Qozog‘iston rahbari Qosim-Jo‘mart To‘qayev Angliyaning Liverpul shahrida bo‘lib o‘tayotgan World Boxing tashkiloti tashabbusi ostidagi kattalar o‘rtasidagi jahon chempionati-2025da yuksak natijaga erishgan milliy terma jamoa vakillariga samimiy tabrik yo‘lladi.
Oq O‘rdaning rasmiy xabariga ko‘ra, davlat rahbari Sanjar Tashkenbay va Mahmud Sobirxonning oltin medal egallaganini alohida e’tirof etdi. Shuningdek, Nazim Qizaybayning kumush medalga ega chiqqani ham yuksak baholandi. Prezident finalga yo‘l olgan barcha qozog‘istonlik sportchilarga kuch-quvvat, sabr va g‘alabalar tiladi.
E’tiborlisi, jahon chempionatida Qozog‘iston delegatsiyasi jami sakkiz nafar bokschi bilan final bosqichigacha yetdi. Ulardan ikki nafar sportchi oltin medalni qo‘lga kiritdi. Bu natija Qozog‘iston boks maktabi uchun muhim bosqich sifatida qayd etildi.
Qayd etish kerakki, Liverpuldagi mazkur musobaqa jahon boksining eng nufuzli turnirlaridan biri bo‘lib, u sportchilardan jismoniy tayyorgarlik, ruhiy barqarorlik va irodani talab etadi. Qozog‘istonlik bokschilarning ushbu musobaqadagi muvaffaqiyati mamlakat sport tarixida yana bir yorqin sahifa bo‘lib qolishi shubhasiz.
Bu g‘alabalar nafaqat chempionlik medallari, balki yosh avlod uchun ham katta ilhom va motivatsiya bo‘lib xizmat qiladi. Qozog‘iston sportchilari bu bilan o‘z mamlakatining sharafini yuksaltirishda yana bir qadam tashlashdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!