
Isroil harbiy kuchlari 28 oktyabr seshanba kuni kechasi G‘azo hududini havodan vayron qildi. Mahalliy sog‘liqni saqlash idoralari ma’lumotlariga ko‘ra, zarbalar natijasida kamida 26 nafar fuqaro halok bo‘lgan. Ular orasida bolalar va ayollar ham borligi aytilmoqda. Reuters yozishicha, eng og‘ir holatlardan biri Bureyj qochqinlar lagerda kuzatilgan — bir uyga to‘g‘ridan to‘g‘ri bomba tashlanib, besh kishi halok bo‘lgan. Shuningdek, Sabra mahallasidagi binoda to‘rt kishi, Xon Yunus shahrida esa bir mashinada bo‘lgan besh kishi qurbon bo‘lgan.
Guvohlar aytishicha, zarbalar tong otguniga qadar davom etgan. Ko‘plab binolar vayron bo‘lgan, yordam guruhlari qurolsiz aholi orasida jabrlanuvchilarni izlashda davom etmoqda.
Hujumlar Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuni ofisidan chiqqan bayonot ortidan boshlangan. Unda “Isroil qudrati bilan javob qaytaradi” degan qat’iy so‘zlar aytilgan, ammo zarbaning aniq sababi ko‘rsatilmagan. Reuters manbalariga ko‘ra, Hamas kuchlari Isroilga tegishli bir qismidagi harbiylarga hujum qilgani aytilgan.
Hamas esa o‘z bayonotida hodisaga aloqasi yo‘qligini, Rafahdagi qurolli to‘qnashuvlar uning nazoratidan tashqari ekanini bildirgan. “Biz sulh shartlariga to‘liq amal qilyapmiz. Hozirgi hujumlar — tinchlik jarayonini izdan chiqarishga urinish”, — deyiladi guruhning bildiruvida. Ular vositachi davlatlarni Isroilga bosim o‘tkazishga chaqirgan.
Ayrim tahlilchilar bu hodisani Isroilning G‘azoga qarshi yangi harbiy bosqichni boshlash uchun bahona sifatida talqin qilmoqda. Ularga ko‘ra, oxirgi haftalardagi noaniq vaziyat Isroilga yangi zarbalar uchun “qonuniy sabab” yaratishga xizmat qilgan bo‘lishi mumkin.
Hujumlardan keyin AQSH prezidenti Donald Tramp ham munosabat bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, “sulh xavf ostida emas”, ammo Isroil “hujumga javob qaytarishga haqli”. “Agar isroillik askar o‘ldirilgan bo‘lsa, javob bo‘lishi tabiiy. Ular o‘zini himoya qilish huquqiga ega”, — dedi Tramp Air Force One bortidagi jurnalistlarga.
Trampning ta’kidlashicha, “Hamas Yaqin Sharqdagi tinchlik jarayonining kichik bir qismi xolos. Agar ular tinch bo‘lsa, yaxshi; bo‘lmasa, natija og‘ir bo‘ladi”.
G‘azoda 10-oktyabrdan buyon amal qilib kelayotgan sulh Amerika tomonidan qo‘llab-quvvatlangan edi. Bu kelishuv orqali har ikki tomon o‘t ochishni to‘xtatib, asirlar almashinuvi jarayonini boshlagan edi. Biroq so‘nggi kunlardagi portlashlar sulhning mo‘rtligini yana bir bor ko‘rsatdi.
Shu tariqa, G‘azo yana dunyoning e’tibor markazida. Har bir navbatdagi portlash nafaqat tinch aholi hayotini izdan chiqarayapti, balki Yaqin Sharqdagi barqarorlik umidlarini ham yana bir qadam orqaga surmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!