16:39 / 15.03.2024
506

Qrimning Ukrainaga berilishi: RF Davlat dumasi SSSR qarorini bekor qila oladimi?

Qrimning Ukrainaga berilishi: RF Davlat dumasi SSSR qarorini bekor qila oladimi?
«Yedinaya Rossiya» partiyasi deputati Konstantin Zatulin va senator Sergey Sekov Davlat dumasi ixtiyoriga 1954 yilda Qrim oblasti RSFSR tarkibidan Ukraina SSR tarkibiga o‘tkazilganini noqonuniy deb topish to‘g‘risida qonun loyihasini kiritdi.

Ammo bu qarorni bekor qilish uchun Rossiya davlat dumasi vakolatli emas, deb ta’kidlashmoqda yuristlar Yelena Lukyanova va Karinna Moskalenko.

Deputatlar talabi

«Yedinaya Rossiya» deputatlari qonun loyihasida Qrim oblactini Ukraina SSR tarkibiga berishni «siyosiy boshboshdoqlik» deb atashgan. Hujjat mualliflari SSSRning 1936 yilgi konstitutsiyasiga havola qilishmoqda va unga ko‘ra «davlat hokimiyatining ittifoq organlari bir ittifoqdosh respublikadan ikkinchisiga hududlarni olib berish huquqiga ega emas»ligiga urg‘u berilmoqda.

Sekov va Zatulinning fikricha, SSSR Oliy Soveti prezidiumi Qrim oblastini Ukraina SSRga berish to‘g‘risida farmon imzolab, ittifoqdosh respublikalar suverenitetini cheklagan va qarorni «ularning (ittifoqdosh respublikalarning) tasarrufi chegarasida» qabul qilgan. Shuningdek, qonunchilar ittifoq hokimiyati «Rossiya xalqining xohish-irodasi»ni inobatga olmaganini eslatib o‘tgan.

Sekov va Zatulin o‘z tashabbusini «tarixiy adolatni tiklash» va Ukraina hukumati tomonidan taklif qilinayotgan «1991 yilgi soxta chegaralarga qaytish»ni qamrab olgan tinchlik formulasini yo‘qqa chiqarish bilan tushuntirishgan.

Yuristlar nima deydi?

SSSR Oliy Soveti prezidiumi ittifoqdosh respublikalar chegaralarini o‘zgartirish vakolatiga ega bo‘lgan, deydi Moskva davlat universiteti va Oliy iqtisodiyot maktabida konstitutsion huquq kafedrasi professori bo‘lib ishlagan Yelena Lukyanova. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu SSSRning o‘sha vaqtda amalda bo‘lgan konstitutsiyasining 14-moddasi «d» bandida mustahkamlab qo‘yilgan. Moddada «oliy davlat hokimiyati organlari va davlat boshqaruv organlari ixtiyorida ittifoqdosh respublikalar o‘rtasidagi chegaralarni o‘zgartirishni tasdiqlab berish» ham borligi qayd etilgan.

Rossiya davlat dumasi esa SSSR Oliy Soveti prezidiumi qarorlarini bekor qilishga haqli emas, deb hisoblaydi Lukyanova.

«Qonunni haqiqiy emas, deb topishning biror protsedurasi yo‘q. Qonun yo qabul qilinadi yo bekor qilinadi. Ular bekor qila olmasdan, noqonuniy deb topishga yopishib olganini tushunsa bo‘ladi — endilikda yo‘q davlatning qonunini qanday bekor qilish mumkin? Bu yerda huquqiy vorislik ishlamaydi», — degan Lukyanova.

Qrimni Ukraina SSRga topshirish qarorini bekor qilish uchun na RF Davlat dumasida, na RF sud organlarida vakolat bor, degan advokat, BMT qoshidagi inson huquqlari bo‘yicha kengash eksperti Karinna Moskalenko. «Tarixni ortga qaytarish uchun hech qanday protsedura yo‘q. Bu xalqaro huquq me’yorlariga asoslanmagan, mutlaqo fantastik yechim», — deb hisoblaydi u.

Bundan tashqari, ekspertlar sovet hokimiyati deputatlar ta’kidlagan «Rossiya xalqining xohish-irodasi»ni hisobga olish kerak edi, degan ta’kidni ham shubha ostiga olishgan. Sovet qonunchiligida referendum protsedurasi o‘zi bo‘lmagan, degan Lukyanova.

Eslatib o‘tamiz: 2014 yilda Rossiya Ukraina tarkibida bo‘lgan Qrim avtonom respublikasini anneksiya qilgan va egallab olingan bu yarimorolda referendum o‘tkazgan. Ushbu hudud Rossiyaga qo‘shilganini Nikaragua, Afg‘oniston, Venesuela, Kuba, Suriya, Sudan va KXDR kabi sanoqli davlatlar vakillari tan olgan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo