Shu hafta oxirida, 15–17 mart kunlari Rossiya Federatsiyasida prezidentlik saylovi bo‘ladi. Uning natijasidan hech kim yangilik kutmayapti: 1999 yil dekabridan beri de-fakto RFni boshqarib kelayotgan Vladimir Putin yana hokimiyatda qoladi.
Vladimir Putin sobiq SSSR va Rossiya Federatsiyasi tarixidagi eng uzoq muddat hokimiyatda o‘tirgan hukmdorlardan biri bo‘ldi. Boris Yelsin RFni 1991-99 yillar davomida boshqardi, jami 9 yil. Mixail Gorbachev esa 1985-91 yillarda SSSR Kommunistik partiyasining bosh kotibi bo‘lgan edi. SSSR tarixida eng uzoq muddat hokimiyatda o‘tirgan shaxslardan biri Leonid Brejnev ham jami 18 yil hukmronlik qilgan edi, ya’ni 1964-82 yillar oralig‘ida. Nikita Xrushchev esa 11 yil davomida, 1953-64 yillar davomida SSSRni boshqargan edi.
Iosif Stalinga kelsak, tarixchilar uning boshqaruvi ostida o‘tgan yillarni ikkiga bo‘ladi. Lenin 1924 yilda vafot etgan, lekin 1923 yilga kelib, davlat boshqaruvidan ketgan edi. Lenindan keyin, 1923-33 yillar oraligida SSSRni kollegial boshqarishgan, Stalindan tashqari Trotskiy va boshqalar ham juda qudratli bo‘lgan. Bu davrda Stalin yakkahukmdor bo‘la olmagan. Shuning uchun, ba’zi tarixchilar Stalinning monopol boshqaruvi 1923 yilda emas, 1933 yildan to 1953 yilgacha davom etdi deb hisoblashadi. Agar Stalin 20 yil boshqardi deb qaralsa, Putin Stalinni ham ortta qoldirgan bo‘ladi. Stalin to‘liq 30 yil boshqardi deyilsa ham, shu olti yillikda Putin Stalinni ortta qoldiradi.
Putin davrida Rossiya konstitutsiyasi bir necha marta o‘zgartirildi. 4 yillik prezidentlik mandati 6 yilga cho‘zdirildi. 2020 yilgi referendum orqali Putinning oldingi barcha muddatlari “nollashtirildi”. Demak, Putinning yana ikkita olti yillik muhlati bor. Shu yilgi saylovlar orqali u hokimiyatda 2030 yilgacha qoladi, va 2030 yilda yana qayta saylansa, 2036 yilga qadar RFni boshqaradi.
To‘g‘ri, 2008-12 yillar oralig‘ida, Rossiyaning prezidenti Putin emas, Dmitriy Medvedev edi. Lekin siyosatshunoslar bu davrni hech ikkilanmasdan tandem boshqaruvi davri deyishadi. Bu davrda Putin bosh vazir sifatida o‘z qudrati va salohiyatini saqlab qoldi, kuchishlatar tuzilmalarning boshliqlari Medvedev bilan emas, ko‘proq Putin bilan hisoblashar edi. Shuning uchun bu davrni ham Putinning “bilvosita boshqaruv davri” deyish mumkin.
Xo‘sh, ushbu 2024 yilda boshlanib, 2030 yilda tugaydigan muddati, Putinning nechinchi prezidentlik mandati hisoblanadi? Beshinchi! 2000 va 2004 yillarda to‘rt yillik mandat bilan ikki marta saylandi. O‘rtada, 2008-12 yillarda Dmitriy Medvedev prezidentlik kursisiga qo‘riqchilik qilib turdi. 2012 va 2018 yillarda esa, Putin olti yildan yana ikki marta saylandi. De-fakto, Vladimir Putin – 1999 yil dekabr oyidan boshlab Rossiyaning eng qudratli shaxsi. U Rossiyani 24 yildan buyon, salkam chorak asrdan buyon boshqarib kelmoqda.
Xo‘sh, Putin boshqaruvining yangi olti yilligi dunyo uchun, postsovet davlatlari uchun nimani anglatadi? O‘zbekiston xalqi va davlatchiligi uchun Kremlda Putinning yana olti yil qolishi qanday oqibatlarga olib kelishi mumkin?
V.Putin taxminan 2007 yillardan boshlab dunyo geosiyosatini fundamental o‘zgartirishga kirishgan siyosatchidir. 2014 yilda u Qrimni anneksiya qildi. 2022 yilda Ukrainaga qarshi to‘laqonli urush boshladi. Mana, urush boshlanganiga ikki yildan ham oshdi. Bugun, V.Putin kollektiv g‘arb bilan keng qamrovli gibrid urush olib bormoqda. Putinning niyati – dunyo tartibotini o‘zgartirish. Buning uchun u Ukrainani bosib olmoqchi, Yevropa Ittifoqida parokandalikka erishmoqchi, global janubni geosiyosiy front sifatida kuchaytirmoqchi, dunyoda urush o‘choqlari va nuqtalarini ko‘paytirish orqali AQSH e’tiborini va resurslarini parchalash va so‘ndirish harakatida. Endi Putin hokimiyatdan keta olmaydi. Aksincha, uning kurashlar davri endi yanada kuchayadi. Keyingi olti yillik dunyo geosiyosati uchun yanada beqarorlik va katta ziddiyatlar davri bo‘lishi aniq.
Rossiya Federatsiyasi – bugun dunyo geomafkurasini mutlaq o‘zgartirishga bel bog‘lagan davlat. Rossiya propagandasiga ko‘ra, demokratiya, liberalizm, huquqiy davlatchilik to‘liq inqirozda va yaroqsizlangan. Rossiya o‘zining konservativ avtoritar boshqaruvini yagona to‘g‘ri yo‘l deb biladi va dunyoga shu yo‘lni taklif va targ‘ib qiladi. Ayniqsa, keyingi 15-20 yil ichida rus propagandasi tarqatayotgan aksildemokratik qarashlar, Rossiya OAVlari yetib borgan barcha sarhadlarda millionlab insonlar ongiga yashirincha yoki oshkora o‘rnashib olishga ulgurgan. Jumladan, millionlab o‘zbekistonliklar ham bugun demokratiyaga, huquqiy davlatchilikka, liberalizmga skeptik qarashadi. Va bu V.Putinning axborot proyeksiyasi hisoblanadi. Keyingi olti yillikda, ushbu axborot kampaniyasi kuchaysa kuchayadi, lekin pasaymaydi. Sababi, Putinning g‘arb va dunyo tartiboti bilan kurashi, yangi kulminatsion nuqtasiga yaqinlashmoqda.
Putinning postsovet hududidagi eng asosiy kredosi – shovinistik imperializm. Shuning uchun bugun barcha postsovet davlatlari, jumladan, Markaziy Osiyo davlatlari tabiiy ravishda asabiy. Sababi, Ukrainadan keyin Putin yana nimani boshlashini hech kim aniq ta’bir qila olmaydi.
Putinning siyosiy tizimi endi urushlarsiz yashay olmaydi. Chunki urushlar tugashi – Rossiya jamoatchiligida savollar va sarhisoblar boshlanishini anglatadi. V.Putin va uning Medvedev kabi tarafdorlari uchun SSSR ham Rossiya imperiyasining izdoshi, o‘rindoshi edi. Va bu davlatlar tarkibiga kirgan barcha hududlar va davlatlar “Yangi Rossiya” deb nomlandi, va yana Rossiya tarkibiga “qaytishi” vazifasi bildirildi.
Boshqa jihatdan, Putinning yana Kremlda qolishi, dunyoda ko‘pqutblilik shakllanish jarayonini tezlashtiradi. Aslida, dunyo uchun ko‘pqutblilik kerak. Misol uchun, Yaqin Sharqda Isroilning jinoyatlari – ushbu mintaqadagi bir qutblilikning oqibati hisoblanadi. Lekin biz uchun muammo shundaki: “Dunyo hokimiyatiga da’vogar ikki qudrat – RF va Xitoy Xalq Respublikasi Markaziy Osiyo davlatlarining suvereniteti va hududiy yaxlitligini qanchalik tan oladi va rioya qiladi?” degan o‘rinli savol mavjud.
Bir so‘z bilan aytganda, keyingi olti yillik geosiyosiy jihatdan juda chaqiriqlarga boy davr bo‘lishini taxmin qilish mumkin. Xo‘sh, O‘zbekiston davlatchiligi nima qilishi kerak?
Agar e’tibor berilsa, O‘zbekiston va MO davlatlari ko‘p vektorli tashqi siyosat yuritmoqda. Mintaqa davlatlari, rus propagandasi tili bilan aytganda “anti-Rossiya”chilikda ayblanishga imkoniyat bermayapti. Ayni paytda, Markaziy Osiy davlatlarining birontasi “pro-Rossiya”, ya’ni “rossiyaparast” ham emas. Anti-Rossiya bo‘lish – bu Rossiya bilan to‘qnashuvni tezlashtirsa, rossiyaparast bo‘lish – bu milliy manfaatlar, mustaqillikdan chekinish deganidir.
Mana shu kurs doirasida, mintaqa davlatlarining o‘zaro hamkorligi, hamjihatligi va integratsiyasi tezlashishi kerak.
O‘zbekiston o‘zining suveren, mustaqil axborot maydonini yaratishni tezlashtirishi ham zarur. Asosiy maqsad – o‘zbekistonliklarni, ularning shuuri, siyosiy va geosiyosiy qarashlarini O‘zbekistonning o‘ziga qaytarish, jamiyat va davlat o‘rtasidagi ishonch tarmoqlarini mustahkamlash bo‘lishi kerak.
Mustaqil va kuchli axborot tizimisiz siyosiy va geosiyosiy mustaqillik, mustahkam mudofaa tizimi bo‘lishi mumkin emas. Dunyoda o‘z axborot tashabbusini boshqalarga berib qo‘ygan davlatlar u qadar ko‘p emas. Markaziy Osiyoning hech bir respublikasi o‘z axborot suverenitetini to‘liq shakllantira olgani yo‘q, bu – siyosiy va geosiyosiy jihatdan qaltis vaziyat.
Milliy kontent yaratish yo‘lida katta ishlar qilinishi kerak. Buning uchun esa, O‘zbekiston boshqaruv modeli shunday bo‘lishi kerakki, jamiyat-xalq davlatni o‘zining o‘zligi, irodasi va manfaatlari doirasida ko‘rishi kerak.
Kamoliddin Rabbimov,
siyosatshunos
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring siyosatshunos
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Trampning "xarxasha"lari borasida AQShdagi oʻzbekistonlik vatandoshlar qanday fikrda?
Moldova prezidentiga 2024 yilda berilgan eng qimmat sovgʻa ma'lum qilindi
Trampning oʻgʻli Grenlandiyada AQShni qoʻllab-quvvatlashlari uchun uysizlarga pul berdi
Advokat: Janubiy Koreya prezidenti oʻz xavfsizligi uchun xavotirda
Trampning maslahatchisi Putin bilan uchrashuvga tayyorgarlik boshlanganini aytdi
Eron yangi kamikadze-dron yaratdi
Habib Nurmagomedov AQShda styuardessa bilan tortishgani uchun samolyotdan tushirib yuborildi
Oʻzbekiston delegatsiyasi Haj va umra vazirligi vakillari bilan uchrashdi