date

Vahshiy qotillik:Qozog‘istonda rashk fojiasi to‘rt farzandni yetim qoldirdi

Vahshiy qotillik:Qozog‘istonda rashk fojiasi to‘rt farzandni yetim qoldirdi

Qozog‘istonning Turkiston viloyati, Qoramurt qishlog‘ida hammani titratgan vahshiy qotillik sodir bo‘ldi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 45 yoshli erkak 14 yildan beri birga yashab kelgan rafiqasini rashk tufayli shafqatsizlarcha o‘ldirgan. Shundan so‘ng esa u o‘z joniga qasd qilgan.

Eng dahshatli jihati — ertalab maktabga tayyorlanayotgan 13 yoshli qizaloq o‘z onasining qonga belangan jasadiga duch kelgan. Ayolning tanasi uy hovlisida yotgan bo‘lib, shunchalik kaltaklangan ediki, qarindoshlari uni darhol taniy olishmagan. Qizaloqning qichqirig‘idan qo‘shnilar uyga yugurib kelib, dahshatli manzaraga guvoh bo‘lishgan.

Tez orada otaning jasadi ham topildi. Ma’lum bo‘lishicha, u hojatxonada o‘zini osgan va o‘zining so‘nggi audiyozuvini qoldirgan. Ushbu yozuvda erkak xotinini xiyonatda gumon qilib, rashk tufayli qotillik sodir etganini aytgan.

Yaqinlari ta’kidlashicha, janjal kechasi boshlangan va ertalabgacha davom etgan. Erkakning doimiy ishi bo‘lmagan, rafiqasi esa tug‘ruq ta’tilida uyda bo‘lgan. Ular to‘rt farzandni tarbiyalab kelayotgan edilar. Kattasi 13 yoshda, kenjasi esa 3 yoshda. Bolalardan biri nogironligi sababli maxsus parvarishga muhtoj.

Hozirda politsiya tergov harakatlarini olib bormoqda. Turkiston viloyati ichki ishlar boshqarmasi dastlabki ma’lumotlarni tasdiqlab, «mahalliy erkak turmush o‘rtog‘iga og‘ir tan jarohatlari yetkazgan, ayol shu sababli vafot etgan. Shundan so‘ng u audiyozuv qoldirib, o‘z joniga qasd qilgan» deya ma’lum qildi.

Fojiadan keyin bolalar vaqtincha bolalar uyiga joylashtirildi. Hozirda ularning kelgusida qaysi qarindoshlari qamqovligiga olinishi masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Qo‘shnilar va yaqinlari bu oilaning moddiy ahvoli og‘ir bo‘lganini, erkakda ish yo‘qligini va oilada muntazam janjallar kuzatilganini aytishmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Vahshiy qotillik:Qozog‘istonda rashk fojiasi to‘rt farzandni yetim qoldirdi