Foto: ERA/Vostosk-rhoto
FT'da e’lon qilingan maqolada yozilishicha, KXDR rahbari koronavirus pandemiyasidan mamlakat chegaralarida nazoratni kuchaytirish uchun foydalangan. Xorijiy OAVga ma’lumot berish uchun o‘lim jazosi joriy qilish evaziga esa endi o‘zini hukumatga kelganining ilk yillariga qaraganda ancha xavfsiz his qilmoqda.
Otasi va bobosining siyosatidan chekinib
Shimoliy Koreya yetakchilari doim o‘z qo‘llaridagi richaklardan xalqaro hamjamiyat ularga yon bosishi yo‘lida foydalanib kelgan. Masalan, avvaliga Koreya yarimorolida sun’iy inqiroz yuzaga keltirib, keyin eskalatsiya kuchaymasligi evaziga sanksiyalarni yumshatishni so‘rashadi. Aftidan, hozirgi rahbar Kim Chen In bunday siyosatdan voz kechgan va AQSH bilan murosa qilish haqida o‘ylamayapti ham.
38 North dasturi direktori Jenni Taunning aytishicha, yangi sovuq urush haqidagi gaplar fonida o‘z tomonini aniqlab oldi va buning mukofotini ham olmoqda: Rossiya va Xitoy bilan qalin aloqalar evaziga KXDR yadro dasturini rivojlantirib bormoqda.
KXDR Rossiyaga qurol va ish kuchi yuborib, evaziga texnologiya olmoqda
Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan keyin o‘q-dori bilan bog‘liq muammoga duch kela boshladi. Shimoliy Koreya esa ruslarga bu borada yordam bergan kam sonli davlatlardan bo‘ldi. AQSHda oktyabr oyida minglab qurol-yaroq ortilgan konteynerlar Shimoliy Koreyadan Rossiyaga olib ketilayotgani aks etgan koinotdan olingan suratlar e’lon qilindi. Vashingtonning taxminicha, KXDR buning evaziga Rossiyadan qiruvchi samolyotlar, «yer – osmon» klassidagi raketalar, ballistik raketa yasash uchun uskunalar va yuqori texnologiyalar oladi. Janubiy Koreya hukumati ma’lumotiga ko‘ra, Shimoliy Koreya yaqinda ilk parvozi amalga oshirilgan razvedka sun’iy yo‘ldoshi borasida ham Rossiyadan texnik ko‘mak olgan.
Rossiya bilan aloqalarni yaxshilayotganidan tashqari Kim Chen In Xitoyning panohida qolishni ham davom ettirmoqda. Masalan, Xitoy oxirgi bir necha oy ichida KXDRga mamlakatda bo‘lib turgan yuzlab shimollik qochoqlarni qaytardi. Vaholanki, bunga BMT, AQSH va ko‘plab xalqaro tashkilotlar qarshilik qilgandi. Kim Chen In bu qochoqlarni qaytarganini o‘z g‘alabasi deb qabul qilgan.
«Xitoy Shimoliy Koreyani doim bufer zona sifatida qadrlagan. Garchi ularning yadro dasturi va provokatsion harakatlari chinliklarga yoqmasa ham. Xitoy AQSH bilan bir necha o‘n yillar davomida konflikt holatida bo‘lishini anglagach, Pxenyanni qo‘llashda davom etib, evaziga ko‘p narsa so‘ramaydi ham», deydi koreyashunos Andrey Lankov.
Rossiyaning Uzoq Sharq hududida ishchi kuchi yetishmovchiligi kuzatila boshlagach, Shimoliy Koreya u yerga ko‘plab ishchilarni yubordi. Xitoy bilan mamlakatning savdo aylanmasi oxirgi 4 yil ichida eng yuqori darajaga yetdi. Pekin KXDRga sanksiya bo‘yicha taqiqlangan mahsulotlarni ochiqchasiga eksport qilgan. Bundan tashqari, BMT taqiqiga qaramay, Shimoliy Koreyadan ko‘mir va po‘lat sotib olgan.
Rossiya va Xitoyning o‘zi yetarli
Shimoliy Koreya mamlakatning Afrika, Yevropa va Osiyodagi elchixonalarini yopmoqda. Tahlilchilarga ko‘ra, bu KXDR Rossiya va Xitoydan tashqarida savdo aloqalarini rivojlantirishni istamayotganidan dalolat beradi. «Kim AQSH bilan aloqalarni yaxshilashdan kamroq foyda beradigan hamkorlik bilan cheklanmoqda. Lekin bu hamkorlik ishonchli va ko‘p narsa talab qilmaydi», deydi Jenni Taun bu haqda.
Finansial Times oxirgi yillarda Rossiya va Xitoy BMT Xavfsizlik kengashi sanksiya siyosatini rasman qo‘llamay qo‘yganiga e’tibor qaratgan. Ikki davlat ham doimiy ravishda Shimoliy Koreyaga qarshi sanksiyalarni yumshatish borasida rezolyutsiyalar kiritib kelmoqda. Bundan tashqari, Rossiya va Xitoy G‘arb raketa sinovlari uchun tanqid qiladigan KXDRni oqlab kelmoqda.
G‘arbda sanksiyalarni yumshatish va mamlakat iqtisodiyoti o‘sishi Shimoliy Koreya yadro dasturini rivojlantirib yuboradi deb hisoblashadi. Ekspertlar, Shimoliy Koreya shuncha sanksiyalarga qaramay yadro dasturini yaxshilab borayotgani sanksiyalarning ta’sir kuchi pastligidan nishonaligini aytmoqda.
FT xulosasiga ko‘ra, Kim Chen In o‘z oldiga qo‘ygan yana bir asosiy maqsad xorijiy ta’sirning oldini olish. Tuzum koronavirus pandemiyasini mahalliy aholiga ijtimoiy bosimni oshirish va Xitoy bilan chegarasida nazoratni kuchaytirish uchun foydalangan.
«U ichki raqiblarini tozaladi, yadro quroli yaratish bo‘yicha yirik dastur boshladi va jamiyat ustidan nazoratni kuchaytirdi. Rossiya va Xitoyning AQSH bilan dushmanchiligi Kim uchun ayni muddao», deydi Vena universitetidagi Shimoliy Koreyani o‘rganish markazi ilmiy xodimi Piter Uord.
AQSH Shimoliy Koreyaning yadro dasturi bilan nima qilishni bilmayapti. Aftidan, dastur faqat rivojlanib bormoqda
Tahlilchilar tuzum yashab qolishi uchun mamlakat iqtisodiy jihatdan gullab-yashnashi shart emas deb hisoblashadi. «Shimoliy Koreya uchun iqtisodiyot yaxshi yoki yomon ekani emas, u juda past hayot tarziga odatlangan odamlarning birlamchi ehtiyojlarini qondirish uchun yetarlimi, degan savol muhim», deydi Shvetsiya xalqaro aloqalar institutining Shimoliy Koreya bo‘yicha eksperti Benjamin Zilbershteyn. U mamlakatda ko‘pchilik to‘yib ovqat yemasligi, lekin ommaviy ochlik holati mamlakatda ko‘p kuzatilmasligining o‘zi Kim uchun yetarli ekanini aytgan.
Finansial Times'ning yozishicha, AQSH va ittifoqchilari Shimoliy Koreyaning yadro dasturi bilan nima qilishni bilmayapti. Ular KXDR Rossiya va Xitoy bilan aloqalarni yaxshilashi ortidan yadro dasturini rivojlantirib olishidan xavotirda. Chunki bu davlatlar Shimoliy Koreyaga plutoniy va yuqori boyitilgan uran yetkazib berishni oshirishi mumkin. Agar Rossiya KXDRga uranni to‘g‘ridan to‘g‘ri yetkazib berishni istamasa, uni Pxenyanga sentrifuglarni modernizatsiya qilish uchun foydalanishga mo‘ljallangan kompozit materiallar ko‘rinishida yuborishi mumkin. Bunday holatda kerakli mahsulotni fuqarolar ehtiyoji uchun deb olib kirish mumkin.
Janub xavotirda
Bo‘lib o‘tayotgan voqealar, ayniqsa, Janubiy Koreyada qattiq xavotir uyg‘otmoqda. Jo Bayden ittifoqchisini qo‘llash uchun yadroviy muammo bo‘yicha ikki tomonlama konsultatsiya guruhi tashkil qilishga rozi bo‘ldi. Amerikalik harbiylar ham Janubiy Koreyada tez-tez ko‘rinish bermoqda. Ammo Seuldagi Siyosiy tadqiqotlar instituti ilmiy xodimi Go Miyeng Xunning fikricha, AQSHning barcha harakatlari shunchaki janubliklarni tinchlantirishga qaratilgan. Bu bilan esa Shimoliy Koreyani tiyib turib bo‘lmaydi.
Ekspert Andrey Lankovning fikricha, Shimoliy Koreya tomonidan tahdid bundan keyin faqat oshib boradi. Chunki hali 40 yoshga kirmagan Kim Chen In o‘z hukumatini kuchaytirib bormoqda. «Kim yadro dasturini kuchaytirishga bunchalik jiddiy e’tibor qaratayotganini faqat bir narsa bilan izohlash mumkin: Shimoliy Koreya jiddiy tarzda ikkinchi Koreya urushiga tayyorlanmoqda va Janubni bosib olishni maqsad qilgan. Bu tahdid keyingi 10-15 yilda yanada yaqqol ko‘rina boshlaydi», deydi Lankov.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring