
AQSH va Xitoy vakillari Malayziyada o‘tgan ASEAN sammiti doirasida yangi savdo kelishuvi bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishdi. Muzokaralar natijasida tomonlar boj stavkalarini vaqtincha to‘xtatish va Xitoyning kamyob metallar eksportiga cheklovni bir yilga kechiktirishga rozi bo‘ldi.
AQSH moliya vaziri Skot Bessentning so‘zlariga ko‘ra, bu qaror Prezident Donald Trampning noyabr oyidan joriy etilishi kutilgan 100 foizlik bojlarini bekor qiladi. Shuningdek, Xitoy AQSHdan soya mahsulotlarini qayta sotib olishni boshlaydi.
Xitoy tomoni bu haqda ehtiyotkorona izoh berib, “dastlabki kelishuv” mavjudligini bildirdi. Vitse-premyer Xe Lifeng muzokaralar murosali ruhda o‘tganini, ammo yakuniy qaror ikki davlat rahbarlari uchrashuvidan so‘ng e’lon qilinishini ta’kidladi.
Tramp va Si Szinpin 31-oktabr kuni Janubiy Koreyada o‘tadigan Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy sammitida uchrashadi. Ular savdo bitimining asosiy shartlarini tasdiqlashi kutilmoqda.
Mutaxassislar fikricha, bu kelishuv AQSH va Xitoy o‘rtasidagi tarang savdo munosabatlarini yumshatishi, global bozorlar barqarorligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!