
Nikolas Maduro hukumatining o‘z mudofaa salohiyatini mustahkamlash maqsadida Rossiya, Xitoy va Erondan harbiy yordam so‘rab rasmiy murojaat qilgani ma’lum bo‘ldi. Ushbu diplomatik choralar AQSHning Karib dengizi hududida harbiy mavjudligini kuchaytirishi ortidan amalga oshirilmoqda.
Bu haqda The Washington Post nashri AQSH hukumatining ichki hujjatlariga asoslanib xabar berdi. Maduroning Rossiya prezidenti Vladimir Putinga yo‘llagan maktubi rasmiy vakil, transport vaziri Ramon Selestino Velaskes tomonidan Moskva tashrifida yetkazilishi rejalashtirilgan.
Ushbu maktubda Venesuela yetakchisi Rossiyadan avval xarid qilingan Su-30MK2 qiruvchilarini ta’mirlash va modernizatsiya qilishda yordam so‘ragan. Maduroning ta’kidlashicha, aynan ushbu qiruvchi samolyotlar «urush xavfi qarshisida eng muhim to‘siq»dir.
Shuningdek, dvigatellar va radarlarni ta’mirlash, hamda 14 ta ehtimoliy raketa to‘plamlarini sotib olish masalalari ko‘tarilgan. Xitoy raisi Si Szinpinga yo‘llangan boshqa bir murojaatda Maduroning harbiy hamkorlikni kengaytirish taklifi ilgari surilgan.
Unda Xitoy kompaniyalari tomonidan radar tizimlarini ishlab chiqarishni tezlashtirish orqali Venesuelaning mudofaa imkoniyatlarini kuchaytirish zarurligi ta’kidlangan. Eron bilan olib borilayotgan muloqotlar esa amaliy bosqichga o‘tgan.
Transport vaziri Velaskes nafaqat Tehronga tashrif rejalashtirgan, balki Eronning harbiy uskunalarini yetkazib berish jarayonini ham kuzatayotgani aytilmoqda. Eron rasmiylari bilan yozishmalarda Venesuelaning ehtiyojlari aniq belgilangan: «passiv aniqlash vositalari», «GPS skremblerlar» va 1000 kilometrgacha parvoz qilish imkoniyatiga ega bo‘lgan uchuvchisiz uchish apparatlari.
Ushbu texnologiyalar Venesuela armiyasining razvedka va radioelektron kurash qobiliyatlarini sezilarli darajada oshirishi mumkin. Karakasning bu harakatlari AQSHning avgust oxirida narkotrafikka qarshi kurash bahonasi bilan Karib dengizi hududida boshlagan harbiy operatsiyalariga javob sifatida izohlanmoqda.
AQSH prezidenti Donald Tramp bu operatsiyalarni «narkoterroristlarga qarshi kurash» deb atagan, ular doirasida harbiy-dengiz kuchlari, jumladan, aviatashuvchilar guruhi joylashtirilgan. Maduro ma’muriyati bu harakatlarni milliy suverenitetga tahdid deb hisoblab, o‘z xavfsizligini ta’minlash uchun harbiy-texnik ittifoqlarni shakllantirishga intilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!