Xiaomi Mijia yangi choynagini taqdim etdi: titan qoplamali va 24 soat isitish

Xiaomi kompaniyasi o‘zining Xiaomi Youpin platformasida yangi Mijia Constant Temperature Electric Kettle choynagini sotuvga chiqardi. Qurilmaning narxi atigi 20 dollarni (140 yuan) tashkil etadi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Yangi model 316Ti titan qotishmasidan tayyorlangan kolba bilan jihozlangan. Ushbu material yuqori harorat va korroziyaga chidamliligi bilan ajralib turadi, shuningdek, suvda begona hid qolishining oldini oladi va uning sifatini uzoq vaqt saqlab qoladi.
Choynakning ichki qismi choksiz dizaynga ega bo‘lib, bu qozon toshlari yig‘ilishini kamaytiradi va tozalash jarayonini osonlashtiradi. 13,5 sm kenglikdagi tomoq qismi ham foydalanishda qulaylik yaratadi.
Qurilmaning asosiy funksiyalaridan biri — suvni 24 soat davomida 55 °C darajada bir maromda ushlab turish imkoniyatidir. Bu funksiya ayniqsa tez-tez iliq suv ichadigan foydalanuvchilar uchun juda qo‘l keladi.
Choynak 1,7 litr hajmga va 1800 Vt quvvatga ega. Ishlab chiqaruvchi yuqori sifatli termostat o‘rnatilganini va qurilma 10 000 martadan ortiq chidamlilik sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tganini ma’lum qildi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!