Virtual reallikda inson miyasi raqamli qanotlarni o‘z tanasining bir qismi deb qabul qildi

Ilmiy-fantastik asarlarda qahramonlarning qanot yordamida parvoz qilishi odatiy hol, biroq zamonaviy fan uchun bu uzoq vaqt davomida imkonsiz bo‘lib kelgan. Pekin universiteti olimlari o‘tkazgan yangi tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, inson miyasi evolyutsiya tomonidan nazarda tutilmagan yangi a’zolarni ham o‘z tanasining bir qismi sifatida qabul qilish uchun yetarlicha moslashuvchanlikka ega. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Tajribada 25 nafar ko‘ngilli ishtirok etdi. Ular VR-dubulg‘alar va harakatni kuzatuvchi datchiklar yordamida o‘zlarining raqamli avatarlarini boshqarishdi. Ishtirokchilarning qo‘l harakatlari virtual qanotlarning silkinishiga moslashtirildi. Bir haftalik intensiv mashg‘ulotlardan so‘ng, tadqiqotchilar miya faoliyatini tahlil qilishdi va hayratlanarli natijaga erishishdi: miyaning odatda inson qo‘llariga javob beradigan vizual qobig‘i hududlari endilikda qanotlar tasviriga ham xuddi haqiqiy qo‘l kabi reaksiya bildira boshladi.
Neyrobiologlarning ta’kidlashicha, bu kashfiyot inson miyasining g‘oyatda plastik ekanligini isbotlaydi. Agar miya qanot kabi «g‘ayritabiiy» a’zoni o‘zlashtira olsa, kelajakda bu texnologiya bionik protezlar va ekzoskeletlarni boshqarishda inqilobiy o‘zgarishlarga olib kelishi mumkin.
Tadqiqot mualliflaridan biri Kunlin Wei ta’kidlaganidek, VR muhitida parvoz qilish tajribasi insonning jismoniy qonuniyatlarni anglash darajasini tubdan o‘zgartiradi. Bu shunchaki o‘yin emas, balki inson tabiatini raqamli dunyoda kengaytirish va yangi hissiyotlarni shakllantirish uchun muhim qadamdir.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!