Real Madrid mashg‘ulotida janjal: Valverde va Tchouameni intizomiy jazoga tortiladi

Real Madrid jamoasi ichida kutilmagan mojaro yuz berdi. Mashg‘ulotlar vaqtida Federico Valverde va Aurélien Tchouameni o‘rtasida kelib chiqqan jismoniy to‘qnashuv klub rahbariyatini jiddiy choralar ko‘rishga majbur qildi. Ushbu voqea Barselona bilan bo‘ladigan hal qiluvchi El-Klasiko o‘yini arafasida jamoa muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Klub rasmiy bayonotiga ko‘ra, har ikki futbolchiga nisbatan intizomiy ish ochilgan. Mashg‘ulotdagi kelishmovchilik oqibatida Valverde jiddiy jarohat olgan. Futbolchi stolga yiqilishi natijasida bosh miya jarohatini (kranioensefalik travma) olgan va shifoxonaga yotqizilgan.
Tibbiy ko‘rik natijalariga ko‘ra, Valverde 10 kundan 14 kungacha bo‘lgan muddatda to‘liq dam olishi kerak. Bu esa uning yaqinlashib kelayotgan muhim uchrashuvda maydonga tusha olmasligini anglatadi. Klub rahbariyati vaziyatni nazoratga olgan va ichki surishtiruv yakunlangach, yakuniy qaror e’lon qilinishini ma’lum qildi.
La Liga chempionligi uchun kurashayotgan Real Madrid uchun bu yo‘qotish katta zarba bo‘ldi. Bosh murabbiy Alvaro Arbeloa jamoani Barselona bilan bo‘ladigan o‘yinga tayyorlash jarayonida yuzaga kelgan ushbu ichki nizoni bartaraf etishga urinmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!