date

Sun’iy intellekt ensiklopediyasi: Mask Vikipediyaga raqobatchi yaratdi

Sun’iy intellekt ensiklopediyasi: Mask Vikipediyaga raqobatchi yaratdi

Ilon Mask yana bir novator loyiha bilan jamoatchilik diqqat markazida. Uning xAI startapi “Grokipedia” deb nomlangan yangi platforma ishga tushirgani haqida ma’lum qilindi. Yangi resurs “haqiqatga yo‘naltirilgan” sun’iy intellekt asosidagi onlayn ensiklopediya sifatida taqdim etilmoqda. Bu haqda Reuters xabar berdi.

Grokipedia — Vikipediyaga raqobatchi bo‘lishi kutilayotgan yangi axborot platformasi. Unda ma’lumotlarni tekshirish va tahrirlash jarayonini sun’iy intellekt bajaradi. Bu yondashuv an’anaviy ensiklopediyalardan farqli ravishda ma’lumotlarni tahlil qilish va baholashda yangi imkoniyatlar yaratadi.

xAI vakillariga ko‘ra, Grokipedia loyihasining asosiy maqsadi — “inson bilimlarini qayta ko‘rib chiqish” va ularni obyektiv faktlar asosida qayta taqdim etish. Biroq, ekspertlar ta’kidlashicha, platformadagi ba’zi materiallar Maskning shaxsiy siyosiy pozitsiyasini aks ettirishi mumkin. Masalan, Jorj Floyd ishi yoki iqlim o‘zgarishi kabi bahsli mavzulardagi ma’lumotlar Vikipediyadagi materiallardan keskin farq qiladi.

Tahlilchilarning aytishicha, Grokipedia kontentining bir qismi Vikipediyadan ko‘chirilgan bo‘lsa-da, platforma o‘z algoritmlari orqali ma’lumotni qayta ishlab, faktlar va manbalarni “intellektual filtr” orqali saralaydi. Bu esa ma’lumotning mazmuniga va uning qanday yoritilishiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Grokipedia’ning moderatsiya tizimi to‘liq sun’iy intellektga asoslangan bo‘lib, u ma’lumotlarni inson hissiyotisiz baholashga intiladi. Ammo bu usul, ayrim mutaxassislar fikricha, bahsli yondoshuvlarni ham keltirib chiqarishi mumkin.

Ilon Mask bu loyiha orqali axborot makonida “siyosiy ta’sirsiz haqiqat”ni ta’minlashni maqsad qilganini ta’kidlagan. Uning fikricha, sun’iy intellekt orqali moderatsiya odamlarning subyektiv yondashuvidan ko‘ra “obyektiv va xolis” ma’lumot berishi mumkin.

Hozircha Grokipedia sinov bosqichida bo‘lib, faqatgina cheklangan foydalanuvchilar uchun ochiq. Ammo xAI kompaniyasi yaqin oylarda platformani ommaviy ravishda ishga tushirishni rejalashtirmoqda.

Mutaxassislar bu loyihani internetdagi axborot manbalari o‘rtasidagi yangi raqobat davrining boshlanishi deb baholamoqda. Ularga ko‘ra, agar Grokipedia o‘zini xolis va ishonchli manba sifatida ko‘rsata olsa, Vikipediyaning dunyo miqyosidagi mavqeiga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Texno » Sun’iy intellekt ensiklopediyasi: Mask Vikipediyaga raqobatchi yaratdi