Toshkentda kuchli shamol: aholi va mehmonlarga muhim ogohlantirish

Toshkent shahar hokimligi poytaxtda kuzatilayotgan noqulay ob-havo sharoiti munosabati bilan aholi va shahar mehmonlarini ehtiyotkor boʻlishga chaqirdi. Qayd etilishicha, shamolning keskin kuchayishi ayrim xavfli holatlarga sabab boʻlishi mumkin.
Maʼlum qilinishicha, kuchli shamol taʼsirida elektr uzatish tarmoqlarida uzilishlar yuzaga kelishi ehtimoli mavjud. Shuningdek, yirik daraxtlar yoki shox-shabbalarning qulashi holatlari ham kuzatilishi mumkin. Bu esa nafaqat transport vositalari, balki piyodalar uchun ham jiddiy xavf tugʻdiradi.
Mutaxassislar bunday ob-havo sharoitida ehtiyotkorlik choralarini kuchaytirishni tavsiya etmoqda. Xususan, haydovchilarga avtomobillarini daraxtlar, bannerlar va elektr liniyalari ostida qoldirmaslik maslahat berilmoqda. Piyodalar esa imkoni boricha ochiq hududlarda uzoq vaqt qolmasliklari, harakatlanishda eʼtiborli boʻlishlari kerak.
Favqulodda vaziyatlar yuzaga kelgan taqdirda tezkor xizmatlarga murojaat qilish uchun 112 va 1055 raqamlari ishlab turibdi. Qayd etilishicha, shahar kommunal va tezkor xizmatlari kuchaytirilgan tartibda faoliyat olib bormoqda va vaziyatni nazoratga olgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!