date

Xitoyda sobiq vazirlar poraxo‘rlik uchun o‘lim jazosiga hukm qilindi

Xitoyda korrupsiyaga qarshi kurash yanada keskin tus olmoqda. Mamlakatning ikki nafar sobiq mudofaa vaziri — Li Shanfu va Vey Fengxe yirik miqdordagi poraxo‘rlik ishlarida aybdor deb topilib, ikki yillik kechiktirish bilan o‘lim jazosiga hukm qilindi. Bu haqda rasmiy «Sinxua» axborot agentligi xabar tarqatdi.

Ma’lum qilinishicha, har ikki amaldor o‘z vaqtida Xitoyning eng yuqori harbiy va davlat tizimlarida faoliyat yuritgan. Ular Markaziy harbiy komissiya hamda Davlat kengashining a’zolari hisoblangan.

Xitoy harbiy sudi qaroriga ko‘ra, Vey Fengxe katta miqdorda pora olganlikda aybdor deb topildi. Li Shanfu esa nafaqat poraxo‘rlik, balki pora berish bilan bog‘liq jinoyatlarda ham ayblangan.

Sud qaroriga asosan, sobiq vazirlar umrbod siyosiy huquqlardan mahrum qilindi. Endi ular davlat lavozimlarini egallay olmaydi, ovoz berish huquqiga ega bo‘lmaydi va siyosiy jarayonlarda ishtirok eta olmaydi.

Shuningdek, ularga tegishli barcha mol-mulk davlat foydasiga musodara qilinishi ma’lum qilindi. Bu qaror Xitoy hukumati korrupsiyaga qarshi murosasiz siyosat yuritayotganini yana bir bor ko‘rsatmoqda.

E’tiborli jihati shundaki, mazkur jazo “ikki yillik kechiktirish bilan o‘lim jazosi” shaklida belgilangan. Xitoy qonunchiligida bu noyob huquqiy choralardan biri hisoblanadi.

Qonunga ko‘ra, ikki yillik muddat davomida mahkumlar qo‘shimcha og‘ir jinoyat sodir etmasa, o‘lim jazosi avtomatik tarzda umrbod qamoq jazosiga almashtiriladi. Biroq bunday mahkumlar uchun jazoni yengillashtirish yoki shartli ozodlik imkoniyati deyarli mavjud bo‘lmaydi.

So‘nggi yillarda Xitoyda yuqori lavozimli amaldorlarga qarshi korrupsiya ishlari keskin ko‘paygani kuzatilmoqda. Xususan, o‘tgan yil avgust oyida Xaynan provinsiyasi Xalq Assambleyasi Doimiy qo‘mitasi sobiq raisi o‘rinbosari Lyu Sintay ham yirik miqdorda pora olganlikda ayblanib, ikki yillik shartli o‘lim jazosiga mahkum qilingan edi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, u 316 million yuandan ortiq mablag‘ni noqonuniy ravishda olgan. Bu taxminan 44 million dollarga teng.

Shuningdek, o‘tgan yil sentyabr oyida Xitoyning sobiq qishloq xo‘jaligi vaziri Tang Renjian ham korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlar uchun o‘lim jazosiga hukm qilingani katta shov-shuvga sabab bo‘lgandi.

Tahlilchilar fikricha, Pekin hukumati davlat tizimidagi korrupsiyaga qarshi kurashni yanada kuchaytirish orqali mamlakatda intizom va nazoratni mustahkamlashga urinmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Dunyo » Xitoyda sobiq vazirlar poraxo‘rlik uchun o‘lim jazosiga hukm qilindi