![AQSh vitse-prezidenti amerikalik harbiylarni Ukrainaga yuborish bilan tahdid qildi](/uploads/posts/2025-02/38204210c2_qdf_a7eynfuguh2jr_mj2tydk6c7rhuy.webp)
Foto: leah millis/Reuters
Agar Vladimir Putin Kiyevning uzoq muddatli mustaqilligini kafolatlaydigan tinchlik shartnomasiga rozi boʻlmasa, AQSh Rossiyaga qarshi sanktsiyalar qoʻllashi yoki oʻz qoʻshinlarini Ukrainaga yuborishi mumkinligini istisno qilmaydi, dedi AQSh vitse-prezidenti Jey Di Vens The Wall Street Journal nashriga bergan intervyusida.
«Iqtisodiy bosim richaglari bor, albatta, harbiy bosim richaglari ham bor», — dedi Vens. Uning soʻzlariga koʻra, agar Moskva muzokaralar olib borishdan bosh tortsa, AQSh qoʻshinlarini Ukrainaga yuborish varianti «kun tartibida» qoladi.
Vensning Ukrainaga AQSh qoʻshini yuborilishi mumkinligi haqidagi bayonoti Pentagon rahbari Pit Hegset Bryusselda Ukraina boʻyicha kontakt guruhi yigʻilishi vaqtida bunday ehtimolni istisno qilgani ortidan yangradi.
AQSh vitse-prezidenti jurnalistlar bilan suhbatda Donald Tramp va Vladimir Putinning muzokaralari natijasida «koʻpchilikni hayratda qoldiradigan bitim» tuzilishi mumkinligini bildirgan. Shu bilan birga, u Tramp muzokaralar davomida u yoki bu masalalar boʻyicha oʻz fikrini oʻzgartirishi mumkinligini ta'kidladi. Hozir uning ma'muriyatining maqsadi — Putinni diplomatiyada jang maydonidagidan koʻra koʻproq narsaga erishishiga ishontirishdir.
Vensning qoʻshimcha qilishicha, Ukrainaning qancha qismi Rossiya nazorati ostida qolishi yoki AQSh va boshqa Gʻarb davlatlari Kiyevga qanday xavfsizlik kafolatlarini taklif qilishi mumkinligi haqida gapirishga hali erta. Uning soʻzlariga koʻra, bu tafsilotlar tinchlik muzokaralari davomida ishlab chiqilishi kerak. «Koʻplab formulirovkalar, konfiguratsiyalar mavjud, ammo bizni Ukrainaning suveren mustaqilligi tashvishlantiradi», — degan vitse-prezident.
Bundan tashqari, Vens Ukraina boʻyicha muvaffaqiyatli tinchlik kelishuvidan keyin Rossiya bilan munosabatlarni qayta tiklashni taklif qildi. AQSh vitse-prezidentining fikricha, Moskvaning Gʻarb bozorlaridan hozirgi izolyatsiyasi uni «Pekinning kichik ukasi»ga aylantiradi.
The Wall Street Journal qayd etishicha, Jey Di Vens AQShning Rossiyaga nisbatan pozitsiyasini Pentagon rahbari Pit Hegsetga qaraganda qat'iyroq shaklda taqdim etgan. 12 fevral kuni Bryusselda Ukraina boʻyicha kontakt guruhi yigʻilishida Hegset yevropalik ittifoqchilar oldida nutq soʻzlab, Rossiya-Ukraina urushini tinch yoʻl bilan hal qilishda qilinishi mumkin boʻlgan yon berishlarga ishora qilgandi.
Xususan, Hegset Ukrainaning 2014 yilgacha boʻlgan chegaralariga qaytishini — «xayoliy maqsad» deb atab, Kiyev NATOga qoʻshilishi «mojaroni muzokaralar yoʻli bilan hal etishning real yakuni boʻlmasligi»ni bildirgandi. U shuningdek har qanday xavfsizlik kafolatida ham AQSh qoʻshini Ukrainaga yuborilishini istisno qilgandi.
Donald Tramp 12 fevral kuni avval Rossiya prezidenti Vladimir Putin, keyin esa — Volodimir Zelenskiy bilan telefon orqali muloqot qildi. Tramp urushni yakunlash boʻyicha muzokaralarni boshlashga kelishib olinganini ma'lum qildi. Financial Times ma'lumotiga koʻra, Tramp va Putin Ukrainada oʻt ochishni toʻxtatish boʻyicha kelishuvga aprel-may oylarida erishishni koʻzlamoqda.
Kremldagilar muzokaralarda «asosiy tomon — AQSh» ekani, shu bilan birga «ikkitomonlama Rossiya-Amerika treki»ga parallel ravishda Ukraina ham jalb etilgan muzokaralar oʻtkazilishini bildirdi. Zelenskiy esa Kiyev AQSh va Rossiya Ukraina ishtirokisiz tuzadigan kelishuvni qabul qilmasligini ma'lum qildi. U shuningdek muzokaralarda Evropa vakillari ham ishtirok etishi kerak deb hisoblamoqda. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
![arenda kvartira tashkent](/uploads/d5fb3f5cdf_bisyor_banner_1000x100.webp)
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar