date

Rossiya “cheklanmagan masofaga uchuvchi” yadroviy raketasini namoyish etdi

Rossiya “cheklanmagan masofaga uchuvchi” yadroviy raketasini namoyish etdi

AQSHning Ukrainaga Tomahawk raketalarini yetkazib berishi haqidagi xabarlar ortidan Rossiya prezidenti Vladimir Putin dunyo e’tiborini yana o‘zining yangi quroliga qaratdi. Kreml rahbari ilgari “mo‘jizaviy qurol” deb atagan yadroviy kallak o‘rnatilgan “Burevestnik” qit’alararo raketa sinovlari muvaffaqiyatli yakunlanganini ma’lum qildi, deb yozadi BBC.

Putin bosh shtab rahbari Valeriy Gerasimov va harbiylar ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda “Burevestnik”ni “noyob, cheklanmagan masofali va hech bir davlatda yo‘q qurol” sifatida ta’rifladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, raketa “hal qiluvchi sinovlar”dan muvaffaqiyatli o‘tgan va endi uni amaliy joylashtirish uchun infratuzilma tayyorlanmoqda.

Gerasimov aniqlik kiritganidek, 21-oktyabr kuni raketa havoda taxminan 15 soat davomida parvoz qilib, 14 ming kilometr masofani bosib o‘tgan. “Bu chegara emas”, dedi general, “Burevestnik har qanday himoya tizimini chetlab o‘ta oladi va yuksak aniqlik bilan maqsadga yetib boradi”.

Putin bu qurol Rossiyaning yadroviy salohiyatini yanada mustahkamlaganini ta’kidlab, mamlakat “eng yuqori darajadagi” tayyorgarlik holatida ekanini bildirdi. “Burevestnik”ni qurolli kuchlarda joylashtirish jarayoni yaqin vaqtlarda boshlanishi kutilmoqda.

Mazkur raketa haqida Putin ilk bor 2018-yilda Federal majlisga yo‘llagan murojaatida so‘z yuritgandi. G‘arb razvedka ma’lumotlariga ko‘ra, “Burevestnik” 2017–2019-yillar oralig‘ida 13 marta sinovdan o‘tkazilgan, ammo ularning faqat ikkitasi nisbatan muvaffaqiyatli bo‘lgan.

2019-yilda esa sinov paytida raketa Barens dengiziga qulab tushgan va portlash natijasida yetti kishi, jumladan Sarov yadroviy markazi olimlari halok bo‘lgan. Hodisa oqibatida radiatsiya buluti Severodvinskni qamrab, hatto Skandinaviyagacha yetgani xabar qilingan.

“Burevestnik”ning so‘nggi ma’lum sinovi 2023-yilda amalga oshirilgan bo‘lib, o‘shanda ham Putin ishlanma deyarli yakunlanganini aytgandi.

Hozirda xalqaro ekspertlar bu raketa haqida turlicha fikr bildirmoqda — ayrimlar uni haqiqiy tahdid deb baholasa, boshqalar uni ko‘proq siyosiy ramz sifatida ko‘rishmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Rossiya “cheklanmagan masofaga uchuvchi” yadroviy raketasini namoyish etdi