20:47 / 21.11.2023
152

O‘zgarishlar istagi qo‘rquvni yengganda: Argentinada Xaviyer Miley g‘alabasining uch sababi

O‘zgarishlar istagi qo‘rquvni yengganda: Argentinada Xaviyer Miley g‘alabasining uch sababi

Argentinaning yangi saylangan prezidenti Xaviyer Miley. / Foto: Reuters

Qandaydir ikki-uch yil ichida Xaviyer Miley o‘zining libertarian nuqtayi nazarlari va g‘oyalari bilan televizion muxlislarini rom qilgan iqtisodchilikdan Argentina prezidentigacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘ta oldi. Buning o‘ziga yarasha sabablari bor.

O‘tgan yakshanba kuni Argentinada o‘tgan prezidentlik saylovlarining ikkinchi turida 55,7 foiz ovoz jamg‘argan Mileyning o‘zi g‘alabasini «mo‘jiza» deb atagan.

«Ikki yil davomida Argentinani o‘zgartirish va mo‘jizaga erishish – liberal-libertarian prezident saylanishi uchun tinmay mehnat qilgan jamoamga tashakkur», – degan Xaviyer Miley o‘zining saylovdan keyingi dastlabki nutqida.

Hukumatda ishlash tajribasiga ega bo‘lmagan, o‘zi kabi bir necha autsayderlarni birlashtirgan «Erkinlik bosib kelmoqda» siyosiy koalitsiyasi yetakchisi hukmron partiya va peronizm – so‘nggi bir necha o‘n yillar davomida Argentina siyosatida ustunlik qilib kelgan kuch ustidan g‘alaba qozona oldi.

Xo‘sh, Miley qanday qilib hokimiyat cho‘qqisi tomon boshni aylantirar kareraga erishdi? Bunga kamida uchta sabab bor.

Miley tarafdorlari Buenos-Ayres ko‘chalarida g‘alabani nishonlamoqda. / Foto: Reuters / Mariana Nedelcu

1. Iqtisodiy krizis

Argentina jiddiy iqtisodiy va ijtimoiy inqirozga duchor bo‘lgan, argentinaliklarning 40 foizi qashshoqlikda kun kechirishmoqda, oktyabr oyida yillik inflatsiya darajasi 143 foizga yetgan.

Argentinalik siyosatshunos Rosendo Fraganing qayd etishicha, bu – mamlakatda 40 yil muqaddam demokratiya qaror topgach ro‘y berayotgan uchinchi yirik krizis.

Bungacha 1989 yilda giperinflatsiya ro‘y bergan va Raul Alfonsinning hokimiyatiga nuqta qo‘ygan. 2001 yildagi ijtimoiy portlash prezident Fernando de la Ruani mansabdan ketkazgan.

Yangi saylangan prezidant Xaviyer Miley o‘z maslakdoshi Viktoriya Villyarroel bilan. / Foto: Marcos Brindicci / Getty Images

«Miley avvalgi ikki marta ro‘y berganidan ham battar bo‘lishi kutilayotgan iqtisodiy va ijtimoiy oqibatlarga muqobil sifatida maydonga chiqdi», – deydi Fraga BBC'ga bergan intervyusida.

Yangi krizis paydo bo‘lish ehtimoli juda katta edi, shu sababli saylovlarda uning raqibi iqtisodiyot vaziri Serxio Massa bo‘ldi. Massa oktyabrda bo‘lib o‘tgan saylovlarning birinchi turida hammadan ko‘p ovoz to‘plab, barchani hayron qoldirgan edi.

Biroq u saylov kampaniyasining ikkinchi turi arafasida Argentina tushib qolgan qayg‘uli vaziyat, jumladan yonilg‘i taqchilliginini yashira olmadi. Miley bundan ustalik bilan foydalandi va bu agar eskilar hokimiyat tepasida qolsa bu hol «kelajakdan noma» ekanini ta’kidladi.

Bu voqealar fonida saylovchilarning katta qismi libertarian nomzod tomonidan taklif etilgan keskin o‘zgarishlarni yoqlab ovoz berdi. Uning takliflariga ko‘ra, Markaziy bank tugatiladi, peso o‘rniga AQSh dollariga o‘tiladi, davlat xarajatlari keskin qisqartiriladi.

2. O‘rnatilgan tartib va «siyosiy kasta»ga qarshi turish

Iqtisodiy erkinlashtirish bo‘yicha berilgan va’dalardan mashqari, Miley o‘zi «siyosiy kasta» deb atovchi elitaga qarshi keskin tanqid bilan chiqish qildi.

«Deputat etib saylanganidan buyon jamiyat sahnasida paydo bo‘lgach, Miley tizimga qarshi turuvchi mutlaqo boshqacha siyosiy narrativ yaratishga muvaffaq bo‘ldi», – deydi argentinalik siyosatshunos Serxio Berenshteyn.

Yoshlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi Mileyni g‘alaba sari olib bordi. / Foto: Juan Ignacio Roncoroni / Epa

«Miley dunyoning turli chetlarida isteblishmentga qarshi qarshi chiqqan mashhur nomzodlar tutgan yo‘ldan bordi: ularning tipik vakillari Donald Tramp (AQShda) yoki Jair Bolsonaru (Braziliyada), – deya qo‘shimcha qiladi u. – Miley o‘rnatilgan tartibga qarshi turuvchi global harakatga a’zo bo‘lishi mumkin».

Garchi Mileyning takliflari ko‘pchilikda qo‘rquv va ishonmaslik uyg‘otayotgan bo‘lsa-da, bunday destruktiv yondashuv Argentinaning saylangan prezidentiga hozirgi hukumat va siyosiy sinfdan bezgan saylovchilarni jalb qilish imkonini berdi.

Miley ayniqsa yoshlarni qo‘zg‘ata oldi va aynan ularning qo‘llovi g‘alaba sari eltgan asosiy kalit bo‘ldi.

Saylovoldi kampaniyasi mobaynida jamoatchilik o‘rtasida o‘tkazilgan turli so‘rovnomalarga ko‘ra, saylovchilar yoshi qanchalik yosh bo‘lgani sayin ular Mileyni shunchalik ko‘proq qo‘llab-quvvatlayotgani aniq bo‘lgan.

3. O‘ng markazchilar qo‘llovi va antiperonizm

Argentina siyosatida suv ayirgich o‘nlab yillar mobaynida peronistlar va antiperonistlar o‘rtasida o‘tadi. (Peronizm – davlat tomonidan boshqaruv va davlat paternalizmini nazarda tutuvchi g‘oyaviy-siyosiy oqim).

Miley aynan antiperonistlarga ko‘proq ishondi. Buning uchun ikkinchi turda «Birgalikda o‘zgarishlar uchun» o‘ng markazchilar koalitsiyasi yetakchilari – sobiq prezident Maurisio Makri hamda sobiq prezidentlikka nomzod (birinchi turda 3-o‘rinni egallagan) Patrisiya Bullrichning qo‘lloviga ega bo‘ldi.

 «Siyosatning bir ko‘rinishi tugab, ikkinchisi boshlanmoqda», deydi Miley. / Foto: Reuters / Agustin Marcarian

Umumiy hisobda Miley 14,5 million ovoz to‘pladi va 24 ta saylov okrugidan 21 tasida g‘alaba qozondi (peronizm tarafdorlari faqat poytaxt Buenos-Ayresda g‘alaba qozona olishdi).

Birinchi turdan so‘ng Makri va Bullrich uni qo‘llashgach, Miley «siyosiy kasta»ni kuchli tanqid qilishni to‘xtatdi va faqat 2007–2015 yillarda Argentina prezidenti bo‘lgan Kristina Kirshnerni qoralashga o‘tib oldi.

8 yil mobaynida prezident bo‘lgan Kristina Fernandes de Kirshner davri peronizmning «krishnerizm» davri deb taladi, u turli mojarolarga, jumladan korrupsion mojarolarga aralashgan, o‘tgan yilning dekabrida sud uni 6 yilga ozodlikdan mahrum etgan (faqatgina hamon hokimiyat tarkibida ekani uni jazodan qutqarib qololgan).

O‘ng markazchi va antiperonistik ovozlarni izlab, Miley ikkinchi turda budjetni qisqartirish bo‘yicha radikal rejalarini faol propaganda qilmay qo‘ydi.

Massa bilan debatlarda u avvalgilaridan mutlaqo xotirjam ohangga tushib oldi, shunda ko‘pchilik nega u raqibiga keskin savollar bilan murojaat qilmay qo‘ydi, deb ikkilana boshladi.

«U o‘z hissiyotlarini bosib olgandek ko‘rinishga harakat qildi va o‘z niyatiga yetdi, – deb tushuntiradi Berenshteyn. – Bu ikkinchi tur mantig‘i bilan bog‘liq. Lekin saylov o‘tib olgach, prezidentlik kun tartibi uning bosiqligini albatta yo‘qqa chiqaradi».


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo