Ikki malikaga suiqasd rejasi: Niderlandiyada sud boshlandi

Niderlandiyada shov-shuvli jinoyat ishi boʻyicha sud jarayonlari start oldi. Mamlakat taxti vorisi Katerina-Amaliya hamda uning singlisi Aleksiyaga suiqasd qilishni rejalashtirganlikda gumon qilingan shaxs ustidan ish koʻrila boshlandi.
Maʼlum qilinishicha, 33 yoshli Gaagalik erkak 2026 yil fevral oyida hujumni rejalashtirgan. Aynan shu shaharda Villem-Aleksandrning saroyi joylashgani ham holatga alohida jiddiylik bagʻishlamoqda.
Tergov maʼlumotlariga koʻra, gumonlanuvchidan ikki dona bolta topilgan boʻlib, ularda turli yozuvlar, jumladan, malikalarning ismlari va boshqa shubhali soʻzlar qayd etilgan. Shuningdek, undan chiqqan qoʻlyozmada ham ehtimoliy “qirgʻin”ga ishora qiluvchi yozuvlar aniqlangan.
Rasmiy manbalar gumonlanuvchining shaxsiyati va harakatlarining aniq sabablari haqida hozircha toʻliq maʼlumot bermayapti. Faqat uning ruhiy holati bilan bogʻliq muammolari borligi aytib oʻtilgan. Advokati esa ish boʻyicha qoʻshimcha maʼlumotlarni oshkor etmaslikni maʼqul koʻrgan.
Qayd etish joiz, Katerina-Amaliya avval ham tahdidlarga duch kelgan. Masalan, 2020 yilda u hali 17 yosh boʻlganida bir shaxs tomonidan jiddiy tahdidlar qilingan va shu sababli maʼlum muddat yashirin hayot kechirishga majbur boʻlgan.
Shuningdek, 2023 yilda yana bir gumonlanuvchi ushbu malikaga nisbatan tahdidlarda ishtirok etganlikda qoʻlga olingan. Bu holatlardan keyin qirol oilasi xavfsizlik choralarini keskin kuchaytirgan.
Maʼlum boʻlishicha, xavfsizlik sabablari tufayli malika oddiy talabalar hayotini kechira olmagan, hatto bir muddat Madrid shahrida yashab tahsil olishga majbur boʻlgan.
Hozirda mazkur ish jamoatchilik diqqat markazida boʻlib, sud qarori katta qiziqish bilan kutilmoqda.