Wojciech Grzedzinski / Anadolu Agency / Getty Images
AQSHning yangi saylangan prezidenti Donald Tramp bir necha marta Rossiya-Ukraina urushini tugatishga va’da bergan. G‘arb nashrlari xabariga ko‘ra, uning maslahatchilari front chiziqlarini muzlatish, demilitarizatsiya qilingan hudud yaratish va Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lishini kechiktirishni taklif qilmoqda. Biroq, Tramp hozircha aniq bir reja taqdim etmagan, frontdagi vaziyat esa tez o‘zgarmoqda.
AQSHning amaldagi prezidenti Jo Bayden ma’muriyati Kiyevga Amerikaning uzoq masofani nishonga ololadigan ATACMS raketalari bilan Rossiya hududlariga zarba yo‘llashga ruxsat berdi. Shu bilan birga, Rossiya Dniproga yangi ballistik raketa bilan zarba berdi va yadroviy quroldan foydalanish ostonasini pasaytirdi.
AQSHning Ukraina bo‘yicha sobiq maxsus vakili va NATOdagi AQSH elchisi bo‘lgan Kurt Volker «Meduza»ga bergan intervyusida Moskva va Kiyev Trampning ikkinchi prezidentligi davridan nimalarni kutgani haqida fikr bildirdi.
Oq uy qarorlari haqida. Ukrainaga ATACMS raketalari bilan Rossiya hududlariga zarba uchun ruxsat va tez orada yetkaziladigan piyodalarga qarshi minalar
— Men tushunmayman, nega bu ishga avval boshdanoq qo‘l urmadik? Umuman, o‘zi nega bu cheklovlarni kiritdik? Hozir bunga tayyor ekanmiz, nega ikki yil avval buni amalga oshira olmadik?
Xalqaro huquqda qurol qo‘llanish radiusini cheklash g‘oyasining hech qanday asosi yo‘q. Ukrainaga hujum qilindi, u o‘zini himoya qilish huquqiga ega. Rossiya o‘z hududidan Ukrainaga hujum qilmoqda — bunga javob zarbalari bermaslik uchun hech qanday sabab yo‘q. Bu cheklovlar to‘liq Bayden ma’muriyati tomonidan o‘ylab topilgan edi. Ular bunday qilmasliklari kerak edi va hech kim bunga e’tiroz ham bildirolmasdi. Endi esa Rossiya bu cheklovlar bekor qilinishidan katta shov-shuv yasayapti, aslida bu cheklovlar umuman bo‘lmasligi lozim edi.
Bu cheklovlarni olib tashlash fursati yetib kelgandi. Men tushunmayotgan yana bir narsa, nega biz bu haqda e’lon qilyapmiz? Agar biz cheklovlarni bekor qilmoqchi bo‘lsak, shunchaki olib tashlashimiz kerak. Agar biz minalarni berishni reja qilgan bo‘lsak, beraylik, bo‘ldi. Bu olamshumul voqea bo‘lishi shart emas.
Tramp tomonlarni muzokara stoliga qanday o‘tqazishi haqida
— Kiyevni muzokara stoliga o‘tqazishda muammo yo‘q, asosiy muammo Moskvada. Putin bilan bog‘liq muammo shundaki, uning talablari Ukrainaga to‘liq egalik qilishdan iborat va boshqa hech narsa uni qoniqtirmaydi. Siz o‘t ochishni to‘xtatish, demilitarizatsiya qilingan hududlar, avtonom mintaqalar va shu kabilar haqida gaplashib, Putinni qoniqtira olmaysiz. Chunki u hech qachon qoniqmaydi. Bunday shaxsni shunchaki to‘xtatish kerak.
Umid qilamanki, Tramp Putinga urushni to‘xtatishini aytish bilangina cheklanmaydi, Rossiya bunday qilmasa, AQSH Ukrainaga kerakli mablag‘larni berish, istalgan qurollarni sotib olish va ularni o‘z xohishiga ko‘ra ishlatish imkonini berish bilan ham tahdid qiladi. Putin uchun to‘g‘ri signal shundaki, Ukraina va G‘arb Rossiyaga nisbatan kuch pozitsiyasidan chiqish qilishi kerak.
Bayden ma’muriyati esa hammasini aksincha qilgan. Ular doimo shubhalangan, kechiktirgan va cheklovlar o‘rnatgan. Bu Putinga bizda qat’iyat, xohish va ishlab chiqarish imkoniyatlari yo‘qligini ko‘rsatgan. Biz vaziyatni o‘zgartirishimiz va Putinni ishontirishimiz kerak: bizda yetarli imkoniyatlar, mablag‘ va vaqt bor, shu sababli yo to‘xtanglar, yo o‘zlaringizga zarar yetkazing, deb. Agar prezident Tramp aynan shunday harakat qilsa, bu samarali bo‘lishi mumkin, deb o‘ylayman.
Tramp maslahatchilari versiyasiga ko‘ra, urushni tugatish rejalari haqida
— Menimcha, buning hammasi (front chiziqlarini muzlatish, demilitarizatsiya qilingan hudud yaratish, Ukrainaning NATOga qo‘shilishini 20 yilga to‘xtatib turish) to‘g‘ridan to‘g‘ri Trampning tashabbusi emas. U o‘z qarorlarini o‘zi qabul qiladi. Uni bu jarayonning mayda detallari qattiq tashvishlantirayotgani yo‘q. Uni tashvishlantirayogan asosiy narsa — urushni tugatish: shunchaki bir-biringizni o‘ldirishni bas qiling, deyish.
Avval ham ta’kidlaganimdek, Putin bilan bog‘liq masala bunday detallarda emas. U faqatgina Ukrainani egallashni istaydi. Shuning uchun unga juda sodda tilda «Sen to‘xtashing kerak», deb aytilmog‘i kerak. Unga to‘xtashga majbur qilish zarur.
Tramp Ukraina g‘alabasini «qurbon» qilishi mumkinmi?
— Ha, agar Ukraina g‘alabasi sifatida uning o‘z hududlarini qaytarish va Rossiya qo‘shinlarini mag‘lub qilishni tushunsangiz. Menimcha, Tramp urushni hoziroq tugatishni afzal ko‘radi.
Agar urushning Ukraina g‘alabasi bilan tugashi deganda mustaqil, suveren, Yevropaning demokratik davlati sifatida tan olinishni, doimiy xavfsizlik kafolatlariga ega bo‘lishni, idealda Yevropa Ittifoqi va NATOga a’zo bo‘lishni anglatsa, bu maqsadga bemalol erishish mumkin, deb o‘ylayman. Keyinchalik Rossiya okkupatsiya qilgan Ukraina hududlari maqomi borasida bahslar bo‘lishi mumkin. Bu bahslar Boltiq davlatlari va Sharqiy Germaniya bilan 40 yil davom etgan yoki Shimoliy Kipr masalasidagi bahslar kabi bo‘ladi. Bu uzoq vaqt davom etishi mumkin, ammo faol harbiy harakatlarsiz.
Albatta, Ukraina bilan muloqot qilmasdan hech narsaga erishib bo‘lmaydi. Ammo, menimcha, ukrainlar uchun ham urushni tugatish va kelajakka intilish imkoniyati muhim. Agar siz Ukrainadagi ayrim odamlar bilan gaplashsangiz (hamma bilan emas, ammo ayrimlar bilan), ular mamlakatning sharqiy hududlari sezilarli darajada vayron bo‘lgani va u yerlarda deyarli hech kim yashamasligini tan olishadi. Shu sababli, hozirda bu hududlarga ularning bog‘lanishi ancha pastroq.
Kiyevning Tramp ma’muriyati bilan qanday ishlash kerakligi haqida
— Ukraina qat’iyat bilan o‘z pozitsiyasini bayon qilishi kerak: «Biz suveren, mustaqil, Yevropaning demokratik davlatimiz. Biz Ukrainani saqlab qolamiz va AQSH hamda G‘arb tomonidan ko‘rsatilgan yordam uchun minnatdormiz. Biz tinchlikka qarshi emasmiz — biz haqiqatan ham tinchlikni xohlaymiz», tarzida.
Tinchlikka erishish yo‘lidagi asosiy to‘siq — Putin, chunki u urushni istaydi. Biz aynan shu yerda diqqatimizni jamlashimiz kerak: Putinni urushni to‘xtatishga qanday ishontirish mumkin? Agar uni to‘xtatishning iloji topilsa, tinchlik mustahkam bo‘ladi. Ukraina pozitsiyalarini mustahkamlash bo‘yicha qadamlar aynan shunda mujassamdir.
Shuningdek, Ukraina NATO va Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishga intilishda davom etishi va bu masalada aqlli yondashuvni saqlashi lozim. NATOning 5-moddasi (hamma uchun umumiy himoya) faqat hukumatning faktik nazoratida bo‘lgan hududlarga tatbiq etilishi kerak. Okkupatsiya qilingan hududlar bo‘yicha bahslar bo‘ladi, lekin Ukraina ularni harbiy yo‘l bilan qaytarmaslikka tayyor bo‘lishi lozim.
Bu kabi yondashuvlar Kiyev nuqtayi nazaridan juda oqilona bo‘ladi. Lekin barchasi Ukrainaga yetarli darajada qo‘llab-quvvatlash ko‘rsatilishi bilan boshlanishi zarur. Bu Putinni to‘xtatish va Ukrainaning muvaffaqiyatini kafolatlash uchun muhimdir. “Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Suriya prezidenti Bashar Asad murakkab vaziyatga izoh berdi
Xitoy Donald Trampning BRICS a’zolariga nisbatan tahdidlariga javob berdi
AQSH Gruziya bilan strategik hamkorlikni to‘xtatdi
Jurnalistlar uchun eng xatarli hudud
Rossiyada chet el fuqarosining raqamli profili yaratilmoqda
Livandagi sulh: «Hizbulloh» chegaradan uzoqlashishi kerak, ammo keyin nima bo‘ladi?
Jizzaxda “Kamaz” temiryo‘ldagi qizil chiroqqa bo‘ysunmay shlagbaumni urib o‘tib ketishga urindi
Bayden lavozimini tark etishi oldidan o‘g‘lini afv etdi