» aksiyasini o‘tkazadi. Unda kim xohlasa, yaroslavllik siyosatchilar tasvirlangan suratlarni yoqishi mumkin bo‘lgan. O‘sha yili Petrovskiy «Yedinaya Rossiya»dan mahalliy kengashga deputat etib saylanadi. 2018 yilda esa bepul tibbiy xizmat va nafaqani bekor qilish kerakligi haqida gaplari uchun partiyadan haydalgan.

«G‘azablangan patriotlar klubi» konferensiyasi, 2023 yil iyuni
HTTPS://VK.COM/KRPRUS

Petrovskiy BBC bilan suhbatda Rossiya Bosh prokuraturasiga murojaat qilib, Strelkovning bayonotlarini o‘rganishni so‘raganini tasdiqladi. Ammo shifokor Strelkovni qo‘lga olishlariga aynan shu ariza asos bo‘lgani yoki yo‘qligini bilmaydi. Uni ish bo‘yicha tergov jarayoniga jalb etishmagan.

«Ariza yozishimga o‘rtoq Girkin o‘zini vatanparvar ko‘rsatib davlatimizga qarshi turgani sabab bo‘ldi. U davlatni, prezidentni haqorat qiladigan gaplar gapirdi. Men bunga chidab turolmadim va Bosh prokuraturaga ariza yozdim.

Uning Telegram-kanalini kuzatsangiz, ekstremizmga chorlovlar bilan to‘la ekanini ko‘rasiz. 18 iyuldan boshlab esa u turli guruhlarni ekstremizmga chorlovchi postlar qo‘ygan», degan shifokor. Ammo u gap aynan qaysi postlar haqida ketayotganini aytishdan bosh tortgan.

Strelkov 18 iyul kuni «davlat tepasida turgan odam»ni «pastkash» va «qo‘rqoq» deb atagan, Putinning atrofidagilar, shuningdek, «Vagner» XHKni tanqid qilgandi. Ammo uning postlari butun yil davomida yozib kelgan boshqa postlaridan unchalik farq qilmasdi.

Petrovskiyning aytishicha, Strelkov bilan hech qachon ko‘rishmagan, ammo u o‘zining «G‘azablangan vatanparvarlar klubi» bilan budjet pullariga chang solayotganidan xabardor. «Ular hech qanaqa patriot emas, ular g‘azablangan ahmoqlar klubi», degan shikoyatchi.

«Vagner» XHK rahbari Yevgeniy Prigojin Putinning manziliga Strelkovdan kam bo‘lmagan tanqidlar yog‘dirgan, butun boshli harbiy isyon uyushtirgan, Putin esa uni xoin deb atagandi. Ammo shifokorning so‘zlariga ko‘ra, bu ishlar jinoiy javobgarlik uchun asos bo‘la olmaydi.

Urush boshlagan, «Boing»ni urib tushirgan, medalini sotgan

Igor Girkin yoshligida tarix bo‘yicha o‘qigan, ammo mutaxassislik diplomini qo‘lga kiritgach, ilm-fan bilan shug‘ullanish o‘rniga Moldovaning Dnestrbo‘yi avtonomiyasiga jang qilgani ketadi. O‘shanda u yerda fuqarolik urushi ketayotgandi. Rasmiy biografiyasida yozilishicha, harbiy xizmatni birinchi chechen urushi vaqtida o‘tab, keyinchalik shartnoma asosida FSB maxsus bo‘linmasi safida qolgan. Shimoliy Kavkazdagi harbiy harakatlarda qatnashgan, 2013 yil polkovnik darajasida FSBdan ketkazilgan.

2014 yil yanvar oyida Strelkov rossiyalik «pravoslav oligarx» deb ataladigan Konstantin Malofeyevning qo‘riqchisi sifatida Kiyevga boradi. Ular go‘yoki Rus pravoslav cherkovi egidasi (homiyligi) ostida Yunonistonning Afon shahridan Ukraina poytaxtiga «Sehrgarlar sovg‘asi»ni olib borishgan, bu vaqtda Ukrainada hukumat ag‘darilish arafasida turgan va Maydan namoyishlari avjiga chiqqandi.

Mart oyida Strelkov Qrimni egallashda ishtirok etadi. Aprelda esa oz sonli askarlari bilan Donetsk oblastidagi Slovyansk shahrini egallaydi. Aynan mana shu to‘qnashuv ortidan Ukraina sharqida harbiy harakatlar boshlanib ketgandi. Keyinroq Strelkov bu haqda shunday degandi: «Urushni boshlagan tepkini baribir men bosgandim. Agar bizning otryad chegarani kesib o‘tmaganida, hammasi tugardi. Xarkiv va Odessada bo‘lgani kabi. Ha, hozirgacha aylanib turgan urush g‘ildiragini bizning otryad bosgandi».

2014 yil. Igor Girkin (Strelkov) Ukraina qurolli kuchlarining egallab olgan binosida jurnalistlar bilan muloqot chog‘ida. Foto: MIKHAIL POCHUEV/TASS

AQSh terrorchilar safiga kiritilgan «Donbassdagi ko‘ngillilar koordinatori» Aleksandr Juchkovskiy «Slovyanskning 85 kuni» asarida yozishicha, Strelkov Donetskka kirishiga Moskvadagi ba’zi odamlar ruxsat bermagan, ammo u mustaqil qaror qabul qilib, taqiqlarga quloq solmagan. Uning guruhi Ukraina chegarasini buzib kirib, hozirgacha davom etayotgan urush olovini yoqqan.

To‘qnashuvlarning birinchi haftasida Strelkov anonimlikni saqlab qolishni istaydi va faqat niqobda ko‘rinish beradi. 2014 yil 26 aprelda ilk marta yuzi ochiq holda intervyu berib, tezda Slovyanskdagi harakatlarni qo‘llaydigan kremlparast nashrlar qahramoniga aylanadi. Slovyansk uchun janglar 5 iyulgacha davom etadi. Bu vaqt davomida Strelkov xuddi o‘zi tanqid qiladigan Yevgeniy Prigojin kabi mudofaa vazirligidan snaryad va qurol so‘rab keladi. Ammo ular kelishini kutib o‘tirmay o‘z jangchilarini Donetskka olib ketib, o‘zini «DXR» mudofaa vaziri deb e’lon qiladi.

2014 yil 17 iyulda esa Donbass osmonida Malayziyaning «Boing» MH-17 samolyoti urib tushiriladi. Uchoq bortida bo‘lgan 298 yo‘lovchining barchasi halok bo‘ladi. Vafot etganlar orasida eng ko‘p Niderlandiya, Malayziya va Astraliya fuqarolari bo‘lgan. Strelkov ortda qolgan yillar davomida bu samolyotni uning guruhi yoki o‘zi urib tushirganini rad etib keladi. Halokat sodir bo‘lgan kunda esa «Ivan Ivanovich Strelkovdan hisobot» pabligida An-26 samolyoti urib tushirilgani haqida xabar paydo bo‘lib, unga «Axir bizning osmonimizdan uchmang degandik-ku» degan izoh qo‘shimcha qilinadi. Bu postdagi videoda esa aynan «Boing» qoldiqlaridan chiqayotgan tutun ko‘rinadi. Aslida Ukrainaning harbiy samolyoti emas, Malayziyaning yo‘lovchi samolyoti urib tushirilgani aniq bo‘lgach post o‘chirib yuboriladi.

2019 yil. Niderlandiya. Politsiya shefi, Birlashgan tergov guruhi a’zosi bo‘lgan Uilbert Polissen Malaysia Airlines MH17 samolyoti halokati tergovi yakunlari bo‘yicha matbuot anjumanida. Foto: EPA

Halokat yuzasidan mahkamada sud «Boing» Snejnoy yaqinidagi Pervomaysk fermasidan turib «Buk» raketa tizimi orqali urib tushirilgani to‘g‘risida faktlarni ishonchli deb topadi. Strelkov, uning o‘sha vaqtdagi o‘rinbosari Sergey Dubinskiy va Ukraina fuqarosi Leonid Xarchenko bir umrlik qamoq jazosiga hukm qilinadi.

2014 yil 15 avgustda Ukraina hududni tark etgan Strelkov Rossiyaga qaytadi. O‘shanda o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan «Donetsk xalq respublikasi» «rahbari» lavozimini egallagan polittexnolog Aleksandr Boroday ham ishdan ketadi va uning o‘rnini donetsklik Aleksandr Zaxarchenko egallaydi.

Strelkov va Boroday uzoq vaqt do‘st bo‘lishadi, ammo o‘sha voqealar fonida kelishmay qolishadi. Boroday Rossiya hukumati xizmatida qolib markaziy OAVda chiqishda davom etadi va keyin Duma deputatiga aylanadi. Strelkov esa o‘ziga xos harbiy muxolif pozitsiya tanlaydi. Shu sabab uni TVda ko‘rsatmay qo‘yishadi. U «Novorossiya» fondi ochib sobiq jangchilariga yordam berishga harakat qiladi.

«Bizni ortiq televizorda ko‘rsatishmaydi. Ular ko‘pchilikda Donbass tinchlik tomon ketmoqda degan xulosa shakllantirmoqchi. U yerdagi har kunlik otishmalar, odamlar o‘layotgani haqida xabarlarda aytishmaydi. Bu mavzu modadan qoldi. O‘z navbatida, insonparvarlik yordami yuborish ham kamaydi. O‘tgan yil bilan taqqoslasa ba’zi joylarga to‘qqizga bir nisbatda kamaygan», deb noligandi Strelkov 2016 yilgi chiqishlaridan birida. U ochgan fond Moskvadagi «Taganskaya» metro bekati yaqinidagi bir nechta xonadan iborat binoni egallaydi. Xona devorlariga Nikolay II va Vladimir Putinning suratlari ilinadi.

2016 yil. Strelkov fondidagi majlis

Navalniy bilan debat

2017 yilda Strelkov hozir qamoqda bo‘lgan Rossiya muxolifat yetakchisi Aleksey Navalniy bilan debatda ishtirok etadi. Ularning har ikkisi boshqacha pozitsiyadan turib bo‘lsa ham Rossiya hukumatini tanqid qilardi.

2019 yilda esa Strelkov moliyaviy muammoga uchragani sabab Qrim anneksiyasi uchun olgan medalini sotuvga qo‘yadi.

2022 yil 24 fevralda Rossiya Ukrainaga bostirib kirgach, Strelkov bir necha marta frontga borishga harakat qiladi, ammo bunga yo‘l qo‘yishmaydi. 2022 yil avgust oyida uni anneksiya qilingan Qrim hududida qo‘lga olishadi. U mo‘ylovini olib Sergey Runov nomiga olingan pasport bilan jang maydoniga o‘tmoqchi bo‘ladi. Ammo Strelkovning o‘zi qo‘lga olinganini rad etib, ertami kechmi aniq frontga borishini qo‘shimcha qiladi.

2022 yil oktyabr oyida oxirgi marta frontga borishga urinib ko‘radi. U bir muddat ko‘rinmay qoladi va Rostovdagi chegara yaqinida yurgani aks etgan suratlar tarqaladi. 2022 yil 5 dekabr kuni Moskvaga qaytganini e’lon qiladi va shundan keyin frontga borish harakatlarini to‘xtatadi.

«Oliy noqo‘mondon» va «Fanerli marshal»

Avvaldan ijtimoiy tarmoqlarda yaxshigina faol bo‘lgan Strelkov urush boshlangach bunga yanada ko‘proq e’tibor qaratdi. Masalan, qo‘lga olingan kuni uning Telegram-kanalida 875 ming o‘quvchi bor edi. Bu esa Rossiya bosh propagandachilaridan biri bo‘lmish Margarita Simoyanning obunachilari sonidan ikki baravar ko‘p. Strelkov YouTube'da jonli efirlar qilib turardi, ammo urush boshlanganidan keyin uning kanali bloklanadi. Shu bois, boshqa blogerlarning efirlarida ko‘rinish berishga, qamrovi kichik efirlarda chiqishga majbur bo‘ladi.

Uning chiqishlari hukumatga yaqin nashrlarda emas, asosan muxolif kanallarda ommalashadi. Hatto ukrain nashrlarida ham. Chunki Strelkov urush boshlanganidan buyon Rossiya hukumatini tanqid qilib kelayotgandi. U Rossiyada urushga oid tanqidlarni yog‘dirayotgan yagona odam emas. Masalan, Ukrainaning Xarkiv yo‘nalishida amalga oshirgan muvaffaqiyatli qarshi hujumi natijasida ruslar daryoning narigi sohiliga siqib chiqarilganida tanqidlar ayniqsa ko‘paygandi. Ammo Strelkovning tanqid ohangi alohida generallar yoki kichik qarorlarni tanqid qiladigan hukumat nazoratidagi harbiy muxbirlarnikidan farq qiladi.

«Oliy noqo‘mondon» (Vladimir Putin – BBC), «Fanerli marshal» (Sergey Shoygu), «tillaga burkangan xo‘rozlar», «masxarabozlar» (rus genarallari), «Qora masxaraboz» (Yevgeniy Prigojin), «General Mu-Mu» (Valeriy Gerasimov), «bizning ahmoqlar» (rus mulozimlari) – bular Strelkov har kunlik chiqishlarida Rossiya elitasini «ta’riflaydigan» eng yomon iboralar emas.

Bo‘lib o‘tayotgan voqealarga nisbatan Strelkovning nuqtayi nazarini quyidagicha ifodalash mumkin: uquvsiz harbiy rahbariyat urushni yomon olib bormoqda va chegaralar mustahkamligini ta’minlay olmayapti. Siyosiy mulozimlar esa mamlakatni harbiy relsga o‘tkaza olishmayapti va oqibatda Rossiya urushda yengilish, buning ortidan tarqalib ketish xavfi ostida qolmoqda.

Masalan, uning quyidagi iqtibosiga e’tibor bering: «Oliy noqo‘mondonning harbiy muxbirlar oldidagi bugungi nutqi menda dushman hujumining birinchi haftasi davomida uyg‘ongan oxirgi nekbin xulosalarni ham rasvo qildi. Buni faqat «Ityurak»dagi t.Shvonderning so‘zlari bilan ifodalashim mumkin: «Bu... shunchaki sharmandalik!».

Bahorda Strelkov «G‘azablangan vatanparvarlar klubi» tuzilganini e’lon qilib, unga 2014 yil o‘zini Donetsk oblasti «gubernatori» deb e’lon qilgan Pavel Gubarevni rahbar etib tayinlaydi.

2023 yil 21 iyul. Pavel Gubarev Igor Strelkov qamoqqa olinganidan keyin piket uyushtirgani uchun qo‘lga olindi. Foto: SERGEI BOBYLEV/TASS

Strelkov va Gubarev ishga jiddiy kirishadi. Hatto Peterburgda vakolatxona ochishga ulgurishadi. Moskvada 400 kishi ishtirokida o‘tgan matbuot anjumanida esa agar urush uchun mas’uliyatni gardaniga ololmaydigan bo‘lsa, Putinni iste’foga chiqishga chaqiradi.

Strelkov bu klubi orqali chinakamiga katta siyosiy kuch yig‘ishga intilgani yoki yo‘qligi aniq emas. U 2015 yilda ham shunga o‘xshash mashhurlikka erishgandi. Rossiya «chet el agenti» deb e’lon qilingan «Levada markazi» o‘shanda Strelkovni taniydiganlar soni birdaniga 27 foizga oshganini xabar qilgan. Ammo 2022 yilga kelib uning mashhurlik darajasi tushib ketgandi. Moskvaliklar orasida o‘tkazilgan so‘rovnomada unga atigi 0,4 foiz odam ishonch bildirishini ma’lum qilgan. Mashhurlikda uni Aleksey Navalniy (2,6) va Sergey Shoygu (11,8) ortda qoldirgan.

Rossiyadagi «vatanparvar qatlam» Strelkovning keskin chiqishlariga avvaliga ehtiyotkorlik bilan yondashadi. Keyinroq esa uning chiqishlarini qoralay boshlashadi. Masalan, mamlakat bosh propagandachisi Vladimir Solovev u haqda «kunduzi yuradigan yo‘lini topa olmaydigan juldirvoqi» deb ataydi. Shuningdek, Strelkovni «Slovyanskdan qo‘rqoqlarcha qochish»da ayblaydi.

Mash Telegram-kanali aprel oyida Strelkovni urush uchun pul yig‘ayotgani sabab armiyani kamsitish ayblovi bo‘yicha tekshirishlari haqida yozgandi. Ko‘pchilikka bu fikr ma’qul bo‘ladi. Masalan, Duma deputati Oleg Motveychevga. «Strelkov nima bo‘layotgani, bizning strategiyamiz nimadan iborat ekanini umuman tushunmaydi. U o‘zining bir burda aqli bilan tepadagilarning rejalarini tushunmoqchi bo‘ladi. U hammaga loy chaplashi emas, tepada ham ahmoqlar o‘tirmagani, u dunyoda eng aqlli odam emasligini tushunishi kerak», degan deputat.

Ukrainada Strelkov bilan bo‘layotgan voqealarni qanday qarshilashdi?

BBC'ning Kiyevdagi muxbiri Svyatoslav Xomenko:

Ukrainada Igor Strelkovga qanday qarashlarini tushunish uchun 2020 yil may oyida Kiyevda bo‘lgan bir voqeani eslaylik. Ukrainalik mashhur jurnalist Dmitriy Gordon o‘z ofisida o‘tirib Igor Strelkovdan intervyu olib, uni «e’tiqodli odam», «tarixiy shaxs» deb ataydi. Intervyu 4 soatdan ortiq davom etadi va u hali tugamagan bir vaqtda Gordonning uyi oldida uning portretini ko‘targan bir guruh odamlar paydo bo‘ladi. Ular uchun ukrainalik jurnalist Strelkov bilan shunchaki gaplashishi ham nomaqbul harakat edi.

O‘sha namoyish davomida Gordonning ofisi devorlariga zarar yetkaziladi. Urush boshlanganidan keyin ham ukrainlar Strelkovga nisbatan shunchaki nyusmeyker deb qaray olishmaydi. Uning gaplaridan iqtibos keltirish esa nomaqbul harakat deb qaraladi.

Ammo ukrainaliklar orasida uni kuzatadiganlar yetarlicha topiladi. Uni hatto Aleksey Arestovich bilan taqqoslashadi va hazillashib «ikkisi ham ukrainaliklarning jang maydonidagi ruhini ko‘tarishga xizmat qiladi» deb aytishadi. Ammo Strelkov Arestovich kabi Yevropa markazidagi davlatga nisbatan ochilgan urushni tanqid qilmaydi. Aksincha Rossiya harbiylari ukrainlarga nisbatan yetarlicha tajovuzkor bo‘lmayotganidan noliydi.

Strelkovning Ukrainaga qarshi urush yanada qonli bo‘lishi kerakligi haqida g‘oyalarini qo‘llaydigan ukrainaliklar borligini bilaman. Ularning ong ostida Strelkovni qo‘llash istagi kuchli.

Uning qo‘lga olinishi Rossiyadagi urushni qo‘llovchilar orasida kelishmovchilik boshlangani yoki ularni tiyib turish harakati ketayotganini bildiradimi? Bu savolga Kiyevdan turib javob berish qiyin. Ammo uning qo‘lga olinishi Ukraina tomoni uchun muhim holat deyish mumkin. Axir u Ukraina uchun Shoygu, Gerasimov, Prigojin va Vladimir Salovevdan hech qanday farq qilmaydigan odam. Ular qaysi lavozimda bo‘lishidan qat’i nazar Rossiya bosqini ramzidir. Bu borada bitta tushunarli mantiq bor – bunday «ramzlar» qancha kam bo‘lsa, ukrainaliklarga shuncha yaxshi.

Urush tarafdorlariga qarshi qaratilgan repressiya

Strelkov urushga qarshi qatlamga repressiyani qo‘llovchi vatanparvarlar orasida qo‘lga olingan birinchi odam emas. Bir necha kun avval politsiya Rossiya bosh razvedka tashkiloti sobiq polkovnigi Vladimir Kvachkovni qo‘lga olgani haqida xabar bergandi.

Radikal qarashlari bilan mashhur bo‘lgan Kvachkov isyonga urinishda ayblanib o‘tirib chiqqan, 2019 yil qamoqdan chiqib yana hukumatni tanqid qilishda davom etgandi.

U ham Strelkov kabi urushni faollik bilan qo‘llaydi, ammo hukumatni tanqid qiladi. Urush boshlanganidan bir necha oy o‘tib Strelkov Ukraina qurollangan askarlar soni va texnika bo‘yicha Rossiyani ortda qoldira boshlagani, mamlakatda hech bo‘lmasa qisman safarbarlik o‘tkazish kerakligini aytib chiqqandi.

Rossiyada qisman safarbarlik e’lon qilingach esa Kvachkov va Strelkov bu qarorni ham tanqid qilib, tezda umummilliy safarbarlik o‘tkazish kerakligini ta’kidlaydi. Ular kamida million nafar rossiyalik qurollantirilishi kerakligini aytgandi.

2019 yil. GRUning sobiq polkovnigi Vladimir Kvachkov axloq tuzatish koloniyasidan chiqishda.
STANISLAV KRASILNIKOV/TASS

9 iyul kuni politsiya Peterburgdagi urushni qo‘llaydiganlar yig‘iladigan, front uchun pul to‘planadigan «Listva» kitob do‘konini bosadi. O‘sha kuni do‘konda Strelkov «Vagner» isyoni haqida ma’ruza qilishi kerak edi. Politsiya kitob do‘koni minalashtirilganini iddao qilib, barchani evakuatsiya qiladi. Va’da qilingan ma’ruzani esa «maxfiy joyda» baribir o‘tkazishadi.

Keyinchalik politsiya bu kitob do‘koniga yana boradi va uning egalaridan «jinoyatga yo‘l ochuvchi harakatlarga sharoit yaratib bermaslik» bo‘yicha xat yozdirib olishadi. Ularga Strelkovning uchrashuvlari mahalliy hukumat bilan kelishilgan holda o‘tkazilishi kerak bo‘lgani tushuntiriladi.

Rossiyada 2007 yil ekstremistik deb topilgan va taqiqlangan Eduard Limonovning milliy ko‘pchilik partiyasi (natsbollar) vakillari bugun o‘zlarini «drugorosslar» deb atashadi. Ular hozirgi urushni ham qo‘llashadi, ammo hukumatni tanqid qilishadi. Ular 2014 yil Ukraina sharqida Rossiya qo‘llovidagi ayirmachilar safida jang qiladi.

Partiya a’zosi Aleksandr Averin 2018 yilda Ukraina chegarasi orqali noqonuniy qurol kontrabandasi bilan shug‘ullangani uchun uch yilga qamalgandi. «Menimcha, qamoq jazosi rossiyalik siyosatchi uchun kasbiy tavakkalchilik. Hozir hukumat Z operatsiyani o‘zi buyurganidan boshqacha qo‘llayotgan odamlarga nisbatan repressiya qilishiga ishonmayman. Fikrimcha, natsbollar va so‘lchi patriotlarga qarshi neytral pozitsiya tanlanib, sukut saqlanadi», degandi BBC bilan suhbatda natsbollar vakili Andrey Pesotskiy.

Rossiyada «chet el agenti» deb topilgan «Sova» tahlil markazi tadqiqotchisi Aleksandr Verxovskiy Strelkov va Kvachkovga o‘xshagan odamlar juda uzoq vaqt davomida hukumatni tanqid qilganiga e’tibor qaratgan. «Bu chindan tushunarsiz holat. Axir ular rahbariyatni og‘ziga kelgan gapi bilan haqorat qildi. Bu holat 1,5 yil davom etdi va aftidan sabr kosa to‘lgan ko‘rinadi», degan Verxovskiy.

Uning fikricha, hukumatdagilar endi ultrapatriotlarga ham bosim o‘tkazishga qaror qilgan: «Kvachkov, Strelkov, «Listva» do‘koni – ularni faqat hukumatni tanqid qilish birlashtiradi. Ya’ni ular – ham millatchi, ham hukumatni tanqid qiladi».

Rossiyada urushni hukumat belgilamagan boshqacha ko‘rinishda qo‘llashga qanday munosabatda bo‘lish shu vaqtgacha mujmal masala bo‘lib qolayotgandi. Verxovskiy bu borada hukumat murvatlarni qattiqroq burashga qaror qildi degan taxminga kelgan.

«Piyodani taxtadan olib tashlash mumkin»

Urushni faol qo‘llaydigan ba’zi faollar Strelkovning qo‘lga olinishi bo‘yicha norozilik bildirishdi. Masalan, publitsist Yegor Xolmogorov buni «o‘tmishdagi xizmatlari uchun hazil» deb atadi va unga qarshi ham shunday harakat qilishni so‘radi. «Strelkov misolida qandaydir xavfli siyosiy tashkilotchini ko‘rishlari juda kulgili. Uni siyosatchi sifatida ta’qib qilishni go‘yoki siyosiy pastga urish deb bilishdi. Holatni tanqidchini repressiya qilish deb baholash esa ishning ular ko‘zlagan mazmunini buzib qo‘yardi», degan publitsist.

Duma sobiq deputati, aviatsiya polkovnigi Viktor Alksnisning fikricha, Strelkovga nisbatan ish ochish xato va bu hukumatga qimmatga tushadi. «Ukrainani jang maydonida yenga olmayotgan hukumatimiz «begonalar qo‘rqishi uchun o‘zingnikini ur» qabilida ish tutmoqda. Ular urushni qo‘llaydigan, ammo hukumatni tanqid qiladiganlarning og‘zini yopishga harakat qilmoqda», deb yozdi u.

«Listva» kitob do‘koni menejyeri Savva Fedoseyev Strelkov qo‘lga olinganini «Rossiya uchun sharmandalik» deb atadi.

Strelkov bilan FSBda xizmat qilgan sobiq xodim ismini sir saqlash sharti bilan BBC bilan suhbatlashgan va sobiq hamkasbining kinoyali harakatlarini anchadan buyon kuzatib kelayotganini aytgan. «Igoryokdan Mandela chiqmadi», degan u.

Strelkovning uzoq yillik hammaslagi va xizmatdoshi Aleksandr Juchkovskiy hamkasbining qo‘lga olinishi Prigojinning isyoni bilan bog‘liqmi degan savolga javob berdi.

«Chindan Strelkov uzoq yillardan buyon hukumatni to‘g‘ridan to‘g‘ri tanqid qilayotgan va unga tegishmayotgandi. Bugun bir voqeani esladim. Sakkiz yil avval Strelkov Moskvaga borib, Vladislav Surkovni tanqid qilgandi. Surkov esa o‘zaro suhbatda sakkizta shaxmat doskasida o‘ynayotgani, Strelkov esa taxtalardan biridagi piyoda ekanini aytgandi.

Strelkov bu borada g‘azablangan piyoda bo‘lsa, Prigojin g‘azablangan farzindir. Farzin bilan kelishish kerak, piyodani esa taxtadan olib tashlasa ham bo‘ladi. Shaxmat taxtasidagi holatdan kelib chiqsak, Strelkov olib tashlash oson bo‘lgan piyoda bo‘lib chiqdi. Uning orqasida qandaydir harbiylar yoki frontchilar yo‘q. Prigojinda resurs bor, u jiddiy muammo tug‘dira oladi. Strelkovda esa faqat informatsion resurs bor va bu hukumatga muammo tug‘dira olmaydi», degan Juchkovskiy.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » 9 yil avval «urush tepkisini bosgan» Strelkov nega qamaldi?
ePN