date

Farg‘onada haydovchi 8 yilga qamaldi

Farg‘onada haydovchi 8 yilga qamaldi
Farg‘ona viloyatida bir oilaning to‘rt a’zosining halok bo‘lishiga sabab bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi bo‘yicha sud jarayoni yakunlandi. Ushbu ishda 25 yoshli haydovchi aybdor deb topildi.

Fojia Farg‘ona tumani “Shohimardonobod” mahallasida sodir bo‘lgan. Nexia avtomobilining haydovchisi ruxsat etilgan tezlikni oshirib, yo‘l harakati qoidalarini buzgan holda qarama-qarshi tomonga chiqib xavfli quvib o‘tish harakatini amalga oshirgan.

Qarama-qarshi tomonda Tico avtomobili bilan yuzma-yuz to‘qnashuv yuz bergan. To‘qnashuv oqibatida Tico haydovchisi voqea joyida halok bo‘lgan.

Mashinada bo‘lgan ayol va ikki voyaga yetmagan bola og‘ir tan jarohatlari olib, shifokorlarning barcha urinishlariga qaramasdan, shifoxonada hayotdan ko‘z yumgan. Avariya aybdori tirik qolgan.

Sud haydovchini yo‘l harakati qoidalarini buzib, odamlarning o‘limiga sababchi bo‘lganlikda aybdor deb topib, uni sakkiz yil ozodlikdan mahrum qildi. Shuningdek, unga uch yil davomida transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilish jazosi qo‘llanildi.

Bundan tashqari, sud qaroriga ko‘ra, haydovchi halok bo‘lganlarning oilasiga 100 million so‘m miqdorida tovon puli to‘lashi lozim.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Farg‘onada haydovchi 8 yilga qamaldi