date
views 368

Urushning eng qizg‘in pallasida Ukrainada korrupsiyaga qarshi kampaniya boshlandi

Urushning eng qizg‘in pallasida Ukrainada korrupsiyaga qarshi kampaniya boshlandi

Foto: Ukraina prezidenti matbuot xizmati

Zelenskiy jamoasi ichki inqirozni bartaraf eta oladimi?

Uzoq cho‘zilgan urush Ukrainada korrupsiya uchun yangi imkoniyatlar yaratdi. Kiyev xalqaro sotsiologiya instituti ma’lumotlariga ko‘ra, ukrainaliklar korrupsiyani mamlakatdagi Rossiya agressiyasidan keyingi ikkinchi eng muhim muammo deb biladi (bu nuqtayi nazarni respondentlarning 89 foizi qo‘llab-quvvatlagan). Volodimir Zelenskiy jamoasi davlat apparatida tergov va tozalash ishlarini boshlab yubordi, biroq bu choralar hali ham yetarlicha tizimli emas.

Shu bilan birga, markaziy hukumat aholining shaharlarni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirishga sarflangan mablag‘lardan noroziligidan o‘zining xalq tomonidan saylangan merlar bilan uzoq yillik ziddiyatida foydalanmoqda. Jurnalist va Ukraina siyosatining mustaqil tadqiqotchisi Konstantin Skorkin urush avjidagi aksilkorrupsiya kampaniyasi haqida fikrlarini bildirdi.

Zelenskiy ofisi mahalliy hokimiyatlarni maqsadsiz xarajatlarda aybladi. Kiyev ma’muriyati plitkalarni almashtirish — injiqlik emas, balki hatto urush paytida ham zarurat deya javob bergan.

Ukraina janubi va sharqida davom etayotgan janglar, shuningdek, mamlakatning boshqa hududlari o‘qqa tutilishi fonida Ukraina shaharlarida keng ko‘lamli obodonlashtirish kampaniyasi boshlandi. Budjet taqchilligi va chet el yordamiga qaramlik kuchayib borayotgani hisobga olinsa, plitkalarni qayta yotqizish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari eng kamida o‘z vaqtida amalga oshirilmayotgandek ko‘rinadi.

Muammo, ayniqsa, Kiyevda keskin, chunki prezident devoni va shaharni boshqarayotgan Vitaliy Klichko o‘rtasidagi siyosiy mojaro Volodimir Zelenskiy hokimiyatga kelgan paytdan beri to‘xtagani yo‘q. Kiyev shahar hokimiyatining o‘ziga xosligi shundaki, Klichko ikkita rolni — xalq tomonidan saylangan mer va prezident tomonidan tayinlangan shahar ma’muriyati rahbari lavozimlarini birlashtiradi. Prezident devoni uzoq vaqtdan buyon uning vakolatlarini cheklashga harakat qiladi va shahar xo‘jaligidagi har qanday muammo navbatdagi qarama-qarshilikni keltirib chiqaradi.

2023 yil yoz fasli boshida Favqulodda vaziyatlar bo‘yicha Davlat xizmati tekshiruvi Kiyevdagi fuqarolik mudofaasi boshpanalarining taxminan uchdan bir qismi foydalanishga yaroqsiz holatda ekanini ko‘rsatdi. Keyinroq shahar rayonlaridan birida boshpanalarga «bolalar ruhiyatini ko‘tarish uchun» barabanlar va yangi namunadagi blenderlar sotib olish rejalashtirilgan tender natijalari keng ommaga ma’lum bo‘ldi. Kiyev meriyasi qattiq tanqidga uchradi. Prezident devoni Klichkoni real vakolatlardan mahrum qilish maqsadida shahar ma’muriyatidagi uning o‘rniga allaqachon boshqa nomzod topgani haqida mish-mishlar tarqaldi. Lekin ish yana iste’fogacha bormadi.

Kiyevdagi bombapanagoh. 2023 yil 5 iyun
Oleg Petrasyuk / EPA / Scanpix / LETA

Klichkoga qarshi yangi tanqidlar to‘lqini shahar markazidagi Bogdan Xmelnitskiy ko‘chasidagi bruschatkalar almashtirilishi tufayli ko‘tarildi. Vaziyat shu qadar rezonansli bo‘ldiki, Zelenskiy unga izoh berdi. Ivano-Frankovskda bo‘lib o‘tgan mintaqaviy hokimiyatlar Kongressida prezident (Klichkoga aniq ishora bilan) shunday degan: «Mahalliy hokimiyatning ba’zi vakillari mendan xafa bo‘lmasin, shu aniqki, hozir bruschatkalarni almashtiradigan vaqt emas».

Ayni vaqtda obodonlashtirish front chizig‘idan uzoqda joylashgan shaharlarda davom etmoqda. Misol uchun, Lviv meriyasi shaharni bir million grivnaga ko‘kalamzorlashtirishga qaror qilgan, Volin oblastida esa stadionni katta pulga ta’mirlash ishlari boshlangan. Ko‘ngillilar tomonidan front ehtiyojlari yoki qochqinlarga yordam ko‘rsatish uchun to‘xtovsiz yig‘imlar tashkil qilinayotgan bir paytda oblast ma’muriyatlari tomonidan bunday mablag‘lar sarflanishi tushunarli norozilikka sabab bo‘lmoqda. O‘z navbatida, mahalliy rahbarlarni muntazam ravishda tanqid qiladigan markaziy hukumat bundan aniq foydalanadi. Hukmron «Xalq xizmatkori» partiyasining parlamentdagi fraksiyasi rahbari David Araxamiya mahalliy hokimiyatlarga ularning vakolatlarini cheklash bilan tahdid qildi.

«Agar siz to‘xtamasangiz, asosiy ehtiyojlar bo‘lmagan, bizni hech qanday tarzda g‘alabaga yaqinlashtirmaydigan narsalarga pul sarflashni bas qilmasangiz, parlament harbiy holat davri uchun qonunchilik cheklovlarini kiritadi», degan u.

Araxamiya aytgan chora-tadbirlar Ukraina hukumati tomonidan ancha vaqtdan beri ko‘rib chiqilmoqda. 2022 yil yozida moliya vazirligi fuqarolarning daromad solig‘idan tushgan mablag‘larning bir qismini hududlardan olib qo‘yishni taklif qilgandi. Hukumat ekspertlari ta’kidlashicha, urush davrida bir qator mintaqalarda bu daromad u yerda joylashgan harbiylarga to‘lanadigan to‘lovlardagi soliq imtiyozlari hisobiga ko‘paygan. Umuman olganda, ushbu daromadlar 2023 yilning atigi besh oyida mahalliy budjetlarning 61,5 milliard grivnagacha bo‘lgan (1,5 milliard yevrodan ortiq) ijobiy saldosini ta’minlagan.

«Muammo shundaki, ba’zi jamoalar harbiylardan olingan pulning 100 foizini xavfsizlik va mudofaa ehtiyojlari uchun qaytaradi, boshqalari esa kattalashgan budjetdan bruschatka va stadionlar uchun foydalana boshlaydi», deb yozadi parlamentning mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish qo‘mitasi a’zosi Vitaliy Bezgin.

Mahalliy hokimiyatlar qo‘shimcha soliq tushumlari notekis taqsimlanganini ta’kidlab, bu fikrga qarshi chiqadi. Ularning aytishicha, soliq tushumlari front orti hududlarda front yaqinidagi hududlarga qaraganda ancha past. Kiyev rasmiylari fikricha, tirbandlikka boy Kiyev uchun bruschatkalarni almashtirish prezident aytgandek injiqlik emas, balki hayotiy zaruratdir. Vitaliy Klichkoning Kiyev ma’muriyatidagi o‘rinbosari Nikolay Povoroznikning so‘zlariga ko‘ra, mahalliy hokimiyatlar agar markazdan ma’lum bir harbiy qism xaridlarini moliyalashtirish bo‘yicha ko‘rsatma olsa, mudofaa ehtiyojlari uchun mablag‘ ajratishga doim tayyor.

Shu bilan birga, hukumat cheklovlarning boshqa variantlariga ega — masalan, harbiy holat shartlariga ko‘ra, g‘azna harbiy ehtiyojlar moliyalashtirilmaguncha obodonlashtirish ishlariga pul ajratmaslik huquqiga ega.

Aslida, urush 2020 yildan beri davom etayotgan markaz va mintaqalar o‘rtasidagi kurashning qo‘shimcha foniga aylandi. Hozir markaziy hukumat harbiy vaziyatdan foydalanib, bir vaqtning o‘zida ikkita maqsadga erishishga intilmoqda — lokal miqyosdagi korrupsiyani yo‘q qilish va hududlardagi noqulay siyosatchilardan qutulish.

Markaziy hukumatga ham savollar bor. «Xalq xizmatkori» partiyasi deputatlari Maldiv orollarida dam olmoqda, madaniyat vazirligi esa ko‘ngilochar seriallar olish uchun millionlab mablag‘ xarj qilmoqda

O‘z navbatida, Ukraina markaziy rahbariyati vakillari ustidan ham yetarlicha shikoyatlar bor. «Bigus.info» jurnalistlari Kiyev oblastida, jumladan Rossiya harbiy jinoyatlari timsoliga aylangan Bucha va Borodyankadagi qayta tiklash ishlaridagi qonunbuzarliklar haqida gapirgan. Hudud amaldorlari (ular markaz tomonidan tayinlanadi) rekonstruksiya ishlariga allaqachon jinoiy tergovda ishtirok etayotgan malakasiz pudratchilar va firmalarni jalb qilgan. Ko‘p holatlarda korrupsiyaning barcha belgilari mavjud va allaqachon rasmiy tergov boshlangan. O‘nlab million grivna qiymatidagi shartnomalarning aksariyati tendersiz tuzilgan va Prozorro elektron davlat xaridlari tizimida ko‘rsatilmagan.

Yana bir jiddiy mavzu — bu hukumatning madaniy-propaganda tadbirlariga xarajatlardir. Golodomor muzeyini qurib bitkazish uchun madaniyat vazirligi tomonidan 594 million grivna (14 million yevro) miqdoridagi mablag‘ ajratilishi haqidagi xabar katta rezonansga sabab bo‘ldi. Qurilish smetasi keng ko‘lamli urushdan oldin tasdiqlangandi, ammo Zelenskiy qizg‘in muhokamalardan so‘ng bu qarorga veto qo‘ydi. Shuningdek, hukumat Kiyevdagi ulkan «Ona vatan» haykali qalqonidagi sovet gerbini «trizub» bilan almashtirish uchun 28 million grivna (670 ming yevro) sarflagani ham ko‘plab savollar tug‘dirdi. To‘g‘ri, madaniyat vazirligi yangi dizayn davlat emas, homiylik pullari hisobidan amalga oshirilganini ta’kidlagan.

Kiyevdagi «Ona vatan» yodgorligi sovetlar gerbi trizubga almashtirilganidan keyin. 2023 yil 6 avgust
Roman Pilipey / AFP / Scanpix / LETA

Bundan biroz oldin Oleksandr Tkachenko madaniyat vaziri lavozimidan bo‘shatildi (u Volodimir Zelenskiy bilan televideniyeda birga ishlagan davrdan buyon tanish edi). Bundan oldin muxolifatdagi Petro Poroshenkoning «Yevropacha birdamlik» partiyasi Prozorro tizimida ko‘ngilochar seriallarga millionlab dollar sarflangani haqidagi ma’lumotlarni aniqlagan va Tkachenkoni «urush davridagi jirkanch talonchi» deya ayblagandi. Tkachenkoning o‘zi harakatlari G‘arbdan olingan maqsadli moliyalashtirish ekani va bu pulni boshqa narsaga sarflab bo‘lmasligi bilan izohladi. Shunga qaramay, Zelenskiy uni ishdan bo‘shatishni afzal ko‘rdi.

Prezident jamoasidagi so‘nggi iste’folarning ba’zilari uning o‘z tashabbusi (jurnalistik tekshiruvlari natijalariga ko‘ra bo‘lsa ham) natijasidir. 2023 yil boshida ijro hokimiyati mansabdor shaxslarining ko‘plab ishdan bo‘shatilishidan so‘ng (o‘shanda Aleksey Arestovich ham prezident devonini tark etgan edi), navbat hukmron «Xalq xizmatkori» partiyasi deputatlariga keldi. Avvaliga xizmat safari bahonasida Maldiv orollariga dam olishga ketgan Yuriy Aristov kursisidan ayrildi, keyin esa Andrey Xolodov – u go‘yo oilasini davolanish uchun olib ketgan va olti oydan beri mamlakatga kelmagan.

Shu bilan birga, 2023 yil yanvar oyida deputatlar va mansabdor shaxslarga uzrli sabablarsiz mamlakatni tark etish taqiqlangandi. Ammo, garchi muxolifatdagi parlament a’zolari Zelenskiy ofisi qarori bilan ularga mamlakatdan chiqib ketish amalda taqiqlanganidan shikoyat qilgan bo‘lsa-da, bugungi kunga qadar qonun to‘liq kuchga kirmagan.

Harbiy komendaturalardagi korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha umummilliy kampaniya doirasida yuzdan ortiq jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ammo muammoni tizimli ravishda qanday hal qilish hali ham noaniq

Va nihoyat, korrupsiyaning uchinchi qatlami — harbiy komendaturalardagi korrupsiya. Bu unchalik aniq siyosiy kontekstga ega emas, ammo urush sharoitida oldingilardan kam bo‘lmagan jamoatchilik e’tiroziga sabab bo‘ldi. Masalan, keng ko‘lamli urush davrida Odessa oblasti harbiy komissari Yevgeniy Borisov Ispaniyada to‘rt million yevrodan ortiq summadagi ko‘chmas mulk sotib olgan.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Borisov xizmatdan soxta kechiktirish, safarbarlikdan ozod qilish va mamlakatni tark etishga ruxsat beruvchi boshqa hujjatlar bilan savdo qilgan. Holbuki ilgari Odessa oblasti plyajlarda chaqiruv qog‘ozlari berish va harbiy xizmatdan bo‘yin tovlaganlarni qattiq qo‘lga olish olish bilan mashhur bo‘lgandi. Borisov yashirinishga uringan va Kiyevda hibsga olingan. Katta ehtimol bilan, u poytaxtga yuqori martabali homiylardan himoya so‘rab borgan.

Yevgeniy Borisov sud zalida
Ruslan Kaniuka / ZUMA Press / Scanpix / LETA

Borisov fosh etilgandan so‘ng, Zelenskiy hududiy askarlikka yollash markazlari ishini butun Ukraina bo‘ylab tekshirishni buyurdi. Buning uchun Ukraina xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi, Davlat tergov byurosi va korrupsiyaga qarshi kurash idoralari vakillaridan maxsus guruh tuzildi. Natijalar o‘zini uzoq kuttirmadi, masalan, Kiyevda o‘n ming dollar evaziga chaqiruv yoshidagi erkaklarga Ukrainani tark etishga yordam bergan davlat ma’muriyatining mansabdor shaxsi (va bu bilan bir vaqtda Ukraina qurolli kuchlarining quruqlikdagi qo‘shinlari qo‘mondonligi shtab-kvartirasi bo‘limlaridan birining rahbari, uning ismi oshkor etilmadi) qamoqqa olindi. Karpatorti rayon harbiy komendanti rasmiy vakolatlarini suiiste’mol qilishda gumon qilingan: u askarlarni shaxsiy xo‘jaligida, yangi uy qurishda ishlashga majbur qilgan. Shuningdek, front chizig‘i zonasidagi «voenkomat» xodimlari ham qo‘lga olingan — Donetsk va Dnipropetrovsk oblastlaridagi harbiy xizmatga chaqirish bo‘limlari boshliqlari soxta hujjatlar berish va noqonuniy boyitishda ayblanmoqda.

Umumiy hisobda Davlat tergov byurosi tomonidan «voenkomat»lar xodimlariga nisbatan 112 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. «Tekshiruv juda ko‘p suiiste’mollikni aniqladi. Ochig‘i bu jirkanch», degan Zelenskiy.

Mudofaa vazirligidagi korrupsiya allaqachon jamoatchilik diqqat markaziga tushgan: Ukraina qurolli kuchlari uchun oziq-ovqat mahsulotlarini oshirilgan narxlarda sotib olish bilan bog‘liq mojaro 2023 yil qishida mudofaa vaziri Aleksey Reznikovni sal qolsa lavozimidan ayirardi. Hozir boshlangan kampaniya, shubhasiz, hukumat foydasiga ishlaydi, lekin avvalgi shunga o‘xshash ishlar kabi, bu tizimli ish emas, ko‘proq fosh etilgan faktlarga reaksiyadek ko‘rinmoqda. Korrupsiyaning oldini olish milliy agentligi rahbari o‘rinbosari Artyom Sitnikning qayd etishicha, tizimli xavf shundaki, ular urush paytida «mamlakatga zarar yetkazmaslik va dushmanona narrativlar bilan o‘ynashmaslik» uchun muammoni yashirishni afzal ko‘radi.

Endilikda mudofaa vazirligi korrupsiyaning oldini olishning samarali ko‘rinuvchi, ammo samarali bo‘lishi juda ham shart bo‘lmagan tizimli usullarini qattiq izlamoqda. Variantlardan biri — ishchilarni rotatsiya qilish va «voenkomat»larga «g‘oyaviy ruhlangan» faxriylarni, shu jumladan, frontda nogiron bo‘lib qolgan harbiy xizmatchilarni jalb qilishdir. Ukraina 2023 yil oxiriga qadar barcha hududiy armiyaga yollash markazlari rahbariyatining deyarli uchdan bir qismini urush faxriylari bilan almashtirishni rejalashtirmoqda. Muhokama qilinayotgan yana bir islohot — bu korrupsion sxemalarni yaratish uchun zarur aloqalarga ega bo‘lmagan boshqa hududlar aholisini harbiy komissar etib tayinlashdir.

Hozircha Volodimir Zelenskiy yaqin orada kadrlar sohasida tozalash o‘tkazilishini ma’lum qildi. «Biz nihoyat davlat muassasalaridagi o‘zining eski sxemalari va odatlariga haddan tashqari bog‘langan odamlardan qutulishni boshlaymiz», degan prezident. Ammo bu ishlash prinsiplarini emas, balki shaxslarni almashtirishga ham o‘xshaydi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Urushning eng qizg‘in pallasida Ukrainada korrupsiyaga qarshi kampaniya boshlandi