20:18 / 10.12.2024
68

Rossiya nega Suriyani boy berdi? Asad rejimi qulashining asosiy sabablari...

Rossiya nega Suriyani boy berdi? Asad rejimi qulashining asosiy sabablari...
Foto: Mixail Klimentev / RIA Novosti
8 dekabrga o‘tar kechasi Suriyada Bashar Asad rejimi quladi. Muxolifat bayram qilayotgan bir paytda Asad oilasi bilan Moskvaga qochdi va boshpana oldi. Berlinning Rossiya va Yevrosiyoni o‘rganuvchi Karnegi markazining katta ilmiy xodimi Aleksandr Baunov Putin shu qadar Ukrainaga o‘ralashib qolgani va Suriya yo‘qotilishini bamaylixotir qabul qilayotganini tushuntirib berdi.

Asad rejimi qulashi – boshlanganiga 10 yildan ortiq vaqt o‘tgan «arab bahori»ni yakunlab berdi. Agar Asad Ibn Ali (Tunis), Husniy Muborak (Misr) va Muammar Qazzofiy (Liviya) bilan birga yutqazganida bu uning o‘z rejimi ojizligini ko‘rsatgan bo‘lardi. Lekin u Rossiya Eron bilan birga g‘arb hukumatlarining xohishiga qarshi o‘laroq, unga hokimiyatini saqlashga yordam berganidan so‘ng ma’lum vaqt o‘tib baribir quladi. Bunday kechikkan tanazzul Rossiya va Eronning zaifligi sifatida qabul qilinmasligi mumkin emas.

Putinda ham endi o‘z «Afg‘onistoni» bor, ammo uni qo‘rqitadigan ko‘rinishda emas. 2015 yilda u o‘z qo‘shinlarini Suriyaga yuborayotganda, unga butun sunniy olami bilan dushmanchilik va sovet ittifoqining Afg‘onistondagi tajribasini takrorlash xavfi aytilgan edi — SSSR Afg‘onistonda o‘ralashib qolgan, odamlarini yo‘qotgan va oxir-oqibat o‘zi ham zaiflashgan edi. Ammo Suriya Rossiya uchun ko‘proq Amerika Afg‘onistoniga o‘xshash bo‘lib chiqdi. Avval tezkor harbiy zafarga erishildi, qo‘llab-quvvatlanayotgan rejim mustahkamlandi, keyinroq uning armiyasi tezda parchalanib ketdi. Rossiya Asad uchun yillar davomida egallab va saqlab kelgan narsalarni u bir sanoqli kunlar ichida yo‘qotdi.

Baydenning Afg‘onistoni bilan bog‘liq o‘xshashliklar — garchi AQSHning u yerdan chiqishi avvaldan e’lon qilingan bo‘lsa-da — Kreml uchun juda yoqimsiz bo‘lishi kerak. So‘nggi yillarda Kobuldan kelayotgan tasvirlar Amerika uchun noxush qiyoslashlar, hatto qo‘pol hazillarga sabab bo‘layotgan, undan-da yomoni, Ukrainaga qarshi harakatlarga o‘tish uchun imkoniyat yaratgan edi. AQSHning Afg‘onistondagi oshkora muvaffaqiyatsizligi Rossiya rahbariyatida amerikaliklar zaif va irodasiz, degan fikrni paydo qildi, ular jang qilish o‘rniga Kiyevdan o‘z ittifoqchilarini evakuatsiya qilishni afzal biladi, degan xulosaga kelishga sabab bo‘ldi. Endi Kreml tushunib yetmoqdaki, yangi Amerika ma’muriyati ruslarning «qo‘rqitish strategiyasi barbod bo‘lgani»ni kuzatmoqda va xulosa chiqarmoqda. Xuddi shu tarzda, ularning ortidan bu jarayonni ko‘p qutblilikning rossiyacha versiyasiga qo‘shilgan hukumatlar hamda global miqyosdagi ko‘pchilik ham kuzatmoqda.

Basharga ishongan Rossiya

Suriyadagi ittifoqchi rejim qulashi — Vladimir Putinning Ukrainadagi diqqat-e’tiborining ratsional siyosiy me’yori oshiqcha, to‘g‘rirog‘i, haddan ziyod ekanining yaqqol namunasidir. Buning uchun u hamma narsani qurbon qilishga tayyor, hattoki o‘zining avvalgi muvaffaqiyatlarini ham. Garchi Rossiya rejimi rahbariyati o‘zlarini mudom sovuqqon realistlar sifatida taqdim etishga intilib kelishayotgan bo‘lsa ham, Kremlda real siyosat o‘rnini allaqachon geosiyosat egallagan, uni esa, o‘z navbatida, Ukraina yo‘nalishidagi siyosat.

So‘nggi yillardagi eng yirik harbiy-siyosiy yutuq yo‘qotildi. Rossiya z tarixidagi uzoq xorijdagi kuch aralashuv bilan erishgan yagona muvaffaqiyatidan ayrildi. U yana jon-jahdi bilan o‘zining sobiq chegaralari atrofida, jahon savdo yo‘llaridan yiroqda kurashayotgan davlatga aylandi, aftidan, Kremlda bu hol hech kimni tashvishlantirmayapti. Faqat jahonni bo‘lib olish va rus quroli shuhratiga qayg‘uradigan harbiy blogerlargina tashvishda va xafa. Chunki Palmirani saqlab qolish, Moskvaga tarixan do‘stona hukumatni va Sharq nasroniylarini qutqarish, rangli inqiloblarni to‘xtatish, rus quroli bilan jahondagi barcha terrorchilarni yo‘q qilish ustiga dabdabali propagandistik kampaniyalar, paradlar va konsertlar uyushtirilgan edi. Ma’lum bo‘lishicha, tashlab ketilmaydigan o‘zinikilar va tashlab ketsa bo‘ladigan begona o‘zinikilar bor ekan. Endi ular orasidagi chegara qayerdan o‘tadi?

T-55 tanki Suriyadan boshqa o‘ljalar bilan birga G‘alaba kunigacha poytaxtga yetib kelishi uchun Moskva—Vladivostok—Moskva yo‘nalishi bo‘ylab otlanmoqda. 2019 yil 23 fevrali. Foto: Aleksandr Zemlyanichenko / AP
Hozirgi Putin Ukrainaga diqqat-e’tiborini shu qadar jamlaganki, o‘z chegaralaridan uzoqdagi yakkayu-yagona harbiy-siyosiy muvaffaqitga ham beparvoligicha qolmoqda. Kelib chiqishidan lokal mojaro hisoblanadigan Ukrainadagi urush barchasini chetga surib, global miqyosdagi urushga aylandi. Suriya muhim emas, hech narsa muhim emas, chunki barchasi, jumladan, Rossiyaning taqdiri Xerson va Vovchansk ostonalarida hal bo‘lmoqda.

Rasmiy spikerlar esa bularning barchasi boshliqning vakolatida ekanini anglagancha, sukut saqlashmoqda. Natijada, Rossiya azaldan va chuqur aloqador bo‘lgan jahondagi muhim bir voqea izohsiz qolmoqda. Hattoki Eron sodir bo‘lgan voqealarga nisbatan o‘z taxminlarini ilgari surayotgan bir paytda, Rossiyaning o‘ng‘aysiz pauzasi Prigojin isyoni kunidagidek, tayyorgarlik va ishonch yo‘qligi taassurotini uyg‘otmoqda.

Ukraina urushiga tikilgan dov shu qadar yuqoriki, bu Rossiyaning tarixiy revanshi, uning zero‘si, bor yoki yo‘q bo‘lishidek ko‘rinmoqda. Ukraina urushidagi potensial g‘alaba global ko‘pchilikning eski jahon elitasiga qarshi kurashdagi zafari sifatida taqdim etiladi: shundan so‘ng Suriya ham, Gurjiston ham, umuman istagan narsa bo‘ladi, deyilayotgandi. Endi esa, Suriyadagi qulashdan so‘ng Ukrainada g‘alaba qozonishdan o‘zga chora yo‘q. Shu sababli, Suriyadan qochish Ukraina uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri yengillik bo‘la olmaydi.

Rossiya g‘alabasi obrazi hamon juda shuvashgan holda taqdim etilmoqda, shu sababli Ukrainadagi juda cheklangan va lokal muvaffaqiyat ham uzoq kutilgan va umumqamrovli sifatida taqdim etilishi mumkin. Lekin faqat ichki auditoriya uchun. Jahonning ko‘pchilik davlatlarini o‘z aholisini ishontirgani kabi osongina ishontirish qiyin, ayniqsa Damashq qo‘ldan boy berilgach. O‘z chegaralaridan uzoqda ham kuchli ekanini yana isbotlashga to‘g‘ri keladi.

Suriya Ukrainasi

Rossiyaning Suriyaga harbiy intervensiyasi syujeti avval boshdan Ukrainaniki bilan bog‘liq edi. «Arab bahori» Rossiyada Kiyevdagi Maydanning davomi, ya’ni Rossiya rejimini o‘zgartirish repititsiyasi sifatida taqdim etib kelingan. «Arab bahori»ni kuch bilan to‘xtatish — xavf hali uzoqdaligida bunday ssenariyga to‘siq qo‘yish yanglig‘ edi.

Putinning xuddi qilich yutgandek kamgap, hissiyotlardan xoli Asad bilan uchrashuvlari doim sovuqqina o‘tgan. Putinning ko‘pgina g‘arb yetakchilari, jumladan, ob-havodek o‘zgarib turadigan Erdo‘g‘an bilan uchrashuvlari ham iliqroq o‘tardi. Bu o‘zining do‘stiga yordam emas, sof geosiyosiy biznes — G‘arbga yoqmagan rejimlarni o‘zgartirish to‘lqinini to‘xtatishga urinish, Suriyada ham Liviyadagidek bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik edi. Qazzofiy uchun, sal keyinroq Yanukovich uchun o‘ch olish edi.

Qazzofiy va Yanukovich taqdiri alal-oqibatda Rossiya rejimi yetib kelgan shakl uchun nihoyatda muhim. Qazzofiy yadroviy dasturdan voz kechdi, teraktda ayblanayotganlarni g‘arbga ushlab berdi, terakt qurbonlari uchun to‘lov qildi va mamlakatga xorijiy kompaniyalarni kiritdi. Lekin dastlabki jiddiy qiyinchiliklar chog‘ida uni o‘ldirishga qo‘yib berishdi. Yanukovichni esa muxolifat va ularning g‘arbdagi ittifoqchilari bilan sulh shartnomasi imzolagani hamono ag‘darishdi. Uning qochishini sharhlar ekan, Putin bir necha bor uni o‘ldirmoqchi bo‘lishganini, G‘arb esa buni indamay qabul qilganini aytgan. G‘arb bilan munosabatlarda bir necha bor ikkilangan Rossiya yetakchilari bunday holatlarni o‘z tanasida sinab ko‘rgan. Qazzofiy va Yanukovich taqdiri sovet ittifoqi tarqalishi bilan bog‘liq holatdan ham ko‘ra prinsipsiz va ayyorona ko‘ringan. Asadni himoyalashda Medvedev qo‘li bilan Liviya umumiy dushmanga topshirilgani uchun aybni yuvish tusi ham bor edi.

Shu sababli Suriyaga yordam ham birdaniga emas, 2014 yilda — Ukraina yutqaza boshlagach (uning ayrim hududlari egallanganidan so‘ng) kela boshlagan, Asad esa Moskvaning xohishlariga ters o‘laroq Yanukovichda bo‘lmagan muxolifatga nisbatan qarshilik va shafqatsizlikka iroda namoyish etdi. Keyinroq Lukashenko ana shunday sifatlarni namoyon etdi va Kremldagi ikkilanishlarga chek qo‘ydi.

Rossiya qo‘shinlari Suriyaga jo‘natilishi va Ukrainadagi voqealar debochasi o‘rtasida yana bir boshqa, jiddiyroq sabab ham bor edi. 2014 yilda yadroviy barqudrat davlat tomonidan o‘zi xalqaro chegaralarini tan olgan qo‘shni davlat yerlari anneksiya qilinishi, o‘zga davlat hududiga shoshilinch tayyorgarlikdan o‘tgan va hech narsa bilan maskirovka qilinmagan qo‘shinlarini jo‘natishi, uchinchi davlat fuqarolik samolyoti jangovar raketa bilan urib tushirilishi, sanksiyalar va aksilsanksiyalar — bularning barchasi Rossiyani tashqi siyosiy me’yor sohasidan, odatiy va xatti-harakatlarini oldindan aytsa bo‘ladigan davlatlar doirasidan chiqardi.

Garchi Putin g‘arblik yetakchilar bilan Minsk muzokaralarida birga o‘tirgan, ular bilan Normand formatlarida qatnashgan, «yigirmatalik» yig‘ilishlariga kelgan bo‘lsa-da, Rossiya g‘arb yo‘nalishida misli ko‘rilmagan izolyatsiyaga tushib qoldi, sharq va janub esa unga bir narsani kutgandek taajjub bilan tikilib turardi. Qrim anneksiya qilingach, Rossiya zudlik bilan «katta sakkizlik»dan tepildi. Avstraliyaning Brisben shahrida o‘tgan «yigirmatalik» yig‘ilishiga bora turib, qo‘llov istab Xitoyga kirib o‘tdi, keyin baribir Brisbendan ertaroq ketishga majbur bo‘ldi — chunki u yerda yakkalanib qolgandi. O‘shanda Rossiya diplomatiyasi hozirga kelib asosiyga aylangan vazifasiga kirishdi — Rossiya hech qanaqasiga izolyatsiyada emasligi, hech kim undan yuz o‘girmagani, hammasi avvvalgidek, hattoki yaxshiroq ekanini isbotlash bilan mashg‘ul.

G‘arb bilan munosabatlarda «katta sakkizlik»ning keng kun tartibi muhokamasidan lokal mojaro mavzusigacha tushish – Moskva uchun tor va noqulay yo‘l, global elita safidan chiqib, istalmas davlat roli esa – uning uchun xos emasdi. Suriyaga qo‘shin jo‘natish rasmiy Moskvaga Ukraina sahifasini yopib, G‘arb bilan munosabatlarni «Qrim—Donbass—Boing» tor koridoridan doirasidan kengroq maydonga olib chiqish imkoniyatini taqdim etdi.

2015 yilda Suriyada Putin G‘arbni umumiy dushmanga qarshi urushda qatnashish fakti bilan yuzma-yuz qildi. Ittifoqchilikni taklif etish va shu orqali yaqinlashish taktikasi, avvaldan Putinning o‘zi tomonidan — u 11 sentyabr teraktlarida Bushga eng birinchilardan bo‘lib hamdardlik bildirgan chog‘larda tanlangan. Dushmanning umumiyligi o‘xshashlik doirasida, institutlar va qadriyatlar bazasida emas, xuddi ikkinchi jahon urushi davridagi — har bir tomon ittifoqchini u xoh mustamlakachi imperiya, xoh dohiy yetakchilik qilayotgan totalitar repressiv diktatura bo‘lsin, boridek qabul qilishga tayyor bo‘lgan davrlardagidek yaqinlashuv doirasini yaratardi.

Harbiy xizmatchilar Suriyaning shimoli-g‘arbiy qismidagi Rossiyaning Hmaymim aviabazasida. 2015 yil 16 dekabr.
Foto: Paul Gypteau / AFP

Aynan shunday ittifoqchilik Stalin SSSRiga g‘arb barqudrat davlatlari bilan dunyoni bo‘lib olishga yo‘l ochgan va Moskva geosiyosiy cho‘qqiga chiqishi uchun debocha bo‘lgan. Zamonaviy Rossiya qandaydir yo‘l bilan uni takrorlamoqchi bo‘ldi. Umumiy dushman sifatida Putin G‘arbga eng avvalo dindorlarni — chechen jangarilari va toliblardan tortib, «Al-Qoida» va ISHIDgacha, shuningdek, Somali qaroqchilari, iqlimiy tahdidlar va hattoki kovidni taklif qilib ko‘rdi. Barbod bo‘lishga mahkum bo‘lgan Sharqiy Yevropada natsizmni reabilitatsiya qilishga birgalikda qarshi kurashishga ham urinib ko‘rish bo‘ldi.

Suriyada esa Rossiyaning umumiy kurash taklifi qisman ishladi. Rossiyaning Suriyadagi harbiy ishtiroki bu fuqarolik urushining boshqa tashqi qatnashchilariga nisbatan kechroq boshlandi va formal jihatdan ISHIDga qarshi qaratilgan edi, shu sababli Rossiya intervensiyasi Asad kimyoviy qurollardan foydalanganlikda, Rossiya aviatsiyasi esa Halab shahrini tartibsiz bombalaganlikda ayblanganidan so‘ng ham yangi sanksiyalar uchun sabab bo‘la olmadi.

G‘arb Rossiyadan ittifoqchilik to‘g‘risidagi taklifni qabul qilmadi, biroq umumiy yoki kesishayotgan dushmanga qarshi kurashayotganlik fakti qabul qilindi: harbiy kanallar bo‘yicha birgalikda harakat yo‘lga qo‘yildi, global darajada Rossiya faqat Ukrainadagi urush mavzusida gapiriladigan davlat bo‘lmay qoldi. Xullas, 2014 yilda toraygan ramkalarni kengaytirishga muvaffaq bo‘lindi.

Suriyaga qo‘shin jo‘natib, Putin uchta masalani yechayotgandi: Qrimdan keyingi izolyatsiyadan so‘ng ko‘zlanayotgan global darajaga chiqish, SSSR tarqalgach Moskva o‘z ta’sirini yo‘qotgan Yaqin Sharqqa qaytish va Rossiyani jahon xaritasida rejim almashtirilishini to‘xtatuvchi va o‘z ittifoqchisini jahonning istalgan nuqtasida qo‘llab-quvvatlay oladigan kuch sifatida taqdim etish.

Rossiya harbiylari Suriya shimolidagi Amuda shahrida patrullik qilmoqda. 2019 yil 24 oktyabr. Foto: Baderkhan Ahmad / AP
Suriyaga intervensiyaga qo‘shimcha ravishda Rossiya o‘zi uchun an’anaviy bo‘lgan, Yevropaning boshqa hukumatlari voz kechgan, sharq nasroniylari himoyachisi rolini o‘ziga qaytarayotgandi. 2012 yilda Kremlga qaytgach, Putin o‘z Rossiyasini ichki va tashqi bozorda Yevropadagi nasroniy qadriyatlarining so‘nggi yalovbardori sifatida sota boshladi, shu sababli «islomchilardan nasroniylarni asrash» roli unga juda zarur bo‘ldi. Bu rolni hattoki Rim papasi Fransisk ham qisman e’tirof etdi.

Asadni qo‘llab-quvvatlash zamirida Rossiya avval hech kuzatilmagan tarzda Eron bilan yaqinlashdi va ahyon-ahyonda Turkiya bilan janjallashib turdi: savdo sanksiyalari qo‘llash, elchi o‘ldirilishi va turklarning rus harbiy samolyotini urib tushirishi kabi voqealar to‘lqinida. Lekin ko‘plab prognozlarga ters o‘laroq, Rossiya Suriyaga Asad tomonda turib kirib kelishi mintaqaning sunniy davlatlari bilan mojaroga sabab bo‘lmadi. Turkiya bilan munosabatlardagi sho‘ng‘ishlar yuqorilash bilan o‘rin almashib turdi, Ko‘rfaz monarxiyalari bilan munosabatlarda esa sharqda kuchni hurmat qilisharkan, degan tezis mustahkamlandi. Endi esa, Suriyaga tikilgan dov qo‘ldan ketgach, Moskva u yerdagilar ojizlikni nechog‘lik hurmat qilishini ham tekshirib ko‘rishiga to‘g‘ri keladi.

Takliflar taqchilligi

Garchi bu termin nisbatan yangi bo‘lsa-da, Global janub bilan munosabatlar 2022 yilgacha Rossiyaning Suriyadagi muvaffaqiyatlariga asoslanib qurilgan edi. Jumladan, «Moskva o‘ziga do‘stona rejimni himoyalay oladi», degan qarash bilan.

Sovet davridan buyon o‘z hududidan tashqarida kuch proyeksiyasining birinchi va muvaffaqiyati Global Janub davlatlarida ham sezilmasdan qolmagandi. Rossiya hamon investor yoki ishlab chiqarish va texnologiya eksportchisi sifatida ishonchli ko‘rinmasdi, agar harbiy, energetika va yadroviy texnologiyalarning kichikroq to‘plami hisobga olinmasa. Lekin u o‘z qurolli kuchlari bilan rasman, shuningdek, xususiy harbiy kompaniyalar ko‘rinishida norasmiy ravishda o‘zini og‘ir vaznli xavfsizlik eksportchisi sifatida taqdim eta oldi.

Aynan shuning uchun Asad rejimi qulashi Rossiya uchun juda og‘riqli. Xavfsizlik eksporti va ittifoqchilar manfaati uchun qurolli kuchlar Yaqin Sharq yoki Afrikada undan so‘raladigan kam sonli tovarlardan biri edi. Boz ustiga, bu eksport ko‘pincha Suriyadagi Rossiya bazalariga tayanardi, endi ularning taqdiri noma’lum, xuddi Moskvaning Afrikadagi ishlari logistikasi ham noma’lum qolib ketgani kabi.

Asad rejimi tanazzuli Rossiya taklifining bir tomonlama ekaniga to‘g‘ridan to‘g‘ri bog‘liq. Bashar Asad o‘z karyerasini siyosiy va iqtisodiy islohotchi sifatida boshlagan, mamlakatini g‘arb kapitallari va investitsiyalari uchun ochgan, Rossiya ularning o‘rnini bosa olmadi va iqtisodiy rivojlanishni yetkazib beruvchi rolini barbod qildi.

Suriya armiyasining harbiy jihatdan mag‘lubiyati ro‘yxati juda mantiqli ko‘rinadi. Rossiya Ukraina bilan urushga to‘liq sho‘ng‘ib ketgani uchun Asadga avvalgidek harbiy yordam ko‘rsata olmadi. «Hizbulloh» Isroil bilan urushda yaralandi. Suriyaning Idlib viloyatidagi Asadga qarshi kuchlar tinchlik davridan qayta qurollanish va tayyorgarlik ko‘rish uchun foydalandi, jumladan dronlarni qo‘llashni o‘rganishdi.

Lekin ko‘pgina holatlarda Suriya armiyasi jangni yutqazmagan, shunchaki jangni qabul qilmagani ko‘rinib turibdi. Ya’ni, mag‘lubiyat sabablari jangovar tayyorgarlik emas, siyosiy. Ehtimol shu sababli Eron o‘z ittifoqchisiga quruqlikdagi qo‘shinlarni yordamga jo‘natishga shoshmadi. Tehron yordam uchun zarur qat’iyat yo‘qligiga guvoh bo‘ldi. Zero, ittifoqchi bilan birgalikda jang qilish mumkin, biroq, uning o‘rniga jang qilib bo‘lmaydi.

Suriyadagi voqealar Rossiyaning Global Janub davlatlari bilan munosabatlaridagi asosiy muammoni yuzaga chiqardi. Rossiyaning takliflari faqat xavfsizlik sohasi bilan cheklangan, biroq hattoki shu eksport resursi ham yetarli emas ekan. Masalan, Rossiya bir vaqtning o‘zida ikkita fronda samarali harakat qila olmasligi oydinlashdi.

Biroq, eng asosiysi — Rossiya do‘stona davlatning hududlarini kuch ishlatib siyosiy nazorat qaytarib olib bera olishi mumkin, lekin hayot va rivojlanish uchun hech narsa qilib berolmaydi. Eron va Rossiya birgalikda jang qilib qaytarib olingan olingan hududlarda mahalliy aholini Damashq nazoratiga qaytganidan xursand qila oluvchi hech narsa ro‘y bergani yo‘q. Hukumat va alohida jamoatchilik binolari qayta tiklanishi, harbiy shaharchalar qurilishi qudratga to‘la korrupsiyalashgan kuchishlatarlar bosimi bilan gumanitar falokat yoqasida qolgan millionlab insonlar hayoti umumiy manzarasini o‘zgartira olgani yo‘q.

Suriya fuqarolik urushi boshlanishi hamono o‘zi qulagan iqtisodiy jarlikdan chiqib ketolmadi, garchi bunda faqat hukumatning aybi bo‘lmasa ham. Aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot 3000 dollardan 1000 dollardan ham pastroqqa tushdi, ancha vaqt shu raqam atrofida tebranib turib, kovid epidemiyasidan so‘ng 500 dollargacha sho‘ng‘idi. Iqtisodiy o‘sish ham shu ahvolda — fuqarolik urushining dastlabki yillarida tanazzul 50 foizni tashkil etgan, so‘ngra kichikroq o‘sishlar ro‘y berib, ular keyingi yilllardagi tanazzullar bilan yo‘q qilingan, 2020 yildan so‘ng falokatli tarzda pastga sho‘ng‘ish ro‘y bergan.

Turkiya shafeligi ostida guruhlar tomonidan boshqarilib kelgan Idlib viloyatidagi hayot rasmiy hukumat nazorati ostidagi hududlarga nisbatan ancha yaxshiroq edi. Idlibda elektr ta’minoti, benzin va suv bor edi, oziq-ovqatlar bilan bog‘liq muamolar yo‘q edi. Albatta, Idlib Halabdek vayron bo‘lmagan, aholisi ham «Katta Suriya»ga nisbatan karrasiga kamroq, Turkiya ham undan vitrina yasashga urinib kelgan, biroq bu farqni suriyaliklar payqamasligi mumkin emasdi.

Suriyalik ayol Halabning eski shahar qismiga qarab turibdi. 2019 yilning 13 apreli. Foto: Omar Sanadiki / Reuters
Turkiya Idlibni rivojlantirar ekan, Halabda turg‘unlik va korrupsiya hukmron edi. Rossiyaning rasmiy Suriya bilan tovar aylanmasi Turkiyaning Asad raqiblari nazorati ostidagi hududlar bilan aylanmasidan ham pastroq edi. Hattoki Putinning 2021 yilgi g‘alaba nutqida 203 mln dollardek arzimas summa tilga olingan.

Rossiya yoki Eron o‘z ittifoqchilarining iqtisodiy o‘sishi uchun harakatga keltiruvchi kuch bo‘lib bera olmagani yetmaganidek, bunga boshqalarni ham jalb qila olishmadi. Ko‘rfaz davlatlari, Hindiston yoki Xitoy kabi davlatlarning investorlari Rossiya yoki Eron xavfsizlik kafolati ostida Suriyaga kirishni istashmadi.

O‘z navbatida, sunniy islomiy kuchlar o‘z xatolarini to‘g‘rilash uchun ma’lum bir ishlarni amalga oshirishdi. Bu guruhlar Suriyaning alaviylar va nasroniylardan iborat aholisi bilan munosabatlarda o‘zlarini ISHIDga nisbatan yaxshiroq tutishmasdi. Ko‘p konfessiyali Damashq, Homsning alaviylardan iborat etnik ozchiligi va O‘rta Yer dengizi sohilidagilar bunday holatda alaviy Asadning politsiyacha, biroq dunyoviy diktaturasini ma’qul ko‘rishardi. Endi esa muxolifatchilar diniy ozchiliklar vakillarini tinchlantirishmoqda va cherkovlarni ham qo‘riqlashmoqda.

Bundan nima kelib chiqishi hozircha ma’lum emas. Kreml propagandasi islomiy Eronni diniy mushtaraklik va konfessiyalararo tinchlik namunasi sifatida keltirmoqda, jumladan, mahalliy nasroniylar uchun ham. Masalan, Moskvada ham, G‘arbda ham ayni paytdagi toliblar avvalgilarining zamonaviylashgan versiyasi ekanini tan olishadi.

Durbinlarni tozalash

Asad rejimi qulashi yoki Rossiya O‘rta Yer dengizidagi bazalarini yo‘qotishi mamlakat uchun qayg‘uli, lekin halokatli bo‘lmaydi. Rossiya o‘z tarixida harbiy ittifoqlarini, dunyo bo‘ylab qator bazalari va ittifoqchilarini, shuningdek, o‘z hududlarining katta qismini yo‘qotgan holda ham omon qolgan. Putin ayni paytda Ukraina bilan mashg‘ul, Rossiya rahbariyati uchun esa Suriyadagi g‘alabalar o‘tmishga aylangan, ayniqsa, favqulodda erkatoylikni tark etgan Shoygu, Surovikin va yo‘q qilingan Prigojin bilan birga.

Rossiya fuqarolari Suriya ekspeditsiyasiga doimo ehtiyotkor va beparvo munosabatda bo‘lishgan. Suriyaga intervensiya haqidagi xabarlar Rossiya maxsus harbiy amaliyotidan g‘alaba kutuvchi kayfiyatni shakllantirishga yordam berdi. Bu yuqori texnologiyali g‘alaba qayerdadir uzoqda ro‘y berishi, faxrlanish uchun sabab bo‘lishi kerak edi, qurbonlar yoki havaskorlarning ishtiroki talab qilinmas edi go‘yo. Aslida, hammasi teskari bo‘lib chiqqanda, uzoq Suriyadagi yutuqlar Ukraina urushidagi achchiq haqiqatga yoqimsiz kontrast bo‘lib qoldi va yaqinginada zarur bo‘lgan kuchlarning uzoqda ushlab turilishiga nisbatan eslatmaga aylandi.

Biroq tashqi dunyodagi professional kuzatuvchilar va mahalliy elita Rossiya maxsus xizmatlarining yana bir muvaffaqiyatsizligini qayd etishadi: avvaliga Ukraina qarshilik ko‘rsatishga tayyor ekani ularni hayratda qoldirdi, so‘ngra Prigojinning isyoni, undan keyin Kursk oblastiga hujum va endi Suriya tezda qo‘ldan boy berilishi. Holbuki, hozirgi Rossiya turli sohalarda maxsus xizmatlarning bevosita ishtiroki bilan boshqarilmoqda. Agar ular bu sohalarda ham xuddi shunday samarasiz bo‘lsa-chi?

Rossiya, Eron va Global Janubning boshqa qator davlatlari hukumatlari Amerika harbiy intervensiyalarini, uzoqdan kelgan, mahalliy nozik masalalardan xabari yo‘q savodsiz bosqinchilar deya ayblab, shu sababli kelgan joylarida barqaror rejimlar yoki samarali kuchishlatar tuzilmalar tuzolmaydi, deyishgan. Ammo Yaqin Sharqda an’anaviy rolga ega Rossiya yoki Eron kabi mintaqaviy nozik masalalarnida chuqur tushunadigan davlatlar ham bu borada shunday muvaffaqiyatsiz ekani ayon bo‘lmoqda.

Rossiyaning Ukraina bilan urushga o‘ta diqqat jamlashi Putin va Rossiya aholisiga Suriya kampaniyasi bilan bog‘liq ko‘plab noxush savollardan chetlab o‘tishga yordam beradi: sarflangan resurslardan tortib, go‘yoki Yaqin Sharqda qo‘lga kiritilgan jangovar tajribagacha. Agar dunyo taqdiri Don va Dnipro daryolari o‘rtasida hal bo‘layotgan bo‘lsa, demak, Suriyaning kelajagi ham o‘sha yerda hal bo‘ladi. Ammo Rossiyada bu qarash qabul qilinsa, Global Janub davlatlarini bu fikrga ishontirish qiyin. Ular uchun Ukrainadagi urush uzoqdagi yevropacha mojaro, unga «alohida ahamiyatga ega bo‘lmagan», deb qarashga o‘rganib qolgan. Shu sabab ular sanksiyalarga qo‘shilmayapti va mojaro tomonlaridan birining tarafiga o‘tishmayapti.

Rossiyaning Suriyadagi ittifoqchisi bu qadar tez qulashi Global Janub mamlakatlarini o‘z durbini ko‘zini artishga majbur qilmoqda. Damashq mahv etilishiga Markaziy Osiyo hukmdorlari ko‘zi bilan ham qarash yetarli, chunki bu yerda ham Rossiya o‘zini siyosiy barqarorlikning o‘zgarmas kafolati sifatida taqdim etadi. Bu o‘zgarish nechog‘lik uzoq muddatli va ortga qaytmas ekanini aytish hozircha qiyin, ammo bu Rossiya Ukrainaga bosqin qilish bilan singdirmoqchi bo‘lgan yo‘nalishning g‘irt teskarisidir.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Rossiya nega Suriyani boy berdi? Asad rejimi qulashining asosiy sabablari...