15:42 / 22.10.2023
214

Kichik Kennedi. Konspirolog, antivakser, Bayden va Trampning raqibi. U saylovda kimga muammo tug‘diradi?

Kichik Kennedi. Konspirolog, antivakser, Bayden va Trampning raqibi. U saylovda kimga muammo tug‘diradi?

Foto: Ronen Tivony / ZUMA Press Wire / Scanpix / LETA

AQSH 35-prezidenti Jon Kennedining jiyani kichik Robert Kennedi 9 oktyabr kuni kelasi yilgi prezidentlik saylovlarida mustaqil nomzod sifatida qatnashinini e’lon qildi. Avvaliga u demokratlar praymerizida qatnashib, Jo Baydenga raqobatchi bo‘lmoqchi edi, lekin qarashlari respublikachilar orasida mashhurlikka erishgach, mustaqil nomzod bo‘lishga qaror qildi.

Rossiyaning «Meduza» mustaqil nashri so‘rovi bilan Amerika haqidagi One Big Union telegram-kanali muallifi Yan Veselov Kennedi haqida maqola yozdi. Unda mamlakatdagi eng katta ta’sir doirasiga ega oila vakili uyidan haydalgani, nega qarindoshlari tomonidan qo‘llanmasligi va saylovdagi imkoniyatlari haqida so‘z boradi.

Ikkita suiqasd, narkotiklar va ekofaollik

AQSH tarixidagi eng mashhur prezidentlardan biri Jon Kennedini 1963 yil – birinchi muddati yakunlanishi arafasida otib o‘ldirishadi. Bu voqeadan 5 yil o‘tib, Robert 14 yoshga kirgan vaqtda yana bir qotil endi uning otasi Bobbi Kennedini ham o‘ldiradi. O‘sha vaqtda Bobbi Kennedi prezidentlik saylovida o‘z nomzodini qo‘ygan va Demokratik partiya praymerizida g‘olib bo‘lishiga yaqin qolgandi.

Otasi va amakisining o‘ldirilishi Robertga jiddiy ta’sir qiladi. Siyosatchi har ikki holat bo‘yicha rasmiy xulosani rad etib, qotilliklarga Markaziy razvedka byurosining aloqasi bor deb hisoblaydi.

Bobbi Kennedining dafn marosimidan ikki hafta o‘tib qayg‘uga to‘lgan oila kayfiyatsiz holatda Robertning akasining tug‘ilgan kuni munosabati bilan dasturxon yozadi. Robert hazillashib ichimliklarga holsizlantiradigan dori qo‘shib qo‘yadi. O‘sha vaqtda 12-farzandiga homilador bo‘lgan azador onasi Etelning jahli chiqib «Uydan chiqib ket, hayotimdan daf bo‘l», deb o‘g‘lini haydab soladi.

Ona o‘g‘lini xususiy maktab internatga berib, o‘qishi davomida biror marta ham uni ko‘rgani bormaydi. Robertni yomon xulqi va narkotik iste’mol qilgani uchun ikki marta o‘qishdan haydashgach, u o‘zini otaliqqa olgan oila bilan yashashga majbur bo‘ladi.

1970 yilda 16 yoshli Robert Kennedini marihuana chekkani uchun qo‘lga olishadi. Faqat senator amakisi Edvard Kennedining aralashuvidan keyin o‘smirni sinov muddati bilan qo‘yib yuborishadi. Narkotik iste’mol qilishiga qaramay, Robert Harvard universitetiga o‘qishga kirib, tarix va adabiyot bo‘yicha bakalavr diplomini oladi. Keyin esa huquqshunoslikka o‘qiydi.

Robert 1982 yilda Nyu-York okrug prokuraturasiga ishga kiradi, ammo huquqshunoslik litsenziyasiga imtihondan o‘tolmagani uchun ko‘p o‘tmay ishdan ketadi. Maktab davridanoq geroin iste’mol qila boshlagan Robert 1983 yil narkotik ta’sirida samolyotda mazasi bo‘lmay qolgach, yana qo‘lga olinadi. Ammo bu gal ham qamoqdan qutulib qoladi. Unga axloq tuzatish jazosi qo‘llanadi. O‘zining aytishicha, geroin iste’mol qilishdan qutulish uchun unga 14 yil vaqt kerak bo‘lgan.

Robert jazoni o‘tash davrida Natural Resources Defense Council (NRDC) ekologik huquqbonlar tashkilotida volontyorlik qila boshlaydi. Huquqshunoslik litsenziyasini olgach, tashkilotda ishda qoladi. Faoliyati davomida bir qator ishlab chiqarish loyihalari tabiatga zarar yetkazishini isbotlab, ularning to‘xtatilishiga erishadi. Shuningdek, AQSH va Lotin Amerikasidagi tub aholi huquqlarini himoya qilish bilan ham shug‘ullanadi.

Kichik Robert Kennedi 1994 yil oktyabrida
Barbara Alper / Getty Images

2000-yillarga kelib Kennedi ekologik huquq bo‘yicha AQSHdagi yetakchi mutaxassislardan biriga aylanadi. U asos solgan Kennedy&Madonna shirkati ConocoPhilips neft kompaniyasi, Ford Motor Company avtokompaniyasi va DuPont kimyoviy shirkatlari bilan atrof-muhitni zararlash masalalarida muvaffaqiyatli sudlashadi.

O‘z oilasi ham qoralaydigan antivakser (emlashga qarshi inson)

Kichik Kennedining nutqida xirillash shaklidagi muammo bor. Bu kasallik siyosatchida 40 yoshlarida paydo bo‘lib, oxirgi yillarda ayniqsa qattiq sezilmoqda. Odamlar orasida nutqiy nuqson hisoblanmish disfoniya grippdan emlash oqibatida kelib chiqishi haqida mish-mish yuradi va Robert bu haqida ommaviy tarzda gapirgan.

1994 yilda kichik Kennedi va ikkinchi xotini Meri Richardsonning oilasida o‘g‘il farzand Konor dunyoga keladi. Keyinroq bolada yeryong‘oqqa allergiya borligi aniqlanadi. Shu sabab unda bir necha marta anafilaktik reaksiya kuzatiladi. Kennedi va xotini bu muammoni o‘rganishga kirishib, hatto Food Allergy Initiative nomli yegulikdan kelib chiqadigan allergiyalarni o‘rganuvchi fond ochishadi.

Richardson «Yeryong‘oqdan allergiya epidemiyasi» nomli kitob yozib, bunday turdagi allergiya kelib chiqishining sabablaridan biri – bolalar uchun yangi vaksina ekanini aytadi. Robert xotini yozgan kitobga kirish so‘zi yozgan.

2005 yilda Kennedi yana bir tibbiy muammoni ko‘tarib, Rolling Stone jurnali saytida bolalarni emlashda ishlatiladigan vaksinalarda konservant sifatida ishlatiladigan tiomersal autizmga olib kelishi mumkinligini yozadi. Keyinroq tahririyat maqola matnidagi xatoliklar tufayli uchun o‘chirilganini ma’lum qiladi. Siyosatchi esa maqola farmatsevtika kompaniyalari bosimi bilan o‘chirilgan deb hisoblaydi.

2014 yilda kichik Kennedi bu mavzuni davom ettirib kitob yozadi va unda «emlash oqibatida kelib chiqadigan autizm»ni xolokostga qiyoslaydi. Bir yil o‘tib siyosatchi vaksina, xlorlangan suv, paratsetamol, Wi-Fi, 5G tizimlari autizm, saraton, autoimmun kasalliklari, allergiya keltirib chiqarishi haqida maqolalar e’lon qiluvchi World Mercury Project loyihasiga qo‘shiladi.

2016 yilda Robert farmatsevtika kompaniyalari emlash xavfini yashirishda ayblangan «Vaksiyaga balosi» kitobining hammuallifiga aylanadi. U emlashga qarshi emasligi, shunchaki vaksinalar chuqurroq o‘rganilib, sinovdan o‘tkazilishi kerakligini aytgan bo‘lsa-da, bu borada ko‘p marta ilmiy tadqiqotlarga zid ma’lumotlar tarqatgan.

Bundan tashqari, Robert Kennedi odamlarning antidepressantlar qabul qilishini maktablardagi ommaviy otishmalar ortgani bilan bog‘lagan. 5G aloqasi esa, uning fikricha, inson DNKsiga salbiy ta’sir qilib, onkologik kasalliklar keltirib chiqaradi. Yana bir intervyusida Kennedi Wi-Fi tarmog‘ining nurlanishi inson tanasidagi gematoensefalik to‘siqlarni ochib, tanadagi toksinlar miyaga ham tushishi mumkinligini aytadi.

Koronavirus pandemiyasi boshlangach, Kennedi faol tarzda ommaviy emlashga qarshi chiqadi. Uning fikricha, majburiy emlash «insonni qulga aylantiradi». Kennedi hatto natsistlar Germaniyasidagi Anna Frankning (urush vaqtida konslagerga tashlangan germaniyalik yahudiy qiz) emlashga qarshi bo‘lgan amerikaliklardan ko‘proq huquqi bo‘lganini aytib, noodatiy metafora qiladi.

Pandemiya vaqtida kichik Kennedi yana bir g‘alati gap aytadi. Uning taxminicha, koronavirus go‘yoki insonlarni «etnik guruhlarga ajratish»ga yo‘naltirilgan. Siyosatchi virusdan ko‘proq yevropoidlar va qora tanlilar zararlanayotgani, hammadan kam esa xitoyliklar va ashkenaz yahudiylari (Sharqiy Yevropa yahudiylari) jabrlanganiga e’tibor qaratgan. U keyinroq Jo Baydenga xat yozib koronavirusga majburiy emlash 1,5 mingdan ortiq o‘lim holatiga olib kelganini aytgan.

Kichik Kennedi pandemiya vaqtida AQSHda eng mashhur odamlardan biriga aylangan mamlakat bosh infeksionisti Entoni Fauchiga ham «hujum qilgan». U yozgan kitoblaridan birida Fauchini go‘yoki insoniyatni boshqarishni istayotgan Bill Geyts va yirik farmatsevtika kompaniyalari bilan yaqin munosabatda ekanini aytib, «G‘arb demokratiyasiga qarshi davlat to‘ntarishi»da ayblagan. Kennedi o‘sha kitobida OIV va OITS o‘rtasida aloqadorlik borligini ham rad etgan.

Kennedi yirik media kompaniyalar bilan shaxsan sudlashgan ham. 2021 yil Instagram akkaunti vaqtincha bloklab qo‘yilgach, Kennedi ijtimoiy tarmoqni senzurada ayblaydi. Uning fikricha, sahifasi Amerika hukumati talabi bilan bloklangan. Facebook, Google, The Washington Post kabi media gigantlarni ham sudga bergan.

Xususan, WP gazetasini g‘alati ayblov bilan sudga beradi. Uning da’vosiga ko‘ra, nashr go‘yoki pandemiyadan katta foyda ko‘rayotgan Amazon foydasiga bu haqda indamgan. Kennedining ko‘plab qarindoshlari uning bu fikriga qo‘shilmaydi. Hali koronavirus haqida gap bo‘lmagan 2019 yildayoq Robertning singlisi Ketlin Taunsend, ukasi Jozef Kennedi II va jiyani Meyv Makkin uning emlash borasidagi pozitsiyasini qo‘llamasligini aytib bayonot bergandi.

2020 yil siyosatchining yana bir jiyani, shikofor Kerri Melser NYT gazetasida uni koronavirusga qarshi emlashga nisbatan pozitsiyasi uchun tanqid qiladi. Koronavirus etnik ajratishga xizmat qilayotgani haqida g‘alati bayonotini esa singlisi Kerri va jiyani Jozef Kennedi III tanqid qiladi.

Prezidentlikka nomzod to‘rtinchi Kennedi

Robert Kennedi AQSH prezidentligiga nomzodini qo‘yishi va demokratlar praymerizida qatnashishi haqida 2023 yil aprel oyida ma’lum qilib, shu tariqa Kennedilar oilasidan prezidentlikka nomzod bo‘lgan to‘rtinchi a’zoga aylangandi. Praymerizda demokratlar yetakchisi Jo Baydenni yengishi kerak bo‘lgan 69 yoshli Robert Kennedi ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarida hamon yaxshi jismoniy holatda ekani aks etgan surat joylaydi. U shu tariqa go‘yoki qarib qolgan Baydenni yengishiga ishora qiladi.

Bu bayonotidan keyin o‘tkazilgan ilk ijtimoiy so‘rovlarda Robert Kennedining reytingi 20 foizdan oshadi. Ammo unga asosiy mashhurlikni familiyasi keltirayotgandi. Masalan, so‘rovlardan birida 40 foiz odam uni dadasi bilan adashtirib yuborgan. Saylov kampaniyasi davomida demokrat saylovchilar uning qarashlari haqida ma’lumotga ega bo‘lgach, reytingi ikki baravar tushib ketadi.

Uning ba’zi qarashlari demokratlarnikiga butunlay zid ham. Masalan, Baydenni migratsion siyosat va janubdagi chegarani bo‘sh qo‘yganlikda ayblaydi. Uning fikricha, Meksika bilan chegarada devor qurish kerak. Kennedi saylangan taqdirda migratsiya masalasida keskin siyosat olib borishini aytgan.

U homila 15 haftalik bo‘lgandan keyin abortni qat’iy taqiqlashni qo‘llaydi. Bundan tashqari, ko‘potar miltiq savdosi taqiqlanishiga ham qarshi bo‘lgan. Xalqaro masalalarda esa unchalik faol fikr bildirmaydi, ammo Isroilni ochiq qo‘llaydi. Xuddi Tramp kabi AQSH Rossiyani provokatsiya qilgan, Ukrainaga harbiy yordamni bas qilish kerak deb hisoblaydi.

Kennedining bu pozitsiyasini uning qarindoshlari ham qoralagan. Reyting yuqori bo‘lishiga qaramay Demokratik partiya markaziy apparati praymerizda Bayden va raqobatchilar o‘rtasida debat o‘tkazmaslikka qaror qildi. Kennedi bunga javoban partiya o‘z tarafdorlarini tanlov huquqidan mahrum qilayotganini aytdi.

Kichik Kennedining qarashlari borgan sari konservatorlarga yaqinlasha bordi. Uning shtabi Respublikachilar partiyasi homiysi Timoti Mellondan 5 million dollar oldi. Boshqa o‘ngchi donorlar ham katta pullar o‘tkazib bergan. U tez-tez respublikachilarni qo‘llovchi Fox News efirlarida ko‘rinish berdi, Tanker Karlson kabi konservator jurnalistlarning shoularida qatnashdi. Hatto respublikachilar iltimosiga ko‘ra Vakillar palatasining davlat senzurasiga bag‘ishlangan yig‘ilishida guvoh sifatida chaqirildi.

Kimga yordam beradi: Trampgami yoki Baydenga?

9 oktyabr kuni kichik Kennedi AQSH prezidentligi saylovida mustaqil nomzod sifatida ishtirok etishini aytdi. Uning anonsi ham g‘alati chiqdi. Avvaliga nutqining matnini yodidan chiqarib qo‘ydi. Keyin matnni suflyorga o‘tkazishlarini so‘radi, lekin o‘zi suflyor ekraniga teskari turib oldi.

AQSHda prezidentlik saylovi markazlashgan tartibda emas, barcha hududda alohida o‘tkaziladi. Mustaqil nomzodlar uchun butun mamlakatdagi byulletenlarda o‘z nomini kiritish shartlarini bajarish qiyin bo‘ladi. Shu sabab Kennedi katta ehtimol biror kichik partiya vakili sifatida o‘z nomzodini ko‘rsatadi.

Ekologik qarashlari inobatga olinsa, Kennedi yashillar so‘lchi partiyasidan nomzod sifatida ko‘rsatilishi mumkin. Kornel Uest mustaqil nomzod bo‘lishini aytgach, bu partiya yaqinda nomzodsiz qolgandi. Barcha faktorlarni inobatga olib, xolis fikr bildirilsa, Robert Kennedi prezident bo‘la olmasligi haqiqatga yaqin. Chunki mamlakat tarixida mustaqil nomzod hech qachon saylovda yutmagan. Uning hozirgi reytingi 15 foizdan oshmaydi. Saylovchilar esa ovoz berish kunida alternativ takliflar haqida bosh qotirmaydi.

Ammo bu nomzod bilan bog‘liq jiddiy intriga bor: u saylovda Jo Bayden yoki Donald Trampga xalaqit berishi mumkin. Bayden jamoasi prezidentning reytingi yuqori bo‘lmagan bir vaqtda har qanday uchinchi nomzod antitrampcha «koalitsiya»ni yakson qilishi mumkinligidan xavotirlanmoqda. Bu ishni ayniqsa Kennedi familiyali nomzoddan kutish mumkin.

Uchinchi mashhur nomzod paydo bo‘lgani Tramp jamoasini ham xavotirga solayotgani turgan gap. Axir u ayniqsa respublikachilar orasida mashhur. So‘rovlarga ko‘ra Robert Kennediga nisbatan konservatorlarning 60 foizi, liberallarning 30 foizi ijobiy fikrda.

Kichik Kennedining uch singlisi va ukasi uning nomzodligiga bildirgan munosabatida «Robertning familiyasi xuddi otamizniki kabi, lekin qarashlari boshqacha», deb aytishgan. Ular kichik Kennedi Bayden qayta saylanishiga tahdid o‘laroq nomzod bo‘layotganini qoralagan.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo