16:01 / 13.02.2025
264

Ukrainadagi urush tugashining 3 xil stsenariysi

Ukrainadagi urush tugashining 3 xil stsenariysi
AQSh prezidenti Donald Tramp va rossiyalik hamkasbi Vladimir Putin tinchlik muzokaralarini boshlash haqidagi kelishuv fonida, Ukrainadagi urushning 3 xil tugash stsenariysi koʻrib chiqildi. Bu haqda Bloomberg agentligiga tayanib Daryo xabar berdi.

Foto: Atlantic Counsil
Agentlik tahlilchilari Rossiya va Ukraina oʻrtasidagi diplomatik kelishuvga asos boʻlishi mumkin boʻlgan uchta variantni tasvirladi:

Asosiy va eng ehtimoliy stsenariyga koʻra, Rossiya tomonidan egallab olingan hududlar yaqin kelajakda Rossiya nazorati ostida va “noaniq holatda” qoladi. Ba'zi hududlarni almashish imkoniyati mavjud, masalan, Ukraina armiyasi tomonidan egallab olingan Kursk viloyatining bir qismini.

Ukraina ba'zi xavfsizlik kafolatlarini oladi, biroq ularning kuchi muzokaralar jarayonida belgilanadi. Ammo Ukrainaning NATOga a'zo boʻlishi kun tartibida yoʻqligi sababli, majburiyatlarning bajarilishi siyosatchilarning qarorlariga bogʻliq boʻladi.

"Evropa oʻzining mudofaa imkoniyatlarini oshirguncha, AQShni ma'lum vaqt davomida Kiyevga yordam berishga undashi mumkin", deyiladi prognozda.

Ukraina uchun ideal stsenariyda Rossiya kelishuv shartlarini buzsa, AQSh va Evropa aralashish majburiyatini oladi, biroq Moskva bilan toʻgʻridan toʻgʻri toʻqnashuv tahdidi hatto Kiyevning eng sodiq tarafdorlarini ham xavotirga solmoqda.

Tahlilchilar prognoziga koʻra, Gʻarb Ukrainaga harbiy yordamni kuchaytirish, Rossiyaga qarshi sanktsiyalarni kuchaytirish, Ukraina sanoatini rivojlantirish va uning armiyasini modernizatsiya qilishga koʻmaklashishni va'da qilishi mumkin. Bu esa Kiyevning Evropa ittifoqiga a'zo boʻlishiga yordam beradi.

Kiyev uchun dahshatli variant shuki, oʻt ochishni toʻxtatishdan oldin Tramp Ukraina kelajagiga qiziqishni yoʻqotadi, harbiy va moliyaviy yordamni toʻxtatadi, muammoni hal qilishni esa Evropa davlatlariga qoldiradi.

Bunday holda, kelishuv Ukraina suverenitetini saqlab qoladi, ammo Rossiya katta foyda koʻradi, masalan, Moskvaga yangi hududlar ustidan nazoratni ta'minlaydi va Ukrainaning NATOga kirishiga toʻsqinlik qiladi, deydi ekspertlar.

Ukrainani tiklash xarajatlari

Bloomberg hisob-kitoblariga koʻra, Ukrainaga harbiy harakatlardan zarar koʻrgan binolar va infratuzilmani tiklash uchun taxminan 230 milliard dollar kerak boʻladi. Biroq, hozirda Kiyevning ehtiyojlari va unga va'da qilingan mablagʻlar oʻrtasida 130 milliard dollarlik defitsit mavjud boʻlib, bu mamlakatning iqtisodiy tiklanishi va davlatning barqaror mavjudligiga tahdid solmoqda.

Evropaning eng yirik davlatlari uchun Ukrainani qoʻllab-quvvatlash va oʻz qurolli kuchlarini kuchaytirish yaqin oʻn yil ichida 3,1 trillion dollarga tushadi, deya hisoblaydi agentlik tahlilchilari.
Ukraina armiyasini tiklash oʻn yil ichida uning sulh vaqtidagi holati va qoʻriqlanishi kerak boʻlgan hudud maydoniga qarab taxminan 175 milliard dollarga tushishi mumkin. Xuddi shu davrda 40 ming tinchlikparvar kuchlarni joylashtirish uchun taxminan 30 milliard dollar kerak boʻladi.

"Bunday katta harbiy xarajatlar Evropa mamlakatlarini sogʻliqni saqlash, ijtimoiy kafolatlar va ta'limni moliyalashtirish boʻyicha murakkab tanlov oldida qoldiradi", deyiladi xabarda.

Evropadagi manbalar Tramp jamoasi a'zolarida Rossiya bilan muzokaralar olib borish tajribasi yoʻqligidan xavotirda, vaholanki, Rossiyaning yuqori martabali amaldorlari AQSh va Ukraina bilan oʻnlab yillar davomida aloqada boʻlgan, ba'zilari esa maxsus xizmatlarda tajribaga ega.

Ukrainaning urushni tugatish shartlari

Ukraina qoʻshinlarni 1991 yil chegaralariga olib chiqishni nazarda tutuvchi “tinchlik formulasi”ni amalga oshirishni talab qilmoqda. Gap 2014 va 2022 yillarda Rossiya tomonidan u erda oʻtkazilgan “referendumlar” va Ukrainaning Qrim, Donesk, Lugansk, Xerson va Zaporoje viloyatlari noqonuniy anneksiya qilingani haqida ketmoqda. Moskva “tinchlik formulasi” asosida muzokaralar olib borish imkoniyatini istisno qiladi.

Rossiya shartlari

Putin oʻt ochishni toʻxtatish uchun oʻz shartlarini ilgari surdi, jumladan, Ukraina qoʻshinlari oʻzini oʻzi mustaqil deb e'lon qilingan DXR, LXR, Xerson va Zaporoje viloyatlaridan olib chiqilishi, ushbu toʻrtta hudud va Qrim goʻyoki xalqaro miqyosda Rossiyaning bir qismi sifatida tan olinishi, Ukrainaning NATOga a'zolikdan voz kechishi va sanktsiyalarni olib tashlash. Zelenskiy bu taklifni “ishonib boʻlmaydigan” ultimatum deb atadi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo